1

O`zbekiston oltin-valyuta zaxiralari eng yuqori cho`qqiga chiqdi

Iqtisodiyot 18.09.2019, 18:02
O`zbekiston oltin-valyuta zaxiralari eng yuqori cho`qqiga chiqdi

O`zbekiston Markaziy banki mamlakat oltin-valyuta zaxirasining yangilangan statistikasini e`lon qildi.

1 sentyabr holatiga ko`ra rasmiy zaxiralar 28,4 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilgan bo`lsa, shundan 12,1 mlrd. dollari chet el valyutasidagi zaxiralar va 15,9 mlrd. dollari oltindir. Shunday qilib zaxira hajmi yil boshidan buyon o`z cho`qqisiga chiqdi. Sababi 1 yanvarda bu ko`rsatkich 27 mlrd. dollardan ziyod, 1 aprelda 27,6 mlrd. dollar, 1 iyulda 27,7 mlrd., 1 avgustda 27,74 mlrd. dollar tashkil etgandi.

Zaxiralar asosan oltin narxidagi o`sish hisobiga ko`paygan. Sababi oltin zaxiralari avgust oyidagidek qolgan – 10,5 mln. troya unsiyasi. Ma`lumot uchun, troya unsiyasi banklar va zargarlar tomonidan qo`llaniladigan og`irlik o`lchov birligi bo`lib, 31,1034768 grammga teng. Shu asosda oltin zaxirasini tonnaga o`girsak, 326 tonna bo`ldi.

Bundan oldin O`zbekiston oltinning bir qismini xorij obligasiyalariga almashtirishi haqida xabar berilgandi. Xususan, MB xorij obligasiyalari hisobiga oltin ulushini qisqartirgan holda zaxiralarni diversifikasiya qilyapti.

“Oltin ulushi kam bo`ladi. Birinchidan, chunki zaxiralarning o`zi o`sadi, ikkinchidan, biz ko`proq oltin sota boshlaymiz”, – degandi iyul oyi boshida MB rahbari M.Nurmuratov.

Uning so`zlariga ko`ra, to`rt-besh yil o`tib O`zbekiston ishlab chiqaruvchilarining o`zlari oltinni dunyoda to`g`ridan-to`g`ri sota olishlari mumkin. Ayni paytda uning xaridori Markaziy bank bo`lib, ushbu moliya muassasasi oltinni mamlakat ichkarisida so`mga sotib olib, uni tashqi bozorda dollarga sotyapti.

MB raisi izohicha, bu yo`l bilan so`mning ayirboshlash kursini qo`llab-quvvatlanmayapti, tebranishni tekislashga urinish bo`lmayapti. “Bizning bozordagi ishtirokimiz – bu valyutani qo`llab-quvvatlashga aralashish emas, balki oltin xaridini kompensasiya qilishdir”, – deya qo`shimcha qilgandi u.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1