2018 yil 28 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi rasmiy saytida advokatlar faoliyatiga tazyiq o`tkazish va qonunbuzilishi holatlari yuzasidan o`tkazilgan anonim so`rovnoma natijalari e`lon qilingan. Unda kasbiy faoliyati davomida advokatlarning huquqlari surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar tomonidan muntazam buzilayotgani haqida tahliliy ma`lumotlar bayon qilingan.
Qayd etilishicha, so`rovnomada 3 ming 553 nafar, ya`ni respublikada faoliyat yuritayotgan advokatlarning 91 foizi ishtirok etgan. Ajablanarli jihati, xabarda davlatimizda advokatlarning maqomi va prosessual vakolatlarini kengaytirish, ularning daxlsizligini ishonchli ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida anonim so`rovnoma natijasida e`lon qilingan raqamlar jiddiy shubha uyg`otishi tabiiy.
Jumladan, ma`lumotlardagi sudlar professional faoliyat bilan shug`ullanish uchun sud binosiga kompyuter, mobil telefon va boshqa kommunikasiya uskunalarini olib kirishda advokatlarga asossiz to`sqinlik qilishayotgani haqidagi vajlar bilan kelishib bo`lmaydi.
O`zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O`RQ-476-sonli qonuni bilan Jinoyat-prosessual kodeksning 19-moddasiga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, qonun talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko`rilishi talab etiladigan ishlardan tashqari, barcha jinoyat ishlari sudlarda oshkora ko`riladi va sudning tashabbusi yoki prosess ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko`ra, audio va videoyozuvdan foydalanishi hamda sud majlislari videokonferensaloqa rejimida o`tkazilishi mumkin.
Bunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 15 mart kuni 2981 raqami bilan ro`yxatga olingan, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligining qo`shma qarori bilan tasdiqlangan “Sudlar, sud prosesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta`minlash tartibi to`g`risidagi yo`riqnoma”ga qo`shimcha kiritilib, advokat o`z professional faoliyatini amalga oshirish uchun, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasiga qat`iy rioya etgan va sud jarayonini o`tkazish tartibini buzmagan holda, sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish huquqiga ega ekani belgilab ko`yilgan va ushbu qaror barcha sudlarga so`zsiz rioya etish uchun yuborilgan.
Bugungi kunga qadar qonunning ushbu talablari buzilayotgani xususida Oliy sud yoki sudyalar Oliy malaka hay`atiga murojaatlar kelib tushmagan.
Sudlarda advokatlar uchun alohida xonalar mavjud emasligi haqidagi fikrlar ham asossizdir. Chunki o`rganishlar va Sudlar faoliyatini ta`minlash departamentidan olingan ma`lumotlar respublika bo`yicha faoliyat yuritayotgan 606 ta sud joylashgan 296 ta sud binosining 291 tasida (98,3 %) advokatlar uchun xonalar mavjudligini ko`rsatmoqda.
Shu o`rinda, bugungi kunga qadar 310 ta sud bino bilan ta`minlanmaganini, ma`muriy sudlar jinoyat ishlari bo`yicha, iqtisodiy sudlar esa fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar binolarida faoliyat ko`rsatayotganini ta`kidlash bilan bir qatorda, advokatlar uchun xona ajratish imkoniyati bo`lmagan eski sud binolarda advokatlarning extiyojidan kelib chiqib, ish materiallari bilan tanishish, sud majlislariga tayyorgarlik ko`rish uchun fuqarolarni qabul qilish xonalari, devonxona yoki sudyalarning qabulxonalaridan joy ajratib berish amaliyoti yo`lga qo`yilgani ma`lum qilinadi.
Bu borada ham Oliy sud tomonidan tegishli choralar ko`rilayotganini ta`kidlash lozim. Xususan, 2018 yilda 6 ta yangi sud binosi qurilgani, 6 tasi esa kapital ta`mirlangani, 2019 yilda kapital ta`mirlash bilan birga 36 ta yangi sud binosi kurib foydalanishga topshirish rejalashtirilgani bu fikrning dalili bo`lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, professional yurist bo`lib, o`z haq-huquqlarini juda yaxshi bilgan advokatlar bu masalalarda Oliy sud yoki sudyalar Oliy malaka hay`atlariga rasmiy tarzda murojaat etmagan bir vaziyatda, ijtimoiy tarmoqlarda, 820 ta holatda advokatlarning o`z professional majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog`liq huquqlari buzilgani, 222 ta holatda sud muhokamasi jarayonida prosessual talablarining buzilgani, 514 ta holatda sud ishi yuritishda taraflarning tengligi va tortishuv prinsiplariga rioya etilmagani, 144 ta holatda sudyalar va sud xodimlari advokat va uning himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan haqoratli munosabatda bo`lishgani, 300 ta holatda advokat va uning himoyasi ostidagi shaxsga tarjimon taqdim etilmagani haqida tasdiqlanmagan ma`lumotlarni tarqatishlari, ularning kasb etikasiga zid harakat, deb baholanishi lozim bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi
Oliy sudi matbuot xizmati