1

Alisher Usmonov kompaniyasi O`zbekistondagi yirik uyali aloqa operatorini sotib olmoqda

Iqtisodiyot 18.09.2019, 17:56
Alisher Usmonov kompaniyasi O`zbekistondagi yirik uyali aloqa operatorini sotib olmoqda

Rossiyadagi telekommunikasiyalar sohasi giganti – «MegaFon» kompaniyasi Ucell uyali aloqa operatorini xarid qilishi mumkin. Bu haqda o`z manbalariga tayanib Repost nashri xabar bermoqda.

Shartnoma qiymati va shartlari haqida to`liq ma`lumot yo`q.

Biroq manbalarning so`zlariga ko`ra, kompaniyani yangidan tashkil etish hamda uni boshqatdan texnik jihozlashga tayyorgarlik ko`rilmoqda. Yangi kompaniya Ucell nomidan ham voz kechib, «MegaFon» brendi ostida xizmat ko`rsatishi taxmin qilinyapti.

Ammo Ucell matbuot kotibi Baxtiyor Nasimov Repost bilan suhbatda “bunday ma`lumotga ega emasligi”ni qayd etgan.

Ma`lumot uchun, Ucell kompaniyasi aksiyalarining 94 foizini 2018 yilning dekabr oyida O`zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo`mitasi sotib olgan edi. Hozirda mazkur aloqa operatori O`zbekiston bo`yicha 7,1 milliondan oshiq abonentga ega. Kompaniyada 1250 nafar ishchi-xodim faoliyat olib boradi. Ushbu mobil brendning 2G aloqa tarmog`i O`zbekiston hududining 97 foiz, 3G tarmog`i esa 60 foiz hududini qamrab olgan.

Rossiyaning «MegaFon» telekommunikasion kompaniyasi 1993 yilda «Severo-Zapadny GSM» nomi bilan tashkil qilingan. 2002 yildagi rebrendingdan so`ng nomi “MegaFon” deb o`zgartirilgan. 2014 yil dekabrida uning nazorat paketlarini USM Holdings sotib olgan. Mazkur tashkilot esa asli o`zbekistonlik bo`lgan rossiyalik biznesmen Alisher Usmonovga tegishlidir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1