2018 yilda O`zbekistonning 10 ta muhim xalqaro tashabbusi to`liq amalga oshirildi, deb xabar bermoqda TIV.
Ular orasida, 15 martda Ostonada Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi Maslahatlashuv uchrashuvlarining o`tkazilishini, BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash bo`yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» (22 iyun) va BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma`rifat va diniy bag`rikenglik» (12 dekabr) rezolyusiyalarining qabul qilinishini alohida ta`kidlash mumkin. Ushbu formatdagi ikkinchi urashuv 2019 yilning aprelida Toshkentda bo`lib o`tadi.
O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o`tkazilgan Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi va davlat rahbari ilgari surgan Afg`oniston mojarosini hal etish va uni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb qilish bo`yicha takliflari keng miqyosda xalqaro e`tirofga sazovor bo`ldi.
6-10 sentyabr kunlari Shahrisabzda 70 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirokida birinchi Maqom san`ati xalqaro forumi bo`lib o`tdi. Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarining fikricha, ushbu forum jahon madaniyatining mulkiga aylangan noyob o`zbek milliy maqomini saqlash va rivojlantirishga katta hissa qo`shadi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Sindaoda (9 iyun) bo`lib o`tgan navbatdagi sammitida O`zbekiston Prezidentining taklifiga muvofiq ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qo`shma murojaati va uni amalga oshirish bo`yicha Harakatlar dasturi qabul qilindi. Tashkilotga a`zo davlatlar rahbarlari kengashi O`zbekiston Respublikasi vakili – V.Norovni ShHTning Bosh kotibi etib sayladi.
27 noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`psheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bag`ishlangan yuqori darajadagi tadbir bo`lib o`tdi.
Fondning asosiy vazifasi O`zbekiston, BMT va xalqaro hamjamiyatning sa`y-harakatlarini birlashtirish, texnik-moliyaviy resurslarni safarbar etish, mintaqaga innovasion texnologiyalarni jalb qilish orqali Orolbo`yi hududini rivojlantirishga ko`maklashishdan iborat.
2018 yilning noyabrida Samarqand shahrida Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 70 yilligiga bag`ishlangan Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi bo`lib o`tdi. Forum jahon hamjamiyati tomonidan inson huquqlari va qadr-qimmatini yuksaltirishga, manfaatlar va inson huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlashga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik global voqea sifatida e`tirof etildi.
11 dekabrda Amerika Qo`shma Shtatlari Davlat departamenti «Diniy erkinlikni tizimli, davomiy va jiddiy ravishda buzishda ishtirok etuvchi mamlakatlar ro`yxatidan» O`zbekistonni chiqarganligini e`lon qildi. Bu qaror mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur islohatlarning xalqaro miqyosda e`tirof etilishining muhim dalilidir.
Shuningdek, jiddiy e`tiborimiz va say`i harakatlarimiz milliy mahsulotlarimiz eksportini kengaytirish va diversifikasiya qilish, mamlakatga xorijiy investisiyalarni jalb etish, sayyohlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan.
Joriy yilning oxirigacha 2,7 milliard dollar (2017 yilda – 2,49 milliard) miqdorida to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish kutilyapti. 61 yangi loyiha doirasida, jami 1,6 milliard dollarlik qo`shma korxonalar tashkil etildi va to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni rivojlantirish boshlandi. Umuman, o`tgan 2018 yil mobaynida 1400 ga yaqin yangi qo`shma va xorijiy korxonalar tashkil etildi.
Mamlakatga sayyohlik oqimini ko`paytirish maqsadida ko`p ishlar olib borildi. 2018 yil mobaynida O`zbekistonga 4 millionga yaqin xorijiy fuqarolar tashrif buyurishdi (2017 yilga nisbatan 107 foizga oshdi).
Xorijiy sayyohlarni mamlakatga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. 9 ta davlat fuqarolari uchun 30 kun muddatgacha vizasiz tartibi, 39 ta mamlakat fuqarolariga viza berishning soddalashtirilgan tartibi o`rnatildi. Aeroportlarda 72 soatlik tranzit vizalari berilmoqda va xorijda elektron vizalar berish tizimi joriy etildi.
Vazirlik va diplomatik missiyalarimiz faoliyatida vatandoshlar bilan muloqot va hamkorlikni rivojlantirish masalasiga katta e`tibor qaratilmoqda. Tashqi ishlar vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 okyatyabrdagi 3982-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasining davlat siyosati konsepsiyasini” ishlab chiqdi.
Konsepsiya vatandoshlarimizning mamlakatamizda kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, shuningdek, ularning salohiyatlarini O`zbekistondagi keng ko`lamli islohotlarni qo`llab-quvvatlashga jalb qilishga qaratilgan.
Bundan tashqari, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan interaktiv muloqot mexanizmi ishlab chiqildi va amaliyotga tadbiq qilindi. Joriy yilda 160 dan ortiq tadbirlar - videokonferensiyalar, brifinglar, taqdimotlar va vatandoshlar bilan uchrashuvlar o`tkazildi.
Tashqi siyosatning me`yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish bo`yicha vazirlik tomonidan izchil ish olib borilmoqda.
Oliy Majlis Senatining 13-14-dekabr kunlari bo`lib o`tgan 17-yalpi majlisida «Xalqaro shartnomalar to`g`risida» va "Konsullik nizomini tasdiqlash to`g`risidagi” qonun loyihalari (yangi tahrirda) tasdiqlandi.
«O`zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasining» yangi tahrirdagi nusxasi ishlab chiqildi va muvofiqlashtirishning yakuniy bosqichida.
Chet ellarda O`zbekiston fuqarolariga huquqiy yordam ko`rsatish bo`yicha xorijdagi konsullik muassasalarining faoliyati kuchaytirildi. Sankt-Peterburg, Qozon, Ekaterinburg, Vladivostok va Olmota shaharlarida bosh konsulxonalar ochildi. Rostov-Don, Aktau (Qozog`iston), Guanchjou (Xitoy) va O`sh (Qirg`iziston) shaharlarida bosh konsulxonalar ochish borasida ish olib borilmoqda.
Kelgusi 2019 yilda ham davlatimiz rahbari boshchiligida muhim tashqi siyosiy tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar O`zbekistonning xorijiy sheriklari bilan o`zaro manfaatli munosabatlarini rivojlantirishga, milliy manfaatlarini samarali himoya qilishga va yirik xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishga qaratilgan bo`lib, Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada kuchaytirishni talab qiladi.






