O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini yanada rivojlantirish bo`yicha ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko`lami yanada kengayib, yuzlab uy-joylar, yirik sanoat korxonalari, madaniyat va sport maskanlari, yo`lu ko`priklar barpo etildi.
Raqamlar bilan aytganda, keyingi ikki yilda qurilish ishlari hajmi 1,7 barobar oshgan. Ularda asosan yurtimizda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanilgan. Shu bilan birga, keramik va yog`och-qipiq plitalar, oyna, gulqog`oz va boshqa materiallar import qilib kelinmoqda. Aslida, O`zbekistonda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, import o`rnini qoplash uchun katta imkoniyatlar mavjud.
– Mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari tobora ortib borayotgan bugungi kunda qurilish materiallari iqtisodiyotning etakchi tarmog`iga, o`sish nuqtalaridan biriga aylanishi kerak. Korxonalarda energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali tabiiy boyliklarimizni tejash, materiallar narxini tushirish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarishni kelgusi besh yilda kamida ikki barobar oshirish bo`yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Noruda konlar zaxiralarini oshirish, sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirib, qurilish materiallari sohasini diversifikasiya qilish zarurligi ta`kidlandi.
Prezidentimiz soha korxonalarini barqaror va kamxarj energiya bilan ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratdi. Ko`mir ishlatiladigan birgina g`isht zavodi misolida mahsulot narxini 50 foizgacha tushirish mumkinligini ko`rsatib o`tdi. Shu kabi zamonaviy texnologiyalarni qo`llash katta miqdorda tabiiy gazni tejash, mahsulotlarni arzonlashtirishga xizmat qilishi ta`kidlandi. Bu ham tadbirkorga, ham xalqqa, ham davlatga foyda keltiradi.
Shu bois qurilish materiallari tarmog`ida energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali tannarxni kamaytirish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Mamlakatimiz qurilish materiallari sanoatining eksport salohiyati ham yuqori. Lekin avtotransport xarajatlarining ko`pligi ularning narxiga ta`sir ko`rsatmoqda. Shu bois eksport tovarlarini tashish xarajatlarini subsidiyalash taklifi bildirildi.
Joriy yilda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon va Navoiy viloyatlarida har biri 2 million tonna quvvatga ega 4 ta sement korxonasi ishga tushirildi.
Yil yakunigacha 3,5 million tonna quvvatli yangi zavodlar foydalanishga topshirilib, yillik salohiyat 15 million tonnaga etkaziladi. Bu sementga bo`lgan ichki talabni ta`minlab, narxini arzonlashtirish imkonini berishi qayd etildi.
2019-2020 yillarda sohada 17 trillion so`mlik mingdan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar uchun tijorat banklari kreditini ajratish va xorijiy investisiyalarni faol jalb qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, past rentabelli korxonalarni salohiyatli investorlarga sotish masalasi ham ko`rib chiqildi.
Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish uchun tajribali mutaxassislar kerak. Lekin oliy o`quv yurtlaridagi mavjud o`rinlar ishlab chiqarishda o`sib borayotgan talabga mos emas. Ta`lim jarayoni amaliyot bilan bog`lanmagan.
Shu bois yig`ilishda soha ixtisosliklariga byudjet kvotasini oshirish, korxonalarda o`quv amaliyotini tashkil etishni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yangi texnologiyalar bo`yicha malaka oshirish markazlarini tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddilar hisobot berdi.