Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasiga berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib ham oilasi, ham jamiyat ravnaqiga hissa qo`shayotgan insonlar ko`p. Ammo bu sharoitlarni chetlab o`tib, noqonuniy yo`llar orqali daromad orttirayotganlar ham afsuski, kuzatilmoqda.
Davlat soliq qo`mitasi axborot xizmatining ma`lumotiga ko`ra, Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan Kosonsoy tumanida yashirin sex faoliyati fosh etildi.
Aniqlanishicha, kosonsoylik A.Melixanov tomonidan Kosonsoy shahri, Guliston mahalla fuqarolar yig`inida joylashgan, fuqaro Yu.Dadaxo`jaevga tegishli bo`lgan binoni ijaraga olib, ro`yxatdan o`tmasdan noqonuniy ravishda 3 nafar ishchi yollab, momiq sochiq ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullanayotgani ma`lum bo`ldi.
Nazorat tadbiri davomida qoidabuzarga tegishli 5 turdagi umumiy qiymati 86 million 330 ming so`mlik tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlovga olindi. Shuningdek, o`rganish mobaynida A.Melixonovga kelgusida faoliyatini qonuniylashtirib, qo`shimcha ish o`rinlari yaratish bo`yicha tushuntirish berildi.
Xulosa o`rnida aytish mumkinki, har qanday noqonuniy faoliyat nazorat va nazardan chetda qolmaydi.