Amaldagi tartiblarga muvofik biologik faol qo`shimchalar Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ruyxatga olinishi va belgilangan tartibda sertifikatlanishi talab etiladi. Bu turdagi tovarlarning sifati kafolatlanmagan tarzda ichki bozorga kirib borishi yurtdoshlarimiz salomatligi uchun salbiy oqibatlarnn keltirib chiqarishi mumkin.
Yaqinda Toshkent shaxar bojxona boshqarmasining Kontranbanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari yirik miqdordagi biologik faol qo`shimchalarning noqonuniy aylanmasini fosh qilishdi. Poytaxtimizning Olmazor tumanida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolardan biri 7 turdagi 840 dona biologik faol qo`shimchalarning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olmadi. Mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 54 mln 600 ming so`mni tashkil qilar ekan.
Majburiy tartibda sertifikatlanadigan tovarlar sirasiga oziq- ovqatlar, parfyumeriya va gigienik vositalari ham kiradi. Ammo, bu turdagi tovarlarni bojxona nazoratidan chetlab olib kirishga urinayotgan shaxslarni yurtdoshlarimizning salomatligidan ko`ra mo`may daromad ko`prok qiziqtiradigan ko`rinadi.
Ana shunday shaxslardan biri fuqaro Nurjigitovaning qing`ir qilmishlariga Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yul chegara bojxona posti xodimlari tomonidan o`z vaqtida chek qo`yildi. “Ufa-Toshkent” yo`nalishidagi yo`lovchi poezdi orqali respublikamizga kirib kelar ekan, ushbu shaxs umumiy qiymati salkam 55 mln. so`mni tashkil qiluvchi 140 turdagi 985 dona parfyumeriya mollari, 121 dona ayollar gigienik vositalari, shuningdek, quruq choy, konfet va bolalar ozuqalarini tijorat maqsadida deklarasiyalamagan holda olib o`tishga uringan vaqtida to`xtatib qolindi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.





