Hindistonning Batinda shahrida yashovchi Xarpreet Devin so`nggi 11 yil davomida avtomobilini faqat orqa harakat bilan boshqarib kelgan, deb xabar bermoqda daryo.uz "Motor.ru"ga asoslanib.
Devin o`zining Fiat rusumli avtomobilini faqat orqa harakat uchun moslab olganini ma`lum qilgan. U uzatish qutisini butunlay o`zgartirib, orqaga to`rtta, oldinga esa bitta harakat darajasini hosil qilgan. Boshqa haydovchilarga uning kelayotganini bildirish uchun tez yordam mashinasi qo`ng`irog`ini o`rnatgan. Chiroqlar tizimini ham to`liq almashtirgan. Rasmiylar unga hamma joyda orqaga harakatlanish imkonini beruvchi maxsus ruxsatnoma bergan.
Devinning so`zlariga ko`ra, bu fikr unga mashinasidagi harakat uzatuv tizimi ishdan chiqib qolgan vaqtda kelgan. Voqea shahar tashqarisida sodir bo`lgani tufayli avtomobilni ta`mirlash imkoni bo`lmagan, shuning uchun u ustaxonagacha mashinasini orqa harakat bilan boshqarib borishga qaror qilgan.