Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`tgan yili fevral oyida bu erga kelib, masjidni keng va ko`rkam qilib qurish bo`yicha topshiriqlar bergan edi.

Bugun 2 gektardan ziyod maydonda ulkan majmua bunyod etildi. Avvalgi loyihadagi ayvon o`rni ham masjid binosiga qo`shilib, yanada kengaytirildi. Majmuadan, shuningdek, konferens-zal, o`quv xonalari, tahorat xona, muzey va boshqalar joy olgan. Yo`l bo`yidagi So`galli ota maqbarasi ta`mirlangan. Beton qoldiqlari chiqarib tashlanib, ko`kalamzorlashtirilgan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati rasmiy saytida xabar qilingan.

Ma`lumki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O`rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo`lgan. Turli diniy-ma`rifiy mavzularda yuzdan ziyod kitoblar yozib, islom dini mohiyatini to`g`ri etkazish, odamlarning bilim va ma`naviyatini oshirishga katta hissa qo`shgan.

Prezidentimiz bu masjid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib bo`lganini ta`kidladi. Shayx hazratlarining ilmiy merosini o`rganish, ma`rifat va odob-axloq mavzularida ko`proq kitoblar chop etish, jamiyatimizdagi ma`naviy muhitni mustahkamlash bo`yicha tavsiyalar berildi.















