AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Turkiyada "Yilning xorijiy davlat arbobi" deb topildi

'Shavkat Mirziyoev Turkiyada "Yilning xorijiy davlat arbobi" deb topildi'ning rasmi

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiyaning moliyaviy-iqtisodiy Tursomoney nashri tomonidan tuziladigan har yilgi reytingda "Yil xorijiy davlat arbobi" sifatida tan olindi. Bu haqda Istanbulda Turkiya Buyuk Milliy kengashi spikeri Binali Yildirim ishtirokida o`tkazilgan tantanali marosim davomida e`lon qilingan.

Xabarga ko`ra, Shavkat Mirziyoev bu yuksak e`tirofga tashqi dunyo, xususan, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalar va o`zaro hamkorlikning mustahkamlanishiga, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasida va uning atrofida hamkorlikni jadal tus olishiga qo`shgan muhim va amaliy xizmatlari tufayli munosib topilgan.

O`zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, mazkur reyting ikki asosiy — "Yilning xorijiy davlat arbobi" va "Turkiyaning atoqli davlat arbobi" — nominasiya va 6 ta yo`nalish bo`yicha belgilanadi. Kollegial komissiya va jyuri qarori Turkiya hamda chet el siyosatchilari, biznes vakillari faoliyatini o`rganish va tahlil qilish asosida qabul qilinadi. Jyuri tarkibiga jurnal ekspertlari, Turkiya hukumati va parlamenti a`zolari, mamlakat mintaqalari vakillari kiradi.

"Turkiyaning buyuk davlat arbobi" va yilning eng asosiy ikkinchi nominasiyasi bo`yicha g`olib sobiq Bosh vazir va Turkiya parlamentining amaldagi spikeri Binali Yildirim bo`ldi.

Tantanali marosimda chiqishi davomida Yildirim O`zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan barcha sohadagi chuqur islohotlarga yuqori baho bergan.

Shavkat Mirziyoev avvalroq Osiyo jurnalistlari uyushmasi tomonidan siyosat yo`nalishi bo`yicha "Osiyoda yil odami" deb e`tirof etilgan edi.

    Boshqa yangiliklar