AsosiyJamiyat

Oila mavzusini yoritishda OAV o`zini oqlayaptimi?

' Oila mavzusini yoritishda OAV o`zini oqlayaptimi?'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan poytaxtimizdagi “Miran international” mehmonxonasidao`tkazilgan “Ommaviy axborot vositalarida oila mavzusini yoritishning dolzarb masalalari” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya doirasida yuqoridagi savollar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Konferensiyaning maqsadi mamlakatimizda oila mavzusini yoritishda jurnalistlar etikasi, mas`uliyati va mahorati masalalarini tahlil qilishdan iborat bo`ldi. Shuningdek, konferensiyada OAVda yoritilayotgan maqolalar juda kam foizni tashkil etishi, xususan bu mavzudagi maqolalarning aksariyatida jinoyat tafsilotlari yoki salbiy harakatlar yoritilayotgani, oila muammolarining tub mohiyati ochib berilmayotgani, “Oila”ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarga tahliliy yondashilmayotgani va bu tadqiqotlarning aksariyati jamoatchilikka xabar tarzida etkazilayotgani haqida so`z bordi.

—O`tkazilgan tadqiqotlarni, ishlab chiqilayotgan dasturlarnifuqarolar ongiga singdirish, oila instituti muqaddasligini yoshlarga etkazishda ommaviy axborot vositalarining o`rni beqiyos, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori, senator Dilorom Toshmuhamedova. — Bugun jurnalistlar oila mavzusida qanday tahlillarni olib boryapti? Ijtimoiy tarmoqlardagi bloggerlar qanday axborotlarni olishga muhtoj? Buning uchun nima qilishimiz kerak, degan savollarga anjuman davomida, albatta, javob olishimiz zarur.

Ishtirokchilarning fikricha, O`zbekiston va dunyo xalqlari tajribasi oila baxtli va totuv bo`lsa jamiyat mustahkam, davlat qudratli bo`lishidan dalolat beradi. Shu ma`noda bugun oila, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, ma`naviy-ma`rifiy institut sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Anjumanda so`z olgan akademik Akmal Saidovning “Oilani himoya qilish huquqi” mavzusidagi fikrlari yig`ilganlarda qiziqish uyg`otdi.

— Dunyoda hozir 7 milliarddan ortiq aholi bor, shulardan 85 foizi oilalarda yashaydi, — dedi A. Saidov.— O`zbekistonda esa 7 yarim million oila bor. G`arbda oila instituti to`la ma`noda inqirozga yuz tutib borayotgan bir vaqtda yurtimizda oilani asrab qolish uchun ko`plab tashkilotlar harakat qilmoqda. Xorijda o`tkazilgan bir tadbirda menga: “Sizlarda ajrashmoqchi bo`lgan ayolga mahalla faollari tomonidan ruxsat berilmas ekan. Axir bunda ayolning huquqi poymol bo`ladi-ku?” degan savolni berishdi. Shunda men: “Bizda bitta ayolni huquqi ortida yana3 nafar farzandni ham huquqi turgani xisobga olinadi. Sizlarda qanaqa bilmadimu, lekin bizda bitta oilani saqlab qolish uchun hamma harakat qiladi”,degan javobni berdim.

Shuningdek, akademik Akmal Saidov kelgusida “Oila” markazi tashabbusi bilan, oilaga bag`ishlangan barcha tadqiqotlar bibliografiyasini tuzish, oilani ilmiy tadqiq qilish bo`yicha kompleks dastur yaratish hamda metodologik seminar tashkil etish kabi takliflarni bildirdi.

Ta`kidlandiki, hozirda turli mamlakatlarda oilalardagi ajralishlar soni olti foizdan sakson foizgachani tashkil etadi. Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi TIKAning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Ixsan Chag`larning ta`kidlashicha bugungi kunda Turkiyada ajrimlar soni nikoh sonidan oshib bormoqda. Bunga oiladagiqadriyatlarning yo`qolib borayotganligini sabab qilib ko`rsatdi.

Anjumanda so`z olgan O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub rahbari Sherzodxon Qudratxo`jaev bugungi kunda bobolaru buvilarning ham ko`p vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlarga sarflashi natijasida oilada keksa avlod bilan yosh avlod o`rtasida muloqot madaniyati yo`qolib borayotgani bu esa yoshlar tarbiyasiga salbiy ta`sir etayotgani xususida fikr bildirdi.

— Bolaligim eski shahardagi “Ko`kcha” mahallasida o`tgan, deya o`z yoshligini esladi Sh. Qudratxo`jaev. — Bu 1980 yillardagi voqealar. Uyimizda chiroq o`chib qolsa buvim bizga urush paytidagi yo`qchilik, gijda nonlarni suvga oqizib eb ulg`ayganlari haqida ertaknamo hikoyalar so`zlab berardi. Bugun ana o`sha bir dasturxon atrofida o`tirib muloqot qilish yo`qolib boryapti. Shu sabab oilaviy qadriyatlarni targ`ib qiladigan, yoshlar ongiga milliy g`urur singdiriladigan maqola hamda ko`rsatuvlarni ko`paytirish zarur. Oilaviy munosabatlarga putur etkazayotgan seriallarni kerak bo`lsa to`xtatish shart.

Konferensiyada oila institutini mustahkamlash borasidagi muammolarni davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorligini ta`minlash orqaligina hal etish mumkinligi ta`kidlandi.

Shuningdek, OAVda oila mavzusini yoritishda o`zini oqlamaydigan, ma`naviyatimizga zid stereotiplardan voz kechish, jurnalist etikasiga doir mulohazalar borasidagi fikrlar bildirildi.

    Boshqa yangiliklar