O`zbekiston Islom dunyosidagi eng muqaddas qadamjolar maskani bo`lib, tarixiy yurtni ko`rish uchun har yil minglab sayyohlar tashrif buyurishadi. Ziyoratchilarning qadami uzilmaydigan noyob tarixiy me`moriy, madaniy-ma`rifiy qadamjolardan biri Zangi ota majmuasiga dunyoning turli burchaklaridan ko`plab pok niyatli sayyohlar tashrif buyurishmoqda.
Respublika Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi tomonidan uning Toshkent viloyatidagi hududiy departamenti bilan hamkorlikda mahalliy OAV vakillari uchun Toshkent viloyatiga ikki kunlik tashkil etilgan info-tur ishtirokchilari ushbu qadamjoni ziyorat qilishdi. Mazkur info-turdan ko`zlangan maqsad mamlakatimiz moddiy-madaniy meros ob`ektlarini xalqimizga yanada tanishtirish va targ`ib qilish hamda turizm sohasida kiritilayotgan yutuqlarni ommalashtirishga qaratilgan.
Ziyoratgoh diniy xodimi Fayziahmad Meliboevning bildirishicha, Zangi ota majmuasiga butun Markaziy Osiyo mintaqasidan turli millatlar vakillari tashrif buyuradi. So`nggi yillarda katta obodonchilik ishlaridan ajdodlar ruhi shod bo`lib, bu dargoh jozibali go`shaga aylangan.
Xalqaro tadqiqotlarda ko`rsatilishicha, dunyo miqyosida ziyorat turizmi yo`nalishida sayyohlar soni ortib bormoqda. Xususan, 2017 yilda musulmon sayyohlar soni 131 million kishini tashkil etgan. 2020 yilga borib sayyohlar soni 160 millionga etishi kutilmoqda.
Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi rasmiy saytida keltirilishicha, yurtimizga ziyorat maqsadida tashrif buyurgan, O`zbekistonning madaniy, tarixiy, diniy va ma`naviy merosi, an`analarini o`rganish maqsadida kelayotgan xorijiy fuqarolarga 2 oygacha bo`lgan muddatga Ziyorat vizasi berilishining kiritilishi ham sohaga berilayotgan yana bir e`tibordan darak.
Nigora Xodjaeva tayyorladi.