1

"Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi

Jamiyat 30.10.2014, 08:53
"Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi

29 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar jamiyat hayotining turli sohalaridagi islohotlarning huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ikkinchi o`qishda ko`rib chiqdilar.
Majlis Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro`yobga chiqarish doirasida tayyorlangan yangi tahrirdagi «Investisiya faoliyati to`g`risida»gi qonun loyihasini muhokama etishdan boshlandi.
Ushbu hujjat xo`jalik yurituvchi sub`ektlar va fuqarolarning investisiya jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga, investisiyalar kiritish uchun qo`shimcha rag`batlar va sharoitlar yaratishga, shuningdek, investisiyalarni rag`batlantirish, investorlarning huquq va mulklarini himoya qilish usullarini kengaytirishga qaratilgan. Umuman olganda, ushbu qonun loyihasi xususiy investisiyalarni rag`batlantirish borasida muhim hujjat bo`ladi va investisiyalar sohasidagi davlat siyosatini ro`yobga chiqarishda yordam beradi.
Qonunning amaldagi tahririga investisiya loyihasini ro`yobga chiqarishda investisiyalarni amalga oshirishni, investisiya faoliyatini rag`batlantirishni tartibga soluvchi yangi moddalar kiritildi. Bundan tashqari, investisiya faoliyatining ob`ektlari va sub`ektlari, investorlarning huquqlari, investisiya faoliyati sub`ektlarining o`zaro munosabatlari, markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan investisiyalar, investisiya jamg`armalari, investisiya faoliyati sub`ektlari huquqlarining kafolatlari kabi huquqiy tushunchalarni belgilab beruvchi moddalar, boshqa normalar sezilarli ravishda kengaytirildi.
Qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlash chog`ida ishchi guruh o`ndan ortiq tadbir o`tkazdi. Tadbirlarda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakatdan saylangan deputatlar guruhining vakillari faol ishtirok etdilar. Ular tomonidan deputatlar, ekspertlar, olimlardan tushgan barcha takliflar ko`rib chiqildi. Har tomonlama va moddama-modda muhokama yakunlariga ko`ra, Qonunchilik palatasi ushbu qonunni qabul qildi. Qonun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
Shundan so`ng deputatlar «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida»gi qonun loyihasini muhokama etdilar. Ushbu qonun loyihasining maqsadi – fuqarolarning davlat organlariga murojaat etishi tartibini yanada takomillashtirishdan, shuningdek, yuridik shaxslarning murojaatlarini ko`rib chiqish bilan bog`liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi huquqiy bo`shliqni to`ldirishdan iborat.
Zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalari va texnologiyalaridan foydalanib, murojaatlarni kiritish imkoniyatining huquqiy jihatdan mustahkamlanishi ushbu qonun loyihasining muhim jihatidir. Umuman olganda, ushbu hujjatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo`shimcha kafolatlari mavjud. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ushbu sohadagi ishini sifat jihatidan yuqori darajaga ko`tarish imkonini beradi.
Qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlash jarayonida yuzdan ortiq taklif tushdi. Ularning ko`pchiligi loyihani maromiga etkazishda hisobga olindi. Murojaatlar sohasidagi chet el qonunchiligi va huquqni qo`llash amaliyoti o`rganildi. Jumladan, Evropa mamlakatlarining, chunonchi Germaniyaning hamda Osiyo mamlakatlarining, masalan Koreya Respublikasining qonunchiligi va amaliyotini o`rganishga bag`ishlangan ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi.
Qonun moddama-modda va puxta muhokama etilganidan keyin Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Qonun Oliy Majlis Senatiga yuboriladi.
Majlis kun tartibiga Jinoyat kodeksining 144-moddasiga va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 43-moddasiga o`zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham kiritildi. Tuzatishlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan kiritilmoqda. Xususan, nafaqat fuqarolarning, balki yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilganlik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Deputatlar moddama-modda muhokama etish chog`ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, ushbu hujjatni maromiga etkazish uchun yubordilar. Qonun loyihasini keyingi o`qishda ko`rib chiqish uchun tayyorlash mas`ul qo`mitaga topshirildi.
Qonun loyihalarini muhokama etish chog`ida barcha siyosiy partiya fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari savol va takliflar bilan so`zga chiqdilar. Deputatlar jamiyatimiz hayotining turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini doimo takomillashtirish, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalda ro`yobga chiqarish muhim ekanligini alohida ta`kidladilar.
O`zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
Axborot xizmati 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1