1

O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Vahob Rahimov 80 yoshida vafot etdi

Jamiyat 30.10.2014, 08:52
O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Vahob Rahimov 80 yoshida vafot etdi

O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi. Geologiya va konchilik sohasidagi yirik olim, texnika fanlari doktori, professor, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Vahob Rahimov 80 yoshida vafot etdi, deya xabar beradi O`zA.
V.Rahimov 1934 yili Samarqand shahrida tug`ildi. 1957 yilda O`rta Osiyo politexnika institutini tugatib, O`zbekiston Fanlar akademiyasining konchilik bo`limida ilmiy xodim sifatida ish boshladi. Keyinchalik Moskva konchilik ishi instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1963 yilda nomzodlik, 1972 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.
Iste`dodli olim o`zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat texnika universiteti “Marksheyderlik ishi” kafedrasi dosenti, kafedra mudiri, kon-metallurgiya fakulteti dekani va universitet prorektori kabi mas`ul lavozimlarda ishladi. Geologiya va geofizika, kon muhandisligi va geodeziya sohasidagi dolzarb masalalarni ilmiy o`rganish, ilm-fanning mazkur murakkab yo`nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga katta hissa qo`shdi.
Atoqli olimning tog` jinslarini qazib olishning nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlab yozgan ko`plab maqola va risolalari, ilmiy ixtirolari soha mutaxassislari va ilmiy jamoatchiligimizga yaxshi ma`lum.
Zahmatkash olim o`z faoliyati davomida mehribon va talabchan ustoz sifatida ko`plab yoshlarga geologiya va kon muhandisligi sirlaridan saboq berdi. Uning bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlandi.
Akademik V.Rahimovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoniga va “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo`lgan edi.
Taniqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Vahob Rahimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova, Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1