AsosiySport

Futbol tarixida hakamlar yo`l qo`ygan eng shov-shuvli xatolar: Yoshidadan – Kovergacha

Shunday qilib, 1978 yilning iyuli Angliyada o`yinga hakamlik qilishni polisiyachiga ishonib topshirishadi va o`yinda mushtlashish boshlanganida u o`z odatiga ko`ra hushtak chalib yuboradi. Junbushga kelgan futbolchilar va muxlislar tinchlanadilar. Hushtakning samara berishi barchaga yoqadi-qoladi. Alqissa, shu paytdan beri hushtak hakamlarning ramziy va hech qanday uskuna bilan almashtirib bo`lmas ish quroliga aylandi.
Eh-he, hakamning bir puflashi natijasida qanchadan-qancha futbol o`yini taqdiri hal bo`lganini hisoblab chiqib bo`lmasa kerak. Bu hushtak ba`zida behuda chalinib, yana minglab futbolchi va muxlislarni asabiga ham tegib turadi. Bunday holatlar oddiy shahar birinchiligidan tortib, jahon miqyosidagi juda ma`suliyatli o`yinlarda ham sodir bo`lganligini aytib o`tish joiz.
Mana endi, siz aziz muxlislarga, dunyo futbolida shov-shuvga aylangan hakamlar xatolari haqida ma`lumot beramiz. Futbol jamoatchiligini larzaga keltirgan oltita ana shunday holatlar qatoriga o`zbek muxlislari har gal eslaganlarida bir o`rtanib qo`yadigan, O`zbekiston – Bahrayn o`yinidagi yapon referisining xurmacha qiliqlarini ham qo`shib qo`ydik.
Mana endi, siz aziz muxlislarga, dunyo futbolida shov-shuvga aylangan hakamlar xatolari haqida ma`lumot beramiz. Futbol jamoatchiligini larzaga keltirgan oltita ana shunday holatlar qatoriga o`zbek muxlislari har gal eslaganlarida bir o`rtanib qo`yadigan, O`zbekiston – Bahrayn o`yinidagi yapon referisining xurmacha qiliqlarini ham qo`shib qo`ydik.

7. 2006 yilgi jahon chempionati saralash o`yini. O`zbekiston – Bahrayn
O`shanda, FIFAning 2006 yil bo`lib o`tadigan jahon chempionatini o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mitasi O`zbekiston – Bahrayn termalari o`rtasida saralash o`yini natijasini bekor qilib, o`yinni qayta o`tkazish haqida qaror chiqargan edi. Jahon futboli tarixida birinchi marta hakamning xatosi tufayli rasmiy o`yin qayta o`tkazilgan.
O`sha oqshom, yaponiyalik hakam Tomishisu Yoshida bu bahsda futbol qoidalarini umuman bilmasligini namoyish qilgandi.
O`yin mezbonlar foydasiga 1:0 bo`lib turgan bir paytda u mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilaydi. O`n bir metrli jarima to`pini Server Jeparov tepadi va to`p darvoza to`riga borib tushgach, referi gol bo`lganini inobatga olmaydi. Uning fikricha, penalti tepilayotgan paytda jamoa o`yinchilaridan biri jarima maydoniga kirgan bo`lib chiqadi. Qoida bo`yicha, bunday holatlarda 11 metrlik zarba qayta tepilishi zarur. Tiyrak muxlislar konfederasiyalar kubogida penaltilarni xuddi shunday holat yuz bergach, uch marta qayta tepilganini yaxshi eslashsa kerak. Lekin, Yoshida stadionda hayronu-lol bo`lib o`tirgan 50 ming tomoshabin ko`z o`ngida qayta penalti belgilash o`rniga, to`p erkin zarba bilan o`yinga kiritilishi to`g`risida qaror chiqaradi. Bu voqeadan so`ng nima bo`lganligini eslab o`tirishni o`zi alamli. Bitta to`p farqi bilan yutgan termamizni muvaffaqiyatidan qanoatlanmagan mutasaddilar FIFAga norozilik xati bilan murojaat qilib, oxir-oqibat qayta o`tkazilgan ikkita o`yinda duranglar tufayli pley-offdan mosuvo bo`lganmiz.

6. Jahon chempionati – 2002  yil. 1/8 final, Janubiy Koreya — Italiya
O`yin Janubiy Koreya maydonlarida o`tkazilayotgan bo`lsada, raqib chempionlikka asosiy da`vogarlardan biri bo`lganligi uchun bu holat mezbonlarga hech qanday ustunlik bermasligi kerak edi.
Ekvadorlik hakam  Bayron Moreno esa, barchasini osongina hal etdi. Uning butun o`yin davomida faqat mezbonlar foydasiga “xato” qilishi hammani hayron qoldirgan. Italyanlarning jahon chempioni bo`lishi orzusiga qarshi u tep-tekkis joydan 11- metrli zarba uchun imkon topdi. Bayron koreyslarning italyanlarga qarshi o`z jarima maydonlarida qilgan qo`polliklarini esa “ko`rmay” o`tib, hushtak chalishga eringan edi.
Shundan so`ng hakamning taqdiri tekis davom etmagan. Bayron Nyu-York aeroportida geroin bilan qo`lga tushib, ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

5. Jahon chempionati - 2002, ¼ final, Janubiy Koreya — Ispaniya
Yana JCh-2002 va yana Janubiy Koreya termasi bilan bog`liq hakamlar xatosi. Faqat bu safar Osiyoning kuchli termasiga qarshi ikki marta Evropa chempioni bo`lgan Ispaniya termasi maydonga tushadi.
Gus Xiddink va uning mehnatkash shogirdlariga qo`shilib maydonga misrlik hakam Kamol Gandur tushsa, hatto, “qizil furiya” ham hech narsa qila olmas ekan. Misrlik hakam avvaliga koreyslar tomonidan o`z darvozasiga kiritilgan golni inobatga olmagan bo`lsa, qo`shimcha vaqtlarda Ispaniyani yarim finalga olib chiqishi mumkin bo`lgan “oltin gol”ni ham hisoblamay qo`ya qoldi. Yoshi katta muxlislarimiz o`sha, Fernando Morentos kiritgan ajoyib golni hali unutmagan bo`lsalar kerak.

4. Jahon chempionati - 2010, 1/8 final, Germaniya — Angliya
Kutilmagan holda ko`hna qit`aning ikkita kuchli jamoasi pley-offning dastlabki bosqichlaridayoq to`qnash keladilar. Bunga sabab esa tumanli mamlakat vakillarining guruh bosqichlarida o`zlariga nomunosib tarzda bo`sh o`yin ko`rsatganlari edi. Lekin, bu o`yinda hammasi Angliya uchun muvaffaqiyatli yakunlanishi ham mumkin bo`lgan.
Hakam Frenk Lempard tomonidan berilgan zarbadan so`ng to`singa tegib, darvoza ichiga kirib chiqqan to`pni ko`rmadi yoki ko`rishni xohlamadi. Afsuski, qanotdagi hakamlar ham to`pni darvoza chizig`ini kesib o`tganini sezmay qoldilar. Germaniya yarim finalgacha etib borib, ispanlarga mag`lub bo`lgan.
3. Jahon chempionati – 1982. ½ final. Germaniya — Fransiya
Yana jahon chempionati va yana Germaniya. Nemislar bu safargi holatda ham suvdan quruq chiqishadi. Endi GFR termasi tarkibida Mishel Platini bo`lgan kuchli Fransiya jamoasiga qarshi bo`lgan. O`yin 3:3 hisobida yakunlanib, penaltilar seriyasida nemislar 5:4 hisobida g`alaba qozonadilar. G`alaba qozonishga eng katta hissa qo`shgan futbolchi nemis darvozaboni Xarald Shumaxer bo`lgan. Match “lotoreya”ga etib bormasligi mumkin edi. Ikkinchi taymning o`rtalarida maydonga tushgan fransiyalik Patrik Batiston golkiper bilan yakkama-yakka chiqib, to`pni noaniq tepadi va darvozabonning tirsagi bilan urgan qattiq zarbasidan so`ng maydonga qulaydi. Bo`yin suyaklari sinib, tishlaridan ayrilgan futbolchini kasalxonaga olib ketadilar. Gollandiyalik hakam Charlz Korver Shumaxerning bu harakatini qoidabuzarlik deb hisoblamagan. Final o`yinida Germaniya – Italiya bahsi italyanlarning g`alabasi bilan yakunlanib, ruhiy holati yaxshi bo`lmagan fransuzlar uchinchi o`rin uchun bo`lgan bahsda polyaklardan mag`lubiyatga uchraydilar.
2. Jahon chempionati - 1966. Final. Angliya — Germaniya
Bu safargi shov-shuvli holatda ham Germaniya, yana ham aniqroq aytadigan bo`lsak GFR termasi ishtirok etgan. Faqat Angliyada nemislar jabrlanuvchi rolida edilar.
O`yining asosiy qahramoni bo`lib, sahnaga bosh hakam emas, balki, qanot hakami Tofik Bahromov chiqadi. Aynan qanot hakami inglizlar tomonidan urilgan ikkinchi golni inobatga olishda bor ma`suliyatni bo`yniga olgan. To`p darvoza to`siniga tegib, erga urilgach, maydonga qaytib chiqib ketganidan so`ng Tofik bosh hakamga shak-shubhasiz gol bo`lgani haqida ishora beradi.
Shundan beri eng kuchli mutaxassislar zo`r texnik uskunalar bilan o`sha paytda darvoza ishg`ol qilingan yoki qilinmagani tahlil etib ko`rdilar. Ulardan ko`pchiligi gol bo`lmaganligini tasdiqlashdi. 2010 yil mundialdagi Germaniya – Angliya bahsidagi hakamning xatosini esa, barcha muxlislarning yodida qolgan o`sha holatga nisbatan, taqdir charxpalagining aylanishi, deb baho berish mumkin, xolos.
1. Jahon chempionati - 1986yil. ¼ final. Argentina — Angliya
Ko`pchilik, 1966 yili inglizlar zo`r sovg`aga ega bo`lishgan deb o`ylasa, yana boshqalar yigirma yil o`tib, tumanli o`lka vakillari 1986 yilgi chorak final o`yinida nohaq yutqazib qo`yish qanday bo`lishini his etishganini aytishadi.
O`sha oqshom, hakam Ali Bin Nasr afsonaviy Diego Armando Maradona tomonidan qo`l bilan urilgan golni hisoblab, angliyaliklarga chiqish eshiklarini ko`rsatgan edi. Mana shu tarixiy gol Argentinani yarim finalga olib chiqib, jahon chempioni bo`lishlariga yo`l ochib bergan.
O`yindan so`ng Maradona barchaga o`sha paytda to`pga qo`l tekkan bo`lishi mumkinligini, lekin bu qo`l uniki emas, balki, “ilohiy qo`l” ekanligini aytgan edi.
Muallif:     Elmurod ERMATOV

    Boshqa yangiliklar