AsosiyJamiyat

Ekspertlar O`zbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiya loyihasini muhokama qilishmoqda

'Ekspertlar O`zbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiya loyihasini muhokama qilishmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 5 fevral kuni “O`zbekiston – 2035” ikkinchi xalqaro forumi o`z ishini boshladi.

Mazkur forum O`zbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasining muhim iqtisodiy va siyosiy yo`nalishlarini muhokama etishga bag`ishlangan bo`lib, unda deputatlar, vazirlik va idoralar, ilmiy-ta`lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, "Buyuk kelajak" ekspertlar kengashi a`zolari qatnashmoqda. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Forumning ilk yalpi majlisida O`zbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasi loyihasining asosiy yo`nalishlari ko`rib chiqildi.

– Strategiya loyihasi 2020-2025, 2030, 2035 yillarga mo`ljallangan uchta bosqichda amalga oshirilishi belgilangan, – deydi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direktori, "Rikor” (Rossiya) texnoparki bosh direktori Habib Abdullaev. – Birinchi bosqich strategik rivojlanish maqsadlari uchun faol investisiyalar, ya`ni iqtisodiy rivojlanishga kuchli turtki bo`la oladigan investisiyalarni jalb qilishni o`z ichiga olgan. Ikkinchi bosqichda mamlakatning iqtisodiy va texnologik salohiyati ro`yobga chiqariladi. So`nggi bosqichda etuk bozor iqtisodiyotiga o`tiladi. Bu paytga kelib O`zbekistonni jahondagi iqtisodiyoti rivojlangan 50 ta etakchi mamlakat qatoriga kiritishga erishiladi.

26.JPG

Jahon banki 2016 yilda e`lon qilgan “Doing business” reytingida O`zbekiston 64 pog`ona yuqorilab, 42-o`rinni qayd etgan edi. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari jahondagi boshqa etakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham e`tirof etilmoqda. Misol uchun, nufuzli “Fitch Ratings” va “Standart & Poor's” reyting agentliklari birinchi marta yurtimizning xalqaro suveren kredit reytingini belgiladi. Bularning barchasi O`zbekiston iqtisodiyoti jadal sur`atlar bilan rivojlanishiga shubha bilan qarovchi skeptiklarning ham fikrini o`zgartirib yubordi.

Yalpi sessiyadan so`ng forum ishtirokchilari strategiyaning davlat boshqaruvini rivojlantirish, qishloq xo`jaligi va to`qimachilik sanoati, bank tizimi, sanoat, transport, qurilish va infratuzilma, turizm, sog`liqni saqlash va ijtimoiy siyosat, inson kapitali, ekologiya, ilm-fan, texnologiya va innovasiyalar kabi yo`nalishlari bo`yicha ishchi guruhlarga bo`linib, muhokamalarni shu`ba yig`ilishlarida davom ettirdi.

17.JPG

– Hozirgi paytda bor kuch, sarmoyani inson kapitalini rivojlantirishga sarflamasdan taraqqiyotga erishib bo`lmaydi, – deydi “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a`zosi Malika Sharipova. – E`tibor bering, Amerika Qo`shma Shtatlarida 3 yoshdan 22 yoshgacha bo`lgan har bir fuqaroning ta`lim olishi uchun davlat bir yilda 231 ming dollar, Janubiy Koreya 130 ming dollar sarflaydi. Shu tarzda mazkur mamlakatlarda bir ishchi kuchini shakllantirishga ketgan xarajat o`zini 13-17 karra oqlamoqda. Bizda bu ko`rsatkich 19 ming dollarni tashkil etib, sarmoyalar o`zini bor-yo`g`i 4 baravar qoplamoqda.

Tahlillarga ko`ra, jahonda sanoat rivojlanishining yangi bosqichida ko`plab ish o`rinlari avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar bilan bog`liq bo`ladi. Hozir hattoki rivojlangan mamlakatlarda ham ishchilarning atigi 25 foizi kerakli malakaga ega, xolos. Shu bois ham rivojlangan mamlakatlar bor e`tiborini fuqarolarining bilim olishiga, malakasini doimiy ravishda oshirishiga qaratmoqda.

Kelgusi 5 yil ichida jahonda barcha mehnat turlarining 7 foizi avtomatlashtirilishi taxmin qilinmoqda. Bu kelajakda 57 foiz ishchi-xizmatchi ishsiz qoladi, degani. 2035 yilga borib O`zbekistonda ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelishi ehtimoli bor. Hisob-kitoblarga ko`ra, 2035 yilgacha mamlakatimizda 20,7 million mehnatga layoqatli kishini ish bilan ta`minlash ehtiyoji yuzaga keladi. Bunga hozirdanoq tayyorgarlik ko`rish uchun, avvalo, jismoniy shaxslar, kompaniyalar har bir kishiga mos keladigan kollektiv va oqilona echimlarni topishi zarur.

7.JPG

Inson kapitalini rivojlantirish tizimi odamlarning o`ziga ishonchini oshirish uchun o`zlarini qaytadan kashf etishga imkon beradigan va kuchaytiradigan platformalarni yaratish demakdir. Shunday ekan, tizimda yangicha o`ylash, yuzaga kelishi mumkin bo`lgan muammolarni ko`ra bilish, inson qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan dasturlar va modellarni ishlab chiqish va yangi g`oyalar talab etiladi.

Forumning ekologiya, ilm-fan, texnologiya va innovasiya masalalariga bag`ishlangan shu`ba majlisida O`zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi loyihasining atrof-muhitga bag`ishlangan tavsiya va takliflari qizg`in muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda yaqin yillarda aholi, iqtisodiyotning o`sishi va iqlim o`zgarishi asosiy tabiiy resurslarga bo`lgan bosimni oshiradi. Jumladan, suv, oziq-ovqat, ekin maydonlari va energiyaga bo`lgan talab oshib boradi. Shunday ekan, kutilayotgan vaziyatda O`zbekiston iqlim o`zgarishiga qanday moslashishi kerak?

22.JPG

“Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a`zosi, Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya) laboratoriyasi menejeri Temur Yunusovning qayd etishicha, issiqxona gazlarining ortishi, o`rtacha yillik harorat ko`tarilishi, shuningdek, unumdor tuproqlarda cho`llanish jarayonlari va boshqa iqlim o`zgarishlari O`zbekiston oldiga, avvalo, qishloq xo`jaligi sohasini tubdan o`zgartirish talabini qo`yadi.

“O`zbekiston – 2035” ikkinchi xalqaro forumi ochilishida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohidov so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar