Bugun Sevimli telekanalining foyesida Termizda «O`zbekiston — sivilizasiya va yo`llar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat» madaniy meros haftaligi doirasida keng ommaga havola etiladigan "Kushon xazinasi" ko`rgazmasiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Anjumani O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan, Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi va O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ko`magida tashkil etildi.
Ma`lum qilinishicha 22 avgust kuni Toshkentdagi O`zbekiston Tasviriy san`at galereyasida Kushon imperiyasi davriga oid noyob asarlar ko`rgazmasi o`z ishini boshlaydi. Mazkur ko`rgazma ko`p sonli olimlarning so`rovlariga binoan mustaqillik yillarida ilk bor keng omma e`tiboriga havola etilmoqda. Bu ko`rgazmadan I asrning o`rtalarida Markaziy Osiyo huhudida paydo bo`lgan, sirli ammo etarlicha o`rganilmagan qudratli Kushon imperiyasi davriga oid asori-atiqalar o`rin olgan. Ko`rgazma namoyishi 10 kun davom etadi.
Shuningdek tadbirda «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi rahbari Firdavs Abduxoliqov, Surxondaryo viloyati Turizmni rivojlantirish bo`limi bosh mutaxassisi Zebuniso Alimardonova, Termiz milliy universiteti dosenti Zokir Xoliqov, O`zbekiston Tasviriy san`at galereyasi direktori Jahongir Temirxo`jaev O`zbekistonning tarixiy va madaniy merosini asrash va tadqiq qilish borasida amalga oshirilgan va kelgusida qilinadigan ishlar haqida gapirib berishdi.
Manzura BEKJONOVA.