Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti hamda M.Tank nomidagi Belarus Davlat pedagogika universiteti o`rtasida imzolangan hamkorlik to`g`risidagi shartnomaga mavofiq, joriy yilning 28 yanvaridan 1 fevraliga qadar TDPU talabalari Belarusda an`anaviy 54-“Xotira yurishi”da ishtirok etib qaytdi.
Belarusning fashistlar qo`lidan ozod etilishiga 75 yil to`lishi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirga MDH mamlakatlarining oliy ta`lim muassasalaridan Baku slavyan universiteti (Ozarbayjon), L.N.Gumilev nomidagi Ovroosiyo milliy universiteti (Qozog`iston), Moskva davlat pedagogika universiteti (Rossiya) delegasiyalari ham tashrif buyurgan.
Belarusda har yili an`anaviy tashkil etiladigan mazkur “Xotira yurishi”da ko`ngilli yoshlar jamoalari mamlakatning 2-jahon urushi sodir bo`lgan viloyatlari, tumanlariga tashrif buyurib, maktab o`quvchilari, pedagoglar va 2-jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashadilar.
Xotira yurishining ikkinchi kunida O`zbekistondan tashrif buyurgan Toshkent Davlat pedagogika universitetining “Avangard” jamoasi Vitebsk viloyatining Dokshiskiy tumanida joylashgan “Shunyovka” xotira majmuasida o`z chiqishlarini namoyish etishdi. “Avangard” jamoasi shuningdek, Bogomlskdagi o`rta maktabda bo`lib, “O`quvchilarning ertaklar mamlakatidagi sayohatlari” mavzusida master-klass o`tkazishdi, shuningdek, 2-jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashishdi.
– Men birinchi marta bunday Xotira yurishida ishtirok etdim, – deydi “Avangard” jamoasi a`zosi Alisher Abdullaev. – Menga Belarusga borib, mamlakatimiz nomidan chiqish qilishimni aytishganida, ochig`i, judayam xursand bo`ldim. Bunday imkoniyat hammaga ham berilavermaydi, shu sabab men va butun jamoamizga O`zbekiston nomidan "Xotira yurishi"ning ilk ishtirokchilari sifatida chiqish qilish katta mas`uliyat yukladi.
Bu kabi baynalminal tadbirlar bir osmon, bir taqdir ostida birlashgan mamlakatlarning qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.