Buyuk Britaniyaning London shahrida OAV erkinligi bo`yicha birinchi global konferensiya bo`lib o`tmoqda. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Bugungi kunda jurnalistika eng xavfli kasblardan biri bo`lib qolmoqda. OAVga bo`lgan ishonch esa hozirda butun dunyo bo`ylab juda past darajaga tushib ketgan. Bunga esa noto`g`ri ma`lumotlarning tarqatilishi, davlat tomonidan OAV ning nazorat qilinishi sabab bo`lmoqda. Mazkur konferensiya Buyuk Britaniya va Kanada tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo`lib, unda “Buyuk Britaniya misolida OAV ga ishonch”, “Jurnalistlar xavfsizligini ta`minlashda- xalqaro tashkilotlarning roli”, “Ayol jurnalistlar xavfsizligi”, “Muammoli vaziyatlarda OAV erkinligini qo`llab- quvvatlash”, “Din va OAV” kabi mavzular muhokama etilmoqda.
Konferensiyaning asosiy sessiyalari xavfsizlik masalalariga bag`ishlangan bo`lib, shu bilan birga OAVni moliyalashtirish, turli mintaqalarda so`z erkinligi muammolari, jurnalistikaning yangi formatlari bo`yicha ham uchrashuvlar bo`lib o`tmoqda. Printworks konferens-markazida bo`lib o`tayotgan konferensiyada Buyuk Britaniya va Kanada tashqi ishlar vazirlari nutq so`zlashdi.