1

QADI SARVI UZA ZULFI KAMANDE...

Mutolaa 25.04.2019, 11:56
  QADI SARVI UZA ZULFI KAMANDE...

Yoxud Hofiz Xorazmiy qalamiga mansub bu g`azalning shimoliy muzliklarga nima aloqasi bor?

Albatta, Jahongir Otajonovning mazkur qo`shig`i so`zlarining muallifi haqida unga jo`r bo`lib kuylayotgan tinglovchilarning o`ndan biri ham etarlicha ma`lumotga ega bo`lmasa kerak. Chunki, internet tarmoqlarida tarqalib ketgan videolavhalarda ham klip ijodkorlari haqida ma`lumotlar bo`lsa-da, she`r muallifi esga olinmagan.

...1870 yilda Hindistonning Haydarobod shahri Salarjang muzeyidan antiqa qo`lyozma – XV asrga mansub devon topiladi. Undagi she`rlar turkiy tilda bitilgan bo`lib, ularda Hofiz taxallusi qo`llangan edi. Mutaxassislarning uzoq yillik izlanishlari natijasida 34 mingdan ortiq she`riy baytlarni o`z ichiga olgan devonXIV-XV asrlarda yashab o`tgan o`zbek shoiri Hofiz Xorazmiyga tegishli ekani ma`lum bo`ldi.

Izlanishlarga ko`ra, bu shoir aslida Xorazmda tug`ilgan, keyinchalik temuriylar hukmronligi ostida bo`lgan Sherozga ko`chib o`tgan, umrining oxirigacha shu erda yashagan.

U fors adabiyotining buyuk namoyandasi Hofiz Sheroziy she`riyatiga katta ixlos qo`ygan, shu bois, o`ziga ham shu taxallusni tanlagan edi.

Hofizni ko`rung ushbu zamon turk tilida,

Gar keldi esa, Forsda ul Hofizi Sheroz

- misralari ham shoirning turkiy tilda Hofiz Sheroziy darajasida ijod qilishni o`z oldiga maqsad qilgani ko`rinadi.

G`azal nima haqda?

Keyiling endi mashhur xit-qo`shiqqa asos bo`lgan g`azalning baytlarini sharhlashga kuchimiz va idrokimiz etgancha urinib ko`raylik:

Qadi sarvi uza zulfi kamande

Chu soldi, bo`ldi jong`a poybande.

Ma`shuqa (yor) ning sarvdan tik qomati ustidagi sochi – zulfi kamand (ovchilar ishlatadigan uzun arqon) solganida, jonim xuddi oyog`idan to`rga ilingan o`ljadek asir bo`ldi.

Etishmas xoki posig`a aning sarv,

Agarchi chekdi bas qaddi balande.

Hatto sarv bo`yi har qancha baland bo`lsa-da, uning xoki poyiga – oyog`i ostidagi tuproqqa ham eta olmaydi.

Yuzi ustindagi ul donai xol,

Yonar o`t uzra erur chun sipande.

Cho`g`dek lovullab turgan yuzi ustidagi qora xoli xuddi olov ustiga tashlangan sipand (hazorsipand, adrasmon ham deyiladi) – isiriq tuxumiga o`xshaydi.

Shakar guftorlar bordur, valekin,

Aningtek yo`qturur bir no`shxande.

Shakardek shirin gapiradiganlar ko`p, lekin xuddi Uningdek kulgusi jonga orom beradigani yo`q.

So`ziyu ko`ziyu shirin dudog`i,

Erur shakkar, taqi bodomu qande.

So`zi, ko`zi va labi shakar, bodom va qandga o`xshaydi. Bu o`rinda mumtoz adabiyotdagi laff va nashr (yig`ish va yoyish) badiiy san`ati qo`llangan. Ya`ni birinchi misrada Yorning so`zi, ko`zi va dudog`i tilga olingan bo`lsa, ikkinchisida ularga o`xshatilgan shakar, bodom va qand tashbehlari keltiriladi.

G`arib ermas, pisand etmasa meni,

Chun andog` yo`q jahonda xudpisande.

Agar u meni pisand qilmasa, buni ajablanadigan joyi yo`q. chunki, jahonda hech kimuningdek takabbur emas.

Eshiginda bu Hofizdek ko`runmas,

G`aribe, xasta miskin dardmande.

Uning eshigida bu Hofiz (ya`ni muallif)dek g`arib, faqir va dardmand odam bo`lmasa kerak. E`tibor qilinsa, bundan oldingi misradan g`arib so`zi ajablanarli ma`nosida kelgan bo`lsa, keyingi misrada g`arib, bechora singari ma`nolarni beradi.

G`azal bir qarashda oshiqona mazmunga ega bo`lib ko`rinsa-da, unda ikkilamchi tasavvufiy ma`no, ya`ni bandaning Yaratganga bo`lgan ilohiy ishqi ham aks etadi.

Qo`shiq qanday kuylangan?

Xonanda Jahongi ijrosidagi “Qaddai baland” qo`shig`i ko`pchilik muxlislarni mumtoz adabiyotimizning ko`pchilik umrida eshitmagan g`azal bilan qisman bo`lsa-da tanishtira oldi. Shu o`rinda savol tug`iladi: , qo`shiq ijrosi, unga ishlangan klip g`azal mazmuniga to`g`ri kelarmikin? Ammo, qo`shiq ijrosi, unga ishlangan klip g`azal mazmuni qanchalik moq tushadi?

Avvalo, mazkur qo`shiqda Hofiz g`azalining faqat uch bayti ishlatilgan xolos. Xonanda “zulfi kamande” so`zini talaffuz qilarkan, negadir klipda o`q-yoy tasviri namoyon bo`ladi. Holbuki, kamon va kamand mutlaqo boshqa-boshqa narsalar. Qolarversa, badiiy adabiyotda yorning zulfi emas, qoshlari kamonga o`xshatiladi.

Ochig`ini aytganda, klipdagi manzaralar – “lirik qahramon”ningArktikamuzliklari oralab kemada suzishi, qimmatbaho avtomashinalardagi sayohati, katta yo`lning qoq o`rtasida to`xtab, raqs tushishi, diskotekadagi ko`ngilxushliklar bilan Hofiz Xorazmiy g`azali mazmunini bog`lash oson bo`lmasa kerak. Shuningdek, qo`shiqdagi “chuv-chuv”, “voy-bo`”, “shov-shuv” so`zlari ham g`azalning tarkibiyu mohiyatiga begona.

To`g`ri, ushbu qo`shiqning yoshlarning qalbiga etib bora oladigan ohangda, uslubda kuylanishini uning yutug`i deyish mumkin. Har qalay umrida mumtoz adabiyotni qo`liga olmagan yigit-qizlar ikki-uch misra bo`lsa-da, buyuk shoirimiz Hofiz Xorazmiyning ijodidan yod oldi-ku? (Uning ma`nosini tushunib etish – bu endi boshqa masala!) . Lekin, baribir buyuk bobolarimizdan meros qolgan badiiy adabiyot durdonalariga ko`proq mas`uliyat va chuqurroq hurmat bilan yondashilsa, nur ustiga a`lo nur bo`lardi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1