AsosiySport

Server Ibragimov jahon kubogida oltin medalni qo`lga kiritdi

'Server Ibragimov jahon kubogida oltin medalni qo`lga kiritdi'ning rasmi

BAAning Al-Ayn shahrida paralimpiyaning o`q otish sport turi bo`yicha o`tkazilayotgan jahon kubogi bahslari ishtirok etayotgan O`zbekiston terma jamoasi delegasiyasi bitta oltin medal bilan boyidi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Paralimpiadaga yo`llanma beradigan ushbu nufuzli musobaqada sportchimiz Server Ibragimov SH1 mashqida to`pponchadan 50 metrga o`q uzish bahslarida eng yaxshi natija ko`rsatib oltin medalni qo`lga kiritdi.

Ibragimov 223,0 natijani qayd etgan bo`la, hindistonlik Singx Ray (222, 8) kumush va ukrainalik Aleksey Denisyuk (200,5) bronza medaliga sazovor bo`lishdi.

Server Ibragimov, 2018 yil may oyidayoq Koreyaning Chonju shahrida bo`lib o`tgan jahon chempionatida Paralimpiya o`yinlari lisenziyasini qo`lga kiritib bo`lgan. O`shanda Server R1 mashqida 10 metrga o`q uzish bo`yicha kumush medalga sazovor bo`lgan. Demak, uning uchun mazkur turnir Olimpiadaga tayyorgarlik vazifasini o`taydi.

S.Ibragimov Rio-2016 Paralimpiya o`yinlarida bronza medalini qo`lga kiritgan edi.

    Boshqa yangiliklar