AsosiySiyosat

Prezident aholi turmush sharoitlarini yaxshilash bo`yicha ko`rsatmalar berdi

'Prezident aholi turmush sharoitlarini yaxshilash bo`yicha ko`rsatmalar berdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Uchtepa tumanidagi umumta`lim maktabi va tikuvchilik sexini borib ko`rdi.

Birlik mahallasida joylashgan 238-maktabda ikki mingdan ziyod o`quvchi ta`lim oladi. 1969 yilda qurilgan bino eskirgan. Maktab sig`imiga nisbatan o`quvchilar soni juda ko`pligi sababli darslar ikki smenada yo`lga qo`yilgan. 2018 yilgi Investisiya dasturiga muvofiq 240 o`rinli yangi o`quv binosi qurilgan. Lekin poytaxtimizda eski, sig`imi kichkina maktablar hali ko`p.

Shu erda Toshkent shahrida yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirishga oid rejalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz maktablar sig`imini oshirish uchun ularni to`rt qavatli qilib qurish, shu bilan birga bo`sh turgan binolardan samarali foydalanish zarurligini ta`kidladi. O`qituvchilarga qo`shimcha sharoit yaratish orqali o`quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish bo`yicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari «Kozimjon reyting servis» korxonasi tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexida ham bo`ldi.

Ushbu loyiha «Ko`kcha tekstil» mas`uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Xorijdan 100 ta zamonaviy tikuv mashinasi va yordamchi uskunalar olib kelib o`rnatildi. Natijada yiliga 500 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Band bo`lmagan 200 nafar xotin-qiz qayta o`qitilib, ishga qabul qilindi.

Prezident mahsulotlar turini ko`paytirish va sifatiga e`tibor qaratish, bozorni doimiy o`rganib, eksportini ham yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Korxona faoliyatini kengaytirish va ishni ikki smenada tashkil etish orqali yana ko`proq xotin-qizlarni jalb etish, ularning bandligini ta`minlash zarurligini ta`kidladi.

Shu erda Uchtepa tumanida qurilayotgan boshqa korxonalar haqida ham ma`lumot berildi.

    Boshqa yangiliklar