BMT ma`lumotiga ko`ra, 1950 yil BMT tashkil etilgandan 5 yil o`tgach, dunyo aholisi soni 2,6 milliard kishini tashkil etgan bo`lsa, 1987 yilga kelib ushbu ko`rsatkich 5 milliardni, 2011 yilga kelib 7 milliardni tashkil etgan. 2017 yilga kelib esa dunyo aholisi soni 7,5 milliardga etgan.
Mutaxassislarning kuzatuviga ko`ra, dunyo aholi sonining o`sib borishi barcha qit`alarda birdek qayd etilmagan. Hozirgi kunda qit`alardagi aholi soni o`sishida tarixiy o`zgarishlar kuzatilmoqda.
Xususan, prognozlarga ko`ra, 2050 yilga qadar Afrika mamlakatlarida aholi soni katta ko`rsatkichlar bilan o`sishi kutilmoqda. Dunyo mamlakatlari bilan taqqoslaganda 2010-2015 yillarda qit`a aholi soni yiliga 2,55 foizdan oshib borayotgani kuzatilgan. So`nggi yillarda hudud iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning barqarorlashuvi aholi sonining oshib borishiga turtki bo`lmoqda.
Aholi sonining oshib borishi ko`rsatkichi bo`yicha Osiyo mamlakatlari ikkinchi o`rinni egallamoqda. Mutaxassislar prognoziga ko`ra, dunyo aholisining 60 foizini tashkil etadigan Osiyo mamlakatlari aholisi 2050 yilga kelib 9 milliardga etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga kuzatuvlar natijasida Evropa qit`asidagi qator davlatlarda, xususan, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Vengriya, Latviya, Litva kabi davlatlarda aholi sonining sezilarli darajada kamayishi qayd etilgan. Shuningdek, aholi soni ko`pligi jihatidan dunyo miqyosida yillar davomida etakchilik qilib kelayotgan Yaponiyada 2050 yilga qadar aholi soni 15 foizga qisqarishi kutilmoqda.