Bugun, 18 fevral kuni O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov hamda vise-prezident Ahmadjon Rahimov Moskvada joylashgan Rossiya Olimpiya qo`mitasi binosida uchrashuv o`tkazishdi.
Unda mezbonlar tomonidan Bosh kotib Anastasiya Davidova, Bosh kotib o`rinbosari - Xalqaro aloqalar boshqarmasi rahbari Yuriy Yurev hamda sport direktori Andrey Konokotinlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o`zaro kelishuv asosida ishni davom ettirish, Olimpiya o`yinlarida ko`plab medallar jamlanmasi o`ynaladigan suv sporti va engil atletika sport turlari bo`yicha murabbiylarni terma jamoamizga jalb qilish, suv sporti turlari (suv polosi va sinxron suzish) bo`yicha qo`shma o`quv-mashg`ulot yig`inlarini tashkil etish masalalari ko`rildi.
Shuningdek, rossiyalik mutasaddilar mart oyida poytaxtimizda foydalanishga topshiriladigan "Humo" ko`ptarmoqli arenasining ochilish marosimida ishtirok etish istagini bildirishdi. O`z navbatida, Jasur Matchanov mazkur tashrifdan faqat va faqat xursand bo`lishini bildirdi.
Bundan tashqari, Rossiya Olimpiya qo`mitasi vakillari o`zbek og`ir atletikasi so`nggi yillarda sezilarli ravishda o`sganini qayd etishdi. Ular tomonidan Tokio 2020 Olimpiadasi oldidan so`nggi o`quv-mashg`ulot yig`inini birgalikda, Yaponiyaga yaqin bo`lgan hudud - Yujno-Saxalinsk shahrida tashkil etish taklifi bildirildi. O`z navbatida bu har ikkala tomon uchun ham manfaatli hamkorlik bo`lishi ta`kidlandi.