Vazirlar Mahkamasining «Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va iste`mol mahsulotlari muvofiqligini baholash bo`yicha ishlarni takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati sub`ektlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori loyihasi muhokama uchun e`lon qilindi.
Hujjat «O`zstandart» standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Hujjat loyihasini ishlab chiquvchilar respublikaga quyidagilar olib kirilishini taqiqlashni rejalashtirmoqda:
ishlatilgan yoki tiklangan avtomobil, qishloq xo`jaligi shinalari;
avtomobillar, to`qimachilik va engil sanoat mahsulotlari, maishiy texnika uchun ishlatilgan ehtiyot qismlari.
Bundan tashqari, 2020 yil 1 yanvardan boshlab, toksinlik darajasi «Evro-5» ekologik toifadan past bo`lgan benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan «M» va «N» toifadagi transport vositalarini chiqarish taqiqlanishi mumkin.
Yuqoridagi davrdan boshlab, O`zbekiston Respublikasining milliy muvofiqlik belgisi bilan markirovkalanmagan, majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlarni sotish taqiqlanishi mo`ljallanmoqda.