O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 dekabr kuni Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O`zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdilar.
Prezidentlar o`zaro hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
So`nggi yilda O`zbekiston – Qirg`iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilib, aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi.
Hamkorlik barcha yo`nalishlarda faollashdi. Mamlakatlarimiz Bosh vazirlari raisligida joriy yil mart va dekabr oylarida Farg`ona va O`sh shaharlarida O`zbekiston bilan Qirg`iziston chegaradosh hududlari rahbarlari kengashining majlislari o`tkazildi. May oyida Parlamentlararo hamkorlik bo`yicha komissiyaning birinchi uchrashuvi bo`lib o`tdi.
O`zaro savdo hajmi ortib, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarda qo`shma kooperasiya loyihalari amalga oshirildi.
Andijon – O`sh – Irkishtom – Qashg`ar xalqaro avtotransport yo`lagi ishlab turibdi, O`zbekiston – Qirg`iziston –Xitoy temir yo`l liniyasini qurish loyihasi birgalikda tayyorlanmoqda.
Toshkent va Samarqandda Qirg`iziston madaniyati va san`ati kunlari muvaffaqiyatli o`tkazildi. Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimiz hududlarida tantanali tadbirlar tashkil etilmoqda.
O`sh shahrida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi maktab joriy yil kuzda ilk o`quvchilarni o`z bag`riga olgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Suhbat yakunida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o`rtasida do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko`p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida intilishlari qat`iy ekanini ta`kidladilar.






