O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi tomonidan joriy yilning 14-25 may kunlari 72-Kann xalqaro kinofestivali doirasidagi “Marché Du Film” kino tadbirida ikkinchi bor “O`zbekiston milliy paviloni” tashkil qilinadi.
Xalqaro festival oldidan Kinematografiyani rivojlantirish markazida 72-Kann xalqaro kinofestivalida O`zbekiston pavilonining tashkil etilishiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, tajribali kinoijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ular kino yo`nalishida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, O`zbekistonning Xalqaro festivalda ishtirokining ahamiyati hamda kelgusida erishishi kutilayotgan yutuqlar haqida fikr bildirishdi.
Shuningdek, Pavilon qatnashchilari “PROlogue V” xalqaro kinofestivalining taqdimotini o`tkazish va unga xorijlik kinoijodkorlarni taklif etish, chet el kinokompaniyalarini yurtimiz kinolokasiyalarida filmlar sur`atga olish uchun jalb qilishni rejalashtirganini ta`kidlashdi. Mahalliy kinematografiya vakillari ishtirokida qo`shma kinoloyihalar yaratish hamda O`zbekistonda kinoturizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar olib borilishi haqida atroflicha ma`lumot berildi.
—Xalqaro Kann kinofestivali kino bo`yicha eng nufuzli festivallardan hisoblanib, undagi kinobozorda har bir mamlakat o`z pavilonini tashkil etib, sohadagi salohiyatini namoyish etadi. Festival mamlakatimizga kinoturizm salohiyatini namoyish etish va uni film olish uchun qulay va optimal lokasiya sifatida targ`ib qilish hamda taniqli kinokompaniyalarni yurtimizga o`z filmlarini suratga olish uchun taklif qilish imkoniyatini yaratadi, – deydi Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Oybek Abdushukurov.
72-Xalqaro Kann festivalida Yurtimiz paviloni qurilishi xalqaro maydonda mamlakat imijini oshirish, kelajakda respublikamizning iste`dodli kinoijodkorlarini dunyo miqyosida tanitish, O`zbekiston kino san`atiga xalqaro hamjamiyat e`tiborini qaratish hamda davlatimizning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O`zbekiston milliy paviloni O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, O`zbekiston milliy kinokomissiyasi hamda O`zbekistonning Fransi yadagi elchixonasi tomonidan tashkil qilinmoqda.