O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 dekabr kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ikki davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan bir-birini qutladi, shuningdek, ko`p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha istiqbolli yo`nalishlar va aniq loyihalarni muhokama qildi.
Qozog`istonda O`zbekiston yili deb e`lon qilingan 2018 yilda ikki tomonlama munosabatlar yangicha sur`at, sifat va mazmun kasb etgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ko`p qirrali O`zbekiston – Qozog`iston hamkorligini yanada rivojlantirishning ta`sirchan mexanizmiga aylangan Hukumatlararo qo`shma komissiya doirasida uchrashuvlar muntazam tashkil qilinmoqda. Noyabr oyida birinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli o`tdi.
O`zaro savdo hajmi yuqori sur`atlarda o`sib bormoqda, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, turizm, transport va logistika sohalarida kooperasiya dasturlari va loyihalari ro`yobga chiqarilmoqda. Madaniy-gumanitar almashuv dasturi sermazmun bo`lgani qayd etildi.
Hozirgi paytda 2019 yilda O`zbekistonda Qozog`iston yilini o`tkazish doirasida qator yirik tadbirlarga tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Shavkat Mirziyoev va Nursulton Nazarboev qardosh O`zbekiston va Qozog`iston xalqlari manfaati yo`lida ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik, shuningdek, strategik sheriklik munosabatlarini bundan buyon ham faol rivojlantirishga intilishi qat`iy ekanini ta`kidladilar.
Muloqot so`ngida Prezidentlar yangi 2019 yilda mamlakatlarimizga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tilab, xalqlarimizni yana bir bor samimiy tabrikladi.






