Pazanda bekaning qo`lida har nima, hatto meva-sabzavotlar ham san`at asari darajasiga etadi. Ayniqsa, banan cheksiz fantaziyalar manbai. Undan bolalar ko`zini quvnatuvchi jonivorlar, romantik dasturxon uchun o`ziga xos shakllar hosil qilish mumkin. Shulardan bir shingilini e`tiboringizga havola qilamiz.
Delfincha
Kulib turgan delfincha oila a`zolaringizga ham, mehmonlarga ham ma`qul kelishi aniq. Mevaning o`rtasidan ikki qanotcha chiqaring. Qaeri yuzi, qaeri dumi bo`lishini anglab olgandirsiz. Endi ko`zchasini yasasangiz bo`ldi.
Ajralmas do`stlar
Bu ikkisi — qalin o`rtoq. Ular farzandingizga yoqib qolishiga shubha yo`q. Demak, ikki bananga bir xil ishlov berasiz: qo`l-oyoqlar chiqarasiz, boshqa biror bananning terisidan quloqchalar archib, ajralmas do`stlarni bir-biriga yopishtirasiz.
Muhabbat ulashing!
Bir-biriga muhabbat tilab turgan bu ikki banan xafalashib qolgan juftliklarni yarashtirib qo`ysa, ajab emas. Sevimli va foydali banan ana shunday xislatga ham ega.