1

Farzandingiz giyohvandga aylanmasin!

Salomatlik 26.11.2014, 15:09
Farzandingiz giyohvandga aylanmasin!

Yo`ldan adashganlar avvaliga ajal urug`i ortidan ruhan ergashadi, bora-bora bir onlik “rohat” bag`ishlovchi moddani qayta-qayta tatib ko`rish istagini boshqara olmay qolishadi. Achinarli hol. Biroq biz achinish bilan ularni bu botqoqdan qutqara olmaymiz. Iroda bilan kurashish va kurashishga undash lozim. Oldini olish esa o`z qo`limizda! Mavzu yuzasidan Respublika narkologiya markazi shifokor-narkologi O`ktam TOJIBAEV ma`lumot beradi.

Narkotiklar turli xil bo`lib, ularning organizmga ta`siri ham turlicha. Ba`zilari asab tizimini tinchlantiradi, qo`rquvni bartaraf qiladi, bezovtalik hissidan xalos etadi, yana bir turi hayajonni oshiradi. Ana shu “tuyg`ular” asiriga aylanish esa qiyin emas. Natijada kishi ruhiyati va sog`ligiga o`zi tahdid qilayotganini unutib qo`yadi. Giyohvand moddalarni qabul qilishni boshlagan har qaysi odam vaqt o`tgani sari shubhasiz tanazzulga yuz tutib boradi. O`zini nazorat qila olmaydi, dangasa, behafsala, hayotga nisbatan befarq bo`lib qoladi. Xullas, o`zini-o`zi asta-sekin o`ldirib boradi...

Moyillikni yuzaga keltirishi mumkin bo`lgan sabablar

  • Parokanda va oila a`zolari bir-biriga mehr ko`rsatmaydigan oilada tarbiya topish.
  • Ota yoki onaning biri haddan ziyod qattiqqo`l bo`lsa.
  • Janjallari davomiy kuzatiladigan oila.
  • Oila a`zolaridan biri spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan yoki giyohvand moddalarga moyil bo`lsa.
  • Nobop “do`st”lar davrasi.
  • Bolaning xatti-harakati va moliyaviy holati nazorat qilinmagan holda.
  • Bolalarning qarovsiz qolishi.

Ko`rib turganingizdek, bola tarbiyasida avvalo oila va uning atrofidagi insonlarning ta`siri, ahamiyati kuchli. Ko`p hollarda o`tish yoshida tahqirlik va kulgugiga qolganlarni ham bu tubanlik sari etaklash oson kechar ekan. Ba`zan ota-onalar “Bolam katta bo`lib qoldi, endi uning har bir qadamini tergashim to`g`ri bo`larmikan?” deya o`ylashadi. Ishoning, farzandingizni turli ofatlardan himoyalashingiz uyatli ish emas. Bolalar, siz ham mehribonlaringizni savollarini to`g`ri qabul qiling! Faqat ulargina sizga har doim yordam qo`lini cho`za olishadi.

Himoya choralari bilan tanishing!

Ota-onalarning vazifasi:

- mustaqil va o`zi uchun qaror qabul qiladigan shaxsni tarbiyalash;

- bu hayotda ota-ona farzandiga faqat yaxshilikni ravo ko`rishini tushuntirish;

- farzandlar bilan munosabatlarni ishonch asosiga qurish;

- kelajakda o`z fikriga sobit bo`lib, o`zgalarning ta`siriga berilmasligi uchun bolada o`ziga bo`lgan ishonchni shakllantirish;

- bolalarni alkogol va narkotiklarning zararidan ogohlantirish;

- kelajakda o`z o`rniga ega bo`lishga yordam berish, o`qishiga imkon yaratish;

- do`st tanlashda adashmaslik va do`stlashishni o`rgatish;

- “yo`q” deya bilish;

- vaqtining bo`sh qolmasligi va uni unumli o`tkazishga erishish (bolaning xohish-istaklari inobatga olinishi shart!);

- hayotda omadsizliklar ro`y berishini tushuntirish va ularni engib o`tishni o`rgatish zarur!

Hayotda hamma narsa bo`lishi mumkin! Baxt ham, kulfat ham inson kutmaganida ro`y beradi. Asosiysi, kishi tafakkuri va ongida bu nobop odatlarga qarshi immunitet shakllanishi kerak.

Unutmang, bu yo`l xato va uning oqibatlari nafaqat sizning, balki atrofingizdagilarning ham umrini zaharlaydi.

Dilbar tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1