Bir guruh o`zbek jurnalistlarining safari esda qolarli kechdi...
Yaqinda qarorgohi Jeneva (Shveysariya)da joylashgan – Japan Tobacco International xalqaro kompaniyasi tashabbusi bilan bir guruh o`zbekistondik jurnalistlarning qo`shni Qirg`izistonga sayohati tashkil qilindi.
Ma`lumot uchun: JTI – aksiz osti maxsulotlari ishlab chiqarish bo`yicha jahonda uchinchi o`rinni egallaydi va uning mahsulotlari 120 mamlakatda sotiladi. 2015 yilda o`z faoliyatini boshlagan Tashkent Tobacco fabrikasiga 2017 yilda JTI jihozlar va aksiz osti mahsulotlari markasini ishlab chiqarish xuquqini berdi.
Ushbu kompaniya ilk bor o`z mahsulotlarini Qirg`izistonga eksport qildi. Bu jarayon OAV vakillari ishtirokida amalga oshirildi. Avvaliga OAV xodimlari dastxat qo`ygan, qadoqlangan mahsulot mashinalarda eksportga jo`natildi. Oradan ko`p o`tmay jurnalistlar ham yuk ortidan Qirg`izistonga etib bordilar. Mahsulotlarning Cholpon ota tumanidagi savdo rastalariga chiqarilishiga bag`ishlangan tadbir Issiqko`lning “Karven” dam olish majmuasida bo`lib o`tdi.
Tadbirda so`z olgan JTIning Qozog`iston va Markaziy Osiyo bo`yicha bosh direktori Evgeniy Nikolskiy O`zbekistonning ishlab chiqarish va iqtisodiy imkoniyati oshib borayotgani, bu esa, o`z navbatida O`zbekiston maxsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilish imkonini berishini ta`kidladi.
Shu tariqa, aksiz osti maxsulotlarini Issiqko`lga ilk eksporti bahonasida qo`shni davlatga borish nasib qildi. Ammo tarixda Pishpek, Frunze va nihoyat Bishkek nomi bilan tanilgan shaharga kira olmadik. Aeroportdan to`g`ri Issiqko`lga olib ketishdi. Oqshom tushgani uchun atrofni tomosha qila olmadik. Ammo qaytishda tabiat go`zalliklaridan bahra oldim. Tog`ning qoq o`rtasidan o`tgan dara ikkita vodiyni bir biri bilan bog`lab turibdi. Chunki mana shu dara bo`lmaganda tog`ning bu tomonidan u tomoniga o`tish murakkab bo`lardi. Qiyoslash uchun: Qamchiq dovonini keltirishimiz mumkin. Qamchiqda balandlikka chiqayotganingiz va pastga tushayotganingiz bilinadi. Ammo Qirg`izistonda buni aslo bilmaysiz. “To`g`ri va tekis yo`ldan ketayotirman” deya o`ylaysiz, yo`llariga gap yo`q.
Issiqko`l – Qirg`izistonning faxri. Bunga tan berdim. Baliqchi va Cholpon ota Qirg`iziston me`yorlari bo`yicha shahar, ammo O`zbekiston me`yori bo`yicha tuman markazi deya qabul qilinishi mumkin. Chirchiq yoki Yangiyo`l Baliqchi va Cholponotadan sal kattaroq deya o`yladim.
Biz “Karven” dam olish majmuasiga joylashdik. Naq Shveysariyaning o`zi. Menda katta taassurot qoldirgani — har qadamda chiqindi tashlaydigan qutilarning mavjudligi. Shu jihati bilan Evropa shaharcha va posyolkalarini yodga tushiradi.
Tabiati so`lim. Yam-yashil o`tloqlari, osmono`par tog`lari kishini yoshartirib yuboradi.
Xalqimizda “qaysi bir xalqni yashash tarzini bilmoqchi bo`lsang bozori va mozoriga bor” degan gap bor. Bozorlari to`kin sochin, bizga nisbatan arzon. Internet tezligi va narxining ta`rifiga gap yo`q.Qabristonlari katta yo`l chetida. Har qadamda uchratish mumkin. Bir qishloqqa uch-to`rtta qabriston to`g`ri keladimi, deya o`ylanib qoldim. Bu ham ramziy ma`no kasb etadi. Insonlarni (ayniqsa haydovchilarni) ogohlikka chorlab turadi.
Yana bir meni hayratga solgan jihati- O`zbekistonda jiydazorlar haqida eshitmaganman (balki bordir, bo`lsa uzr). Issiqko`ldan Bishkek tomon kelar ekanmiz shaharga yaqinlashganimizda jiydozorga ko`zim tushdi. Jiyda ming dardga davo. To`g`ri jahonning yirik bozor yoki supermaketlarida jiyda sotilmas. Ammo Markaziy Osiyo bozorlarida jiydani uchratish mumkin. Tan olib aytish kerak jiydaga o`zimizda ham talab yuqori emas. Shunga qaramay Bishkek yaqinida jiydazorni ko`rib xursandligimni yashira olmadim. Chunki men o`zbeklarning ananaviy mevali daraxtlarini yaxshi ko`raman. Yaponlar sakura gullashidan zavq olib, bu zavqni butun dunyoga ulashayotgan bir paytda biz nima uchun jiyda gullashidan faxr tuyg`usini his qilmasligimiz kerak?!. Axir jiyda gulini hidlashning o`zi barcha charchoqlarni tarqatib yuborishi aniq-ku!
Umuman olganda Qirg`izistondan o`rganadigan jihatlarimiz bor ekan, degan xulosaga keldim.
Sharofiddin To`laganov