Ayni bugungi kunimizdan 19 yil avval Abdusalom Qalandarov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) Muxlisa Jumaeva bilan qonuniy nikohdan o`tib, turmush qurdi. Avvaliga hayotlari bir maromda, tushunmovchilik-kelishmovchiliklarsiz kechdi. Bu orada xonadonni chaqaloqning “inga“si tutdi. Hamma xursand, hamma baxtiyor. Biroq bu quvonch uzoqqa cho`zilmadi. Bolakayning umri qisqa ekan, kasallikka chalinib, yoshiga etmay vafot etdi. Yig`lab kelib, yig`latib ketdi...
Oilada yana farzand dunyoga keldi. Ammo u ham kasallikka chalindi. Bu paytga kelib, er-xotin o`rtasida gap qochib, kelishmovchiliklar avjiga chiqayotgan edi. Natijada Muxlisa bolasini olib, ota uyiga ketib qoldi. Shu bilan ularning yo`llari ayro tomonga burildi. Aytgancha, ularning ikkinchi farzandi ham uzoq yashamadi, 7 yoshida olamdan ko`z yumdi.
Xotini ketib qolganidan bir yil keyin, ya`ni 2005 yilda Abdusalom Madina Abduhakimovaga uylandi. Tushunib turganingizdek, shar`iy nikoh asosida. Oradan bir yil o`tib, Avazbek, besh yildan so`ng esa Malikabonu oila safini to`ldirishdi. Farzandlarning kattasi maktab yoshiga etganida Abdusalom va Madinaning nikohi qonuniylashtirildi.
Bir qarashda hammasi risoladagidek ko`rinadi. Abdusalom Rossiya davlatiga borib ishlab kelar, Madina esa farzandlari tarbiyasi bilan mashg`ul edi. Kunlar shunday o`taverar, oldinda esa Madinani haqiqiy sinovlar kutardi.
Gap shundaki, Abdusalomning birinchi turmush o`rtog`i Muxlisa ham Rossiyada “rizqini terib yurgandi“. 2016 yilning yoz oylari boshida singlisidan sobiq xotini ham Moskvada ekanligini eshitgan Abdusalomni “birinchi muhabbati“ning sog`inchi o`rtadi chog`i, darhol telefon raqamini olib, qo`ng`iroq qildi. Taqdirning hazilini qarangki, ayol boshi bilan pul topish maqsadida o`zga yurtga borgan Muxlisa ishning og`irligi, joyning sovuqligiga dosh berolmay betob bo`lib, kimningdir ko`magiga muhtoj bo`lib qolgandi. Ayni shu paytda Xudo etkazganday, sobiq eri qo`ng`iroq qilib qoldi va uni yoniga chorladi. Abdusalom unga ish topib berdi. Qisqasi, o`z yurtida ayrilganlar, o`zga yurtda topishib olishdi – shar`iy nikoh asosida birga yashay boshlashdi.
M.Jumaevaning sudda bergan ko`rsatmasiga tayanadigan bo`lsak, u sobiq turmush o`rtog`ining oilasi borligidan xabardor bo`lgan. Shuning uchun ham O`zbekistonga qaytgandan keyin orani ochiq qilish sharti bilan birga yashashga rozi bo`lganligini ta`kidlaydi.
O`sha yilning dekabr oyida har ikkovlon mamlakatimizga qaytib kelishdi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Abdusalom xotiniga sobiq turmush o`rtog`i Muxlisa bilan mana shu xonadonda er-xotin sifatida yashash niyati borligini oshkor qildi. Tabiiyki, Madina qo`lini ko`ksiga qo`yib: “Keling, opajon! Uyimizning to`ri sizniki“, deb Muxlisani kutib olishga rozi bo`lmadi. Axir bekorga “Er bermoq, jon bermoq“ naqli dono xalqimizning hayotiy tajribalari asnosida topib aytilmagan. Ammo qaysar er o`z fikrida qat`iy turib oldi. Uni er ham, er ham berishga majburlay boshladi. Chunki, Abdusalom uyni ikkiga bo`lishni ham rejalashtirgan edi-da!
Shu bo`ldi-yu, bu xonadondan urush-janjal arimay qoldi. Abdusalom arzimas bahonalar bilan janjal chiqarib, Madinaga shafqatsiz muomalada bo`la boshladi. Shunday kunlarning birida, aniqrog`i, 2016 yilning 22 dekabr kuni Madina bolalarini olib, Muxlisaning ota hovlisiga bordi. Maqsad ularni o`zaro murosaga keltirib, birga yashashga ko`ndirish edi. Lekin u chuchvarani xom sanaganini anglab olish qiyin emasdi. Shunday ham bo`ldi. O`zaro kelishishi kerak bo`lgan ayollar o`zaro gap talashib ketishdi. Yuzaga kelgan kelishmovchilikka Madinani aybdor, deb bilgan Abdusalom endi uni otasining uyiga olib bordi. M.Abduhakimovaning ota-onasiga qizlari unga turmushga chiqqanida bokira bo`lmaganini aytib, turli tuhmatlarni qalashtirib, tashlab ketdi.
Shuncha gap-so`zlarga qaramay, Madina farzandlarining kelajagini o`yladi, biroz vaqtdan keyin uyiga qaytib keldi. Biroq Abdusalom shashtidan qaytmagan edi. U xotinini tahqirlashda davom etib, turli bahonalar bilan kamsitar, urib-do`pposlab, ro`shnolik bermasdi. Madina hammasi iziga tushib ketishidan umidvor bo`lib, sabr qildi. Ammo vaziyat yaxshi tomonga o`zgaradiganga o`xshamasdi. Abdusalom battar “quturib“ borar, kunora ichib olib, bolalarining ko`z o`ngida ayolini ayovsiz kaltaklar, xotinining yolvorishlarini pisand qilmay, bolalari bilan birga uydan haydab chiqarishga harakat qilardi. Go`yo shu yo`l bilan ayoli kundosh bilan yashashga ko`niktiradigandek. Vaziyat shu darajagacha etib bordiki, mast ahvolda uyga kelgan Abdusalom uni urib-do`pposlab, o`zi sovchilikka borib, Muxlisani uyga olib kelishga ham majburlaydi. Shuncha xo`rliklarga qaramay Madina oilasini saqlab qolish umidida uydan ketmadi. Ammo...
Sabr-bardoshning ham chegarasi bo`ladi. 2017 yilning 8 fevral kuni Abdusalom hech bir sababsiz xotinini farzandlarining ko`z o`ngida kaltakladi. Mushtning zarbi emas, oxiri ko`rinmayotgan tahqirlashlar ayolning jon-jonidan o`tib ketdi. Ortiq bardosh qilolmayman, degan to`xtamga keldi. Qo`liga arqonni olib, darvozaxonaning devoriga sirtmoq tayyorladi va...
Xulosa o`rnida aytar so`zimiz, qachonki oila mustahkam, tinch bo`lsa, jamiyat ham osoyishta, farovon bo`lishi kecha yoki bugun paydo bo`lgan gap emas. Chunki oila har bir jamiyatning boshlang`ich bo`g`ini hisoblanadi. Lekin buni A.Qalandarov yaxshi anglab etmagan ko`rinadi. Ko`ngli qo`shxotinlikni tusab, oqibatda bir insonning shirin hayotidan voz kechishiga sabab bo`ldi.
Sud tomonidan mazkur holat atroflicha o`rganib chiqildi. Aybdorga og`irroq jazo tayinlanishi, u umrining anchagina qismini panjara ortida o`tkazishi ham mumkin edi. Ammo qaror chiqarishda shundoq ham onasini yo`qotgan farzandlarning kelgusi taqdiri e`tiborga olindi. Chunki ular qarovsiz qolib ketishi mumkin edi. Shularni inobatga olgan holda sud tomonidan A.Qalandarovga JKning 72-moddasiga asosan tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartliga almashtirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi.
"Huquq" gazetasidan olindi