AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktorini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktorini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatidan qaytishi bilanoq Toshkent xalqaro aeroportida mamlakatimizda tashrif bilan bo`lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o`zining 100 yillik faoliyati davomida jahonda ijtimoiy adolatni ilgari surish va mehnatkashlar huquqini ta`minlashga xizmat qilgan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlikni O`zbekiston yuksak qadrlashini alohida taxkidladi.

Mamlakatimiz 1992 yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining to`la huquqli a`zosidir. Bugungi kunga qadar tashkilotning 14 konvensiyasi, jumladan, 8 asosiy konvensiyasi ratifikasiya qilingan. 2017 yildan boshlab 2020 yilgacha bo`lgan davrga mo`ljallangan “Munosib mehnat bo`yicha mamlakat dasturi” amalga oshirilmoqda.

Ushbu dastur doirasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolarning mehnat huquqlaridan xabardorligini, huquqiy madaniyatini oshirish bo`yicha tadbirlar olib borilmoqda, mehnat qonunchiligini buzish holatlari yuzasidan tezkor chora ko`rishga qaratilgan muloqot mexanizmi yo`lga qo`yilmoqda.

Joriy yilda O`zbekistonda Xalqaro mehnat tashkilotining milliy koordinatori ofisi ochildi.

Uchrashuvda XMT bilan barcha masalalar, jumladan, yangi yo`nalishlar yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirish va sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ikki tomon ham tayyor ekani ta`kidlandi.

Gay Rayder davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni yuksak baholadi.

BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga hamohang amalga oshirilayotgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi alohida qayd etildi.

Mehmon mamlakatimiz mehnat qonunchiligi normalari xalqaro standartlar bilan uyg`unlashtirilayotgani, O`zbekiston ratifikasiya qilgan XMT konvensiyalarini 2018-2020 yillarda amalga oshirish bo`yicha “yo`l xaritasi” qabul qilinganiga yuksak baho berdi.

Toshkentda “Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida munosib bandlikni ta`minlash: xalqaro amaliyot va O`zbekiston tajribasi” xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o`tkazilgani samarali hamkorlikdan dalolat beradi.

Uchrashuvda sheriklikni yanada kengaytirish muloqotni faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratishiga, O`zbekistonda Bandlik milliy strategiyasini ishlab chiqishda XMT tajribasidan samarali foydalanishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tashkilot bilan uzoq muddatli hamkorlik bo`yicha “yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish, mamlakatimiz tomonidan XMT konvensiyalarini ratifikasiyadan o`tkazish ishlarini davom ettirish, mehnat munosabatlari sohasida mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, kasaba uyushmalari va Ish beruvchilar konfederasiyasi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida kelishuvlarga erishildi.

    Boshqa yangiliklar