Bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, qonun hujjatlari buzilishi, jumladan, kontrabandaning oldini olish, uni aniqlash va ularga chek qo`yish bojxona xodimining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Biroq “guruch ichidagi kurmak”lar dilni xira qiladi...
44 yoshli M. Karimov va 32 yoshli D. Yuldashev Farg`ona viloyati Bojxona boshqarmasi Andarxon chegara bojxona postining bojxona ko`rigi va rasmiylashtiruvi guruhi katta inspektori lavozimida ishlashgan. Ustomonlar 2018 yil 2 may soat 10:00 larda Andarxon bojxona posti orqali Tojikistondan O`zbekistonga juda ko`p miqdordagi sigareta mahsulotlarini V. Baratov boshqaruvidagi transport vositasida olib o`tishayotganida, DXXga qarashli harbiy qism xodimlari ularni payqab qolishgan. Transportda umumiy narxi 1.143.000.000 so`mga baholangan, 2 turdagi jami 184.500 quti sigaretalar borligi aniqlangan.
“YuK KIMNIKI EKANINI ANIQ BILMAYMAN”
Sudlanuvchi M.Karimov sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi.
— 2018 yil 1 may kuni ertalab Andarxon bojxona postidan telefon qilib, O`zbekiston tumani hokimiyatiga qishloqlarni asfaltlashtirish bo`yicha ishchi guruhiga soat 08:30 larda borishimni aytishdi. U erda yig`ilish o`tkazildi va tumanda asfalt qilinmagan qishloq yo`llariga shag`al to`ktirish bo`yicha topshiriq berildi. 21:00 gacha o`sha erda bo`ldim.
Post boshlig`i soat 22:00 da qo`ng`iroq qilib postda xodim etishmayotgani sabab, postga etib borishimni aytdi. Borib xizmatni davom ettirdim. Ertasi kuni soat 08:00 larda oldin men bilan birga ishlagan Mirzakarim ismli nafaqaxo`r tanishim parfyumeriya mahsulotlari va sigareta mahsulotlarini postdan o`tkazishga yordam berishimni so`radi. Bir kishi xorijdan 300 dollarlik tovar olib kelishi mumkinligini aytdi. So`ng 08:30 larda “Isuzu” mashinasi haydovchisi V. Baratov postga keldi. Yukni tezroq postdan ko`riksiz o`tkazish uchun postning smena boshlig`i katta inspektori D. Yuldashevga holatni tushuntirdim. D. Yuldashev bu yuklarni bojxona nazoratidan yashirib o`tkazish uchun plomba ilish kerakligini aytdi. Haydovchi V. Baratovga katta inspektor D. Yuldashev qanday ilish kerakligini tushuntirdi.
Haydovchi shundan so`ng Tojikistonga post orqali qaytib chiqib ketdi. Shu kuni soat 10:30 larda V. Baratov yuklari bilan postga kirib kelganida, katta inspektor D. Yuldashev o`tkazib yubordi. Chegarachilar ko`rik xodimi transport vositasidan gumonlanib, chetga olishni so`radi. Ko`rikdagi chegara xodimi o`zining smena boshlig`ini chaqirdi. Smena boshlig`i haydovchiga yuk egasini chaqirtirishni aytdi. Bir soat oralig`ida unga notanish bo`lgan, o`zini yuk egasi Xayrullo, deb tanishtirgan kishi rasmiylashtirish xonasiga kirdi.
Chegara smena boshlig`i haydovchi V. Baratov, Hasan hamda Xayrullo ismli shaxslarni o`z xonasiga olib kirdi. Soat 14:30 larda chegara smena boshlig`i V. Baratov, Hasan, Xayrullo bilan birga tashqariga chiqishdi. So`ng DXX xodimlari, bojxona kontrabandaga qarshi kurash bo`limi xodimlari hamda Andarxon bojxona posti xodimlari mashinani ko`zdan kechirishdi. Shunda yuk xonadan juda ko`p miqdorda sigareta mahsulotlari borligi aniqlandi. Yuk kimniki ekanini aniq bilmayman. Chunki yuk bojxona postida ushlanganidan keyin hech kim “yuk meniki”, deb kelmadi. Qilmishimdan pushaymonman.
“MAHSULOTNING BARChASI SIGARET EKANINI BILMAGANDIM”
Sudlanuvchi D. Yuldashev sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi.
— 2018 yil 1 may kuni 09:00 da Andarxon bojxona postida smena boshlig`i sifatida xizmatni boshladim. 2 may soat 07:30 larda A. Isamiddinovning o`rniga M. Karimov smenada ish boshladi. M. Karimov soat 08:00 larda bir tanishini postdan o`tkazish kerak bo`lgan sovuni va oz miqdorda sigareti borligini aytib, o`tkazishda yordam berishimni so`radi. Yuklarni tushirmay, o`tkazib yuborishga rozi bo`ldim. Qanday o`tkazish yo`lini so`radi, 3-4 kun oldin bir mashinadan olib qolingan, boshqa bir yuk uchun ishlatilgan plombani berishim, keladigan mashinaning yukxonasini shu plomba bilan plombalashni aytdim. M. Karimov postdan yukni olib o`tadigan haydovchini postga chaqirdi. Uchalamiz xonaga kirganimizda, M. Karimov postdan yukni o`tkazadigan haydovchi shu kishi ekanini aytdi. 2018 yil 28 aprelda M. Haydarov tomonidan postdan O`zbekistonga harakatlangan transportdan echib olingan va shu kungacha shkafning ichida turgan plombani haydovchiga berib, uni ilish tartibini tushuntirdi. Keyin M. Karimov haydovchiga bojxona postiga yuk bilan kirib kelganida chegarachilarning savoliga qanday javob berish kerakligi, ya`ni mashinaning ichida atir sovun borligi, yukning hujjatlari egasidaligini aytishni, chegara xodimlariga qo`rqmasdan, dadil javob berishni tushuntirdi. So`ng xonadan chiqib ketdim, birozdan so`ng ikkovi ham chiqib ketdi. Oradan taxminan 45-50 daqiqa o`tganidan so`ng, soat 10:00 lar atrofida Andarxon chegara bojxona postiga “Isuzu” transporti “naves”ni tagiga kirmay, transportni ro`yxatga olish kamerasining qarshisiga qo`ygan vaqtda uning davlat raqam belgisini ko`rdim. So`ng transport bojxona ko`rigidan o`tkazish joyiga qo`yildi. Haydovchi mashina va o`ziga tegishli bo`lgan hujjatlarni chegara xodimiga ro`yxatdan o`tkazish uchun berdi. Shu vaqt haydovchi bilan birga edim. Chegara xodimi mashinada nima borligini so`radi. Haydovchi mashinada atir sovun borligi, yukxona plombalanganini ma`lum qildi. Chegara xodimi yukka tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qilganida, haydovchi hujjatlar yuk egasidaligini aytdi. Chegara xodimlari haydovchiga yukni egasi hujjatlari bilan kelganidan keyin transport harakatlanishiga ruxsat berishini aytdi. Haydovchi kimgadir qo`ng`iroq qilib, vaziyatni tushuntirdi va chegarachiga yukni egasi kelayotganini bildirdi. Transportni bojxona postidan o`tkazib yuborish maqsadida chegara xodimiga hozir tadbirkorlarga engillik beruvchi qonunlar qabul qilingani, plombasi bor mashinani to`xtatish mumkin emasligi, tadbirkor ertaga ustimizdan shikoyat qilishi mumkinligi yoki avtotransportni post hududiga qaytarib yuborish kerakligini aytdim. Lekin chegara xodimi mashina shu erda qolishi, yukni egasi hujjatlarni olib kelishi lozimligini aytdi. 1-2 soat vaqt o`tgach, bir kishi kelib o`zini Xayrulla, deb tanishtirdi, yukni egasi ekani, mashinada atir sovun borligi, agar boshqa narsa bo`lsa yuk uniki emasligini aytdi. Soat 16:00 larda DXX Beshariq tumani bo`limi xodimlari etib kelganidan so`ng chegara-bojxona xodimlari birgalikda transport vositasi yukxonasini ochishdi. Mashinada sigareta borligi aniqlandi. Birozdan so`ng bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari ham kelib, holatni rasmiylashtirishdi. Soat 20:00 larda tamaki yuklangan mashina, haydovchi V. Baratov, mashinaning haqiqiy egasi Hasan ismli kishi, o`zini Xayrulla, deb tanishtirgan kishini bojxona boshqarmasiga olib ketishdi. M. Karimov yukni noqonuniy o`tkazishdagi yordami uchun manfaatdor ekanini aytmagandi. Tanishimning yuki, degani uchun yordam qilmoqchi bo`lgandim, sovun va sigareta mahsuloti olib o`tiladi, deb o`ylagandim. Mahsulotning barchasi sigareta ekani va kimga tegishliligini bilmagandim. Qilmishimdan pushaymonman.
Farrux ABDURAIMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tumani sudi raisi:
— M. Karimov va D. Yuldashevga Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismining “a, g” bandlari bilan 45-modda qo`llanilib, 3 yil muddatga bojxona idoralarida ishlash huquqidan mahrum etilib, eng kam oylik ish haqining 450 baravari miqdorida, ya`ni 77.508.000 so`m jarima jazosi tayinlandi.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist