Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan uyushtirilgan navbatdagi media-tur Toshkent viloyatining yangi sayyohlik ob`ektlari targ`ibotiga bag`ishlandi. Ma`lumki, viloyat o`zining sog`lomlashtiruvchi maskanlari, ziyoratgohlari, boshqa viloyatlardan ajralib turuvchi tog`li iqlimi, ekstemal turizm, alpinizm, ekoturizm kabi yo`nalishlari bilan diqqatga sazovor. OAV vakillari, avvalo, Zangiota ziyoratgohida bo`lib, maqbara tarixiga qiziqdilar. Majmua xodimlari ularning savollariga batafsil javob berishdi.
ShOH QIZI ZANGI OTAGA ChO`RI BO`LGANMI?
– Zangi otaning asl ismi Oyxo`ja, qoracha bo`lgani uchun uni “Zangi ota” deb chaqirishgan, – deydi majmua diniy xodimi Fayziahmad Meliboev. – U 25 yoshida Xorazm shohining 40 yoshli qizi Anbar onaga uylangan. Anbar onaning birinchi turmushi Sulaymon ota (Hakim ota) Zangi otaning ustozi bo`lgan. Anbar ona birinchi turmushidan 3 nafar o`g`il ko`rgan. Hakim ota yosh vafot etgan. O`limidan oldin o`g`illariga: “Bolalarim, vafotimdan keyin meni ta`ziyamga 40 nafar avliyo keladi. Ular ichida bo`yi baland, qoracha, qo`lida asosi bor avliyoga onangizni nikohlab beringlar”, – deydi. Shu tariqa Anbar ona Zangi otaga uzatiladi. Rivoyatlarga qaraganda Zangi ota va Anbar ona turmushidan farzand bo`lmagan. Avliyo ota tahminan 86 yosh umr ko`rgan. U cho`ponlik qilib, butun umrini tasavvuf ilmi, naqshbandiya va yassaviya tariqatini o`rganishga bag`ishlagan.
Anbar ona shoh qizi bo`lishiga qaramay, qolgan umrida avliyoning xizmatini qilib, duosini olgan. Zangi ota vafot etgach o`z chillaxonasi (qavmlari ko`milgan joy)ga, Anbar ona va uning qaynonasi (birinchi turmushidagi qaynonasi Anbar ona bilan umrining oxirigacha yashagan) o`z hovlisiga dafn etilgan. Oradan 100 yil o`tgandan keyin sohibqiron Amir Temur boshchiligida maqbara qurilib, bu erlar tabarruk qadamjoga aylantirilgan. Mirzo Ulug`bek davrida maqbara qurilishi davom ettirilgan.
2013-2014 yillarda ob`ekt qayta ta`mirlanib, eski 350 o`rinlik xonaqoh o`rniga 750 o`rinlik masjid qurildi. Uning atrofida ko`pgina ob`ektlar, tahoratxona, hovuz, favvora, so`lim bog`lar barpo etildi. Hozir bu erga juda ko`p sayyohlar, ziyoratchilar tashrif buyurmoqda.
FAXRIY PROFESSOR BOG`IDAGI AJIB ARChALAR
Yana bir diqqatimizni jalb qilgan manzil Parkent tumanidagi Aminjon Muhammadjonov xususiy korxonasidagi ko`chatchilik xo`jaligi bo`ldi. Bu erda noyob o`simliklar parvarish qilinadi. Ayniqsa o`ziga xos shakl berilgan manzarali archa daraxlarini ko`rib, bog`bonning mahoratiga qoyil qoldik. Ularni etmish besh yoshli Aminjon Hoji bobo o`z qo`llari bilan shunday san`at asari darajasiga etkazgan. Boboning ko`chat ekish va daraxtga shakl berish ishlari bilan shug`ullanayotganiga ko`p vaqt bo`lgan. O`zining aytishicha otasi o`n etti yoshligidan unga bog`dorchilik ilmini o`rgatgan va o`shandan buyon qalbida o`simliklarga qiziqish uyg`ongan ekan.
Keng maydonlarga ekilgan noyob daraxt ko`chatlari dunyoning turli mintaqalaridan olib kelingan. Otaxonning aytishicha “mojjevilnik” deb ataluvchi archa turiga ishlov berib, ko`zlangan shaklga keltirish mumkin. Ammo daraxtning shoxlarini vaqtida kesib, besh-olti yil kutish kerak bo`ladi. Bog`dagi o`simliklarga faqat tabiiy o`g`it beriladi. Aminjon otaning besh nafar farzandi, ikki kelini hamda o`n etti nevarasi unga bog` parvarishida yordamlashadi. Ba`zan xasharchilarni ham chaqirib turishadi.
–Bizning erlarimizga cho`pni tiqib parvarish qilsangiz ham tutib ketadi, –deydi otaxon. –O`simlik dunyosi bizga boshpana, egnimizga kiyim, iste`mol qilishga oziq-ovqat bo`ladi. Manzarali daraxtlar esa ko`zni quvontiradi, atrof-muhitni kislorod bilan ta`minlaydi. Shuning uchun qancha ko`p daraxt eksak shuncha ko`p foyda ko`ramiz.
Kuzatgan bo`lsangiz, ayrim tumanlarda, hatto Toshkent shahrining qoq markazida ekilgan ba`zi archalar ham sarg`ayib ketganining guvohi bo`lamiz. Otaxonning xo`jaligidagilar esa yam-yashil bo`lib turibdi. Uning aytishicha archalar bizning issig`imizga moslashmagan, shuning uchun ularga maxsus kimyoviy o`g`it berish kerak ekan. Shu dorini bermasa sarg`ayib ketaverarkan. “Qari bilganni pari bilmas” deb bekorga aytishmaydi. Yoshi ulug`lar bizga ulug` ustoz, ularning har bir xatti-harakati ibrat, tajriba maktabidir. Viloyat hokimligi vakilining aytishicha davlatimiz rahbari otaxonning ekobog`ida chiroyli archalarni ko`rganda: “Mana, bo`larkan-u!” deya xitob qilgan ekan. Prezident tavsiyasi bilan otaxonga Agrar universitet faxriy professori unvoni berilgan. Uning ekobog`i agroturizm sayyohlik yo`nalishida qiziqarli ob`ekt hisoblanadi. Hozirda agroturizmga qiziquvchilar bu erga tez-tez kelib turishibdi. Otaxonning betakror archa navlarini yaqin hamdo`stlik mamlakatlaridan ham kelib sotib olishmoqda. Agrar universitet talabalari ham doimiy ravishda kelib, mazkur xo`jalikda boboga yordamlashib, tajriba o`rganib ketishadi. Ularga Aminjon Hoji bobo bog`dorchilik hamda o`rmonchilik sir-asrorlarini o`rgatmoqda.
TOG` BAG`RIDAGI MEHMONXONA
Bo`stonliq tumanidagi serviqaor tog`lar bag`rida «Turon resort» nomli zamonaviy dam olish maskani – besh yulduzli mehmonxona majmuasi qurilmoqda. Loyiha rahbari Abdurasul Abduhalilovning aytishicha bu mamlakatdagi eng chiroyli mehmonxona kompleksi bo`ladi. Uning loyihasi juda ajoyib: shaffof shisha devorlar orqali qorli tog`lar o`z jamolini ko`z-ko`z qiladi. Bir yonda sharqirab oqayotgan soy, bir yonda archazorlar, bir yonda endigina gullagan olcha daraxtlari... Ushbu turistik ob`ekt ispaniyalik mutaxassislar loyihasi asosida o`zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan barpo etilmoqda.
U 76 ta nomerdan iborat bo`lib, hovlisida yigirmadan ortiq villa, spa-salon hamda basseynlar, “gorka”, sport zallar, stadion, restoran, xullas barcha sharoitlar muhayyo qilinadi. Mehmonxonaning birinchi bloki shu yil iyun oyida sayyohlik mavsumi ochilishi bilan ishga tushiriladi. Kuzning ilk oyida esa to`liq foydalanishga topshiriladi.
Jurnalistlar mehmonxonaning qurilish jarayonlarini tarixga muxrlovchi fotosuratlarni olishga shoshilishdi. Telejurnalistlar esa zahmatkash quruvchilar bilan mehmonxona tomida suhbat qurishdi. Bu lavhalar bir necha yildan keyin tarix sahifalarida shonli bunyodkorlik jabhalaridan ajoyib xotira bo`lib qoladi. Mehmonxona bitgach, hamma uni qurgan ustalarga rahmat aytadi. Tasavvur qiling, bu fidoyi insonlar shunday tog`li murakkab sharoitlarda mehnat qilishmoqda. Jarga yaqin qiyalikda o`tnatilgan ko`tarma kran g`ildiraklari ostiga g`isht terib muvozanatga keltirish, unda og`ir beton plitalarni dast ko`tarib, murakkab loyiha talabi darajasida ish bajarish... bularning hammasi aytishga oson. Ko`z oldingizga Misr piramidalarining qurilish jarayonlarini keltiring. Hozir tog` bag`rida mehnat qilayotgan quruvchilarning mashaqqati piramidalarnikidan kam emas. Barakalla azamatlar, hali bu muhtasham mehmonxona bitganda bor zahmatlar unut bo`lib ketadi. Shunday katta inshootni shunday qisqa muddatda barpo etishni ko`zlashgan. Zabardast ustalarga shonli mehnat jabasida sog`lik, kuch-quvvat tilaymiz!
YoPIQ OB`EKT ENDI BARChAGA OChIQ
Hayratimizga sabab bo`lgan yana bir ob`ekt – Parkent tumanidagi “Fizika – quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish instituti. Bu avtomat boshqaruv tizimiga ega murakkab optik-mexanik kompleksdir.
Institut akademiklar S.Azimov va I. Karimov rahbarligida 1987 yilda qurib ishga tushirilgan. Bunday inshoot dunyoda ikkita bo`lib, Fransiyada va O`zbekistonda mavjud. Jahondagi boshqa qurilmalarning quvvati va energiya zichligi juda past. Bir necha yil oldin bu strategik ob`ekt yopiq hisoblangan. Hozir mazkur hududda ilmiy turizm yo`nalishi rivojlantirilmoqda. Ob`ekt hamma uchun ochiq bo`lib, turistlar, talabalar, ichki sayyohlar bemalol kelib, tomosha qilishlari, o`rganishlari mumkin. Inshootning balandligi erdan shaffof ko`prikkacha 68 metr. Dengiz sathidan esa 1100 metr yuksakda joylashgan.
Toshkent viloyatining sayyohlik salohiyati juda keng. Ayniqsa bahavo tog`lar bag`rida bizni o`ziga tortuvchi ming yillik sirlar yashirin. Dunyoda megapolislar soni ortgani sayin yovvoyi tabiat insonni o`z bag`riga ohanraboday chorlayveradi. Bugungi kunda jadal sur`atda bunyod etilayotgan dam olish maskanlari ishga tushsa xalqimizga ko`plab ish o`rinlari yaratiladi, dam oluvchilarga zamonaviy qulayliklar taqdim etiladi. Toshkent viloyati turistik jozibadorlikda o`zgacha qiyofada bo`y ko`rsatishiga sanoqli kecha-kunduzlar qoldi.
Manzura BEKJONOVA