AsosiySalomatlik

​Eskirgan baliq gijja paydo qiladi

'​Eskirgan baliq gijja paydo qiladi'ning rasmi

Shifokorlar baliq va baliq mahsulotlarining inson salomatligi uchun naqadar foydali ekanligini ko`p ta`kidlashadi. Ammo baliqdan tayorlanadigan eguliklar, konservalarning qay darajada foyda yoki zararliligini har doim ham bilavermaymiz. Ayniqsa, biz kattalar iste`mol qiladigan baliqlarning ayrimlari kichkintoylarga umumun mumkin emas. Mavzu yuzasidan dietolog Mariya Koroleva batafsil ma`lumot beradi.

Koni foyda egulik

Baliqni ko`p iste`mol qilish yurak hastaliklari paydo bo`lishi xavfini 30 foizga kamaytiradi. U o`zida vitamin, minerallar, ayniqsa temir, yod, magniy, fosfor, ruhni saqlaydi. Baliqning raxit, soch to`kilishi, buqoq, tishlarning kariesdan erta og`rib qolishi profilaktikasida eng foydali mahsulotlardan biri ekani allaqachon o`z isbotini topgan. Baliqli sho`rva esa yurak qon-tomir tizimini me`yorda saqlaydi, qon bosim xastaliklariga qarshi kurashishda qo`l keladi. Ayniqsa, ko`z nurini ravshan qilib, ko`z pardasini erta xiralashishdan asraydi.

Xarid qoidasi bilan tanishing

Baliq tanlayotganingizda uning katta-kichikligiga emas, balki tashqi ko`rinishiga ahamiyat qarating. Yangi tutilgan, sarhil baliqning et qismi oq yoki nimpushti, turiga qarab, qizil rangda bo`ladi. Baliqning tanasiga barmoq bilan bosib ko`ring, o`z holiga tez qaytsa, demak yangi keltirilgan. Eskirgan baliq hidi o`tkir, rangi sarg`ish va yashil tusda bo`ladi. Kuzlari ichiga botib, xiralashib ketgan bo`lsa, aslo xarid qilmang. Suvda uzoq qolgan baliqlarda zararli mikroelementlar rivojlangan bo`ladi, bu esa inson organizmida gijja va qurtlarning ko`payishiga olib keladi.Sovuq suvda yashovchi foydali moylarga boy baliqlar: losos, tunes, skumbriya, paltus, forel (omega-3 moyiga o`ta boy) ni ko`proq iste`mol qilishga odatlaning. Baliqlar asosan:

  • yod – yod tanqisligining oldini olib, immunitetni mustahlaydi;
  • temir - qon hosil qilishda yordam ko`rsatadi;
  • fosfor - tanada moddalar almashinuvi, miya faoliyatini yaxshilaydi;
  • kalsiy – suyak va mushaklarni mustahkamlashda asosiy o`rinni egallaydi.

Bizda asosan daryo balig`i iste`molda bo`lgani uchun zog`orabaliq (sazan), ilonbaliq, laqqabaliq, olabug`a, cho`rtanbaliq, bakra, tovonbaliq eyiladi. Dengiz va daryo baliqlarining asosiy qimmati ularning go`shti tarkibidagi yarim to`yingan omega-3 yog` kislotasi. Bu modda qondagi lipidlar va xolesterin miqdorini tartibga solib, aterosklerozning rivojlanishiga to`sqinlik qiladi. Bosh miya, yurak qon-tomirlar holatiga samarali ta`sir ko`rsatadi. Boshqa hayvon go`shtlariga nisbatan baliq go`shti 15 foiz miqdorda organizmda engil singib ketuvchi oqsil va mikroelemantlarga boy.

Ko`rish qobiliyati pasayganida...

Dietologlar baliqni parda yoki dimlab tayyorlashni tavsiya etadilar. Boisi qovurilgan ovqatlar tarkibida foydali mikroelementlar yo`qolib ketadi. Baliq moyi esa dorixonalarda darmondori sifatida sotiladi. Uning tarkibida aminokislotalar ko`p bo`lib, ular miya to`qimalarini oziqlantirish hususiyatiga ega. Baliq moyining asosiy tarkibi omega-3 yog` kislotalari bo`lib, go`dak va o`smirlarning aqliy rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu moy aritmiya, yurak ritmining buzilishi, revmatoid artrit (bo`g`imlarning yallig`lanishi) kabi kasalliklarda ham foydali sanaladi. Baliq moyi, shuningdek, quyidagi kasalliklarga qarshi kurashishda tavsiya etiladi:

  • tez-tez shamollaganda;
  • immunitet tanqisligida;
  • ko`rish qobiliyati pasayganda va xiralashganda;
  • bolalarda raxitni davolashda;
  • sochlar to`kilib, teri qurib, tirnoqlar sinuvchan bo`lib qolganda;
  • xotira va diqqatni jamlash qiyinlashganda;
  • depressiya holatida.

Vitamin va moylarni xarid qilishga imkoningiz bo`lmasa, zig`ir urug`ini maydalab, ovqat, qatiq yoki qatiq bilan aralashtirib iste`mol qilish mumkin. Chunki zig`ir urug`i tarkibida omega-3 mavjud.

Xavfi ham bor

Baliqning organizm uchun zararli taraflari ham bor. Buyrak va o`t pufagi xastaligi bor bemorlarga baliq va baliq yog`i taqiqlanadi. Baliq o`zida ko`plab darmondori saqlashi barobarida inson salomatligi uchun zararli simob kabi moddalarni ham yig`ib borishi mumkin. Shu bois baliq xarid qilayotganda yuqorida qayd etilgan tavsiyalarga amal qiling.

Shahlo Shirmuhamedova

    Boshqa yangiliklar