Kecha, 8 iyul kuni Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonining bir guruh xizmatchilari “Jas avlad” sog`lomlashtirish markazida mehmon bo`lishdi.
Yozgi ta`til kunlarini oromgohda o`tkazayotgan o`g`il-qizlar uchun xizmatchilar tomonidan uyushtirilgan konsert dasturi barchani raqsga chorlagan bo`lsa, turli jamoaviy o`yinlar bolajonlarga o`zgacha zavq ulashib, kunning mazmunli o`tishini ta`minladi.
– Har yili oromgohda dam olaman, - deydi 9 yoshli Sayyora Allambergenova. – Harbiy akalarimiz har safar bizlarni ko`rishga kelishadi. “Nihol” mukofoti sovrindori Salomat Ayapovni televizorda ko`rgan edim va g`ururlangandim. Bugun esa Salomat aka bilan birgalikda rasm chizyapman. Bunday baxtga erishganimdan boshim osmonga etdi.
Darhaqiqat, shu kuni harbiylar ketar chog`i bolajonlarning “O`zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman!” degan baralla ovozi SChR xizmatchilarini ham to`lqinlantirib yubordi. Zero, O`zbekiston baxtli bolalar mamlakati. Bolalarning kulgusi yurtning shodligi sanaladi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati