1

O`zbekiston paxtasi sifati bo`yicha dunyoda “kuchli beshlik”da

Iqtisodiyot 20.09.2019, 16:45
O`zbekiston paxtasi sifati bo`yicha dunyoda “kuchli beshlik”da

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Tadbirda ta`kidlanishicha, paxta xom-ashyosini davlat tomonidan buyurtma qilish, tayyorlash, alohida qayta ishlash hamda saqlash bo`yicha talablarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish vazifasi Inspeksiyaga yuklangan. Inspeksiya tomonidan 2019 yil paxta hosilini qabul qilish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko`rish, paxtani qayta ishlash korxonalari hamda paxtani xom ashyosini qabul qilish maskanlarida kapital ta`mirlash ishlarini o`rganish va amaliy yordam ko`rsatish yuzasidan monitoring tadbirlari natijasida, 2019 yil paxta hosilini qabul qilish uchun101 ta paxta tozalash korxonasi va 417 tayyorlov maskanining mavsumga tayyorgarligi, nazorat qilindi.

Shuningdek, 2019 yil sentyabr-noyabr oylarida Inspeksiya tomonidan respublika fermer xo`jaliklari tomonidan etishtirilgan paxta xom-ashyosini xarid qilish yuzasidan tuzilgan kontraktasiya shartnomalari bajarilishini nazorat qilinadi.

— 2019 yilda g`o`zani navlari bo`yicha joylashtirish va paxta xom ashyosi etishtirishning prognoz hajmiga muvofiq 134 ta tumanda paxta xom-ashyosi etishtirilishi belgilangan bo`lib, shundan “O`zpaxtasanoat” AJ, paxta-to`qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hamda “Buxoro Agroklaster” MChJ tizimidagi paxta tozalash korxonalarida sentyabr-dekabr oylarida qayta ishlanishi rejalashtirilgan, — dedi Inspeksiya Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo`limi bosh inspektori Shoiragul Mamadalieva. — Tegishli hujjatlarga muvofiq, paxta tolasi majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlar turiga kiritilgan. Hududlardagi 13 ta hududiy sinov laboratoriyalari, 101 ta paxta tozalash korxonalari qoshidagi sinov laboratoriyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi, paxta momig`i va paxta texnik chigitining sifat ko`rsatkichlarini aniqlash, ularga hujjatlar rasmiylashtirish hamda ishlab chiqarilayotgan paxta toylari vaznini o`lchash ishlari amalga oshirilmoqda. Paxta tozalash korxonaridagi barcha sinov laboratoriyalar akkreditasiyadan o`tkazilgan.

Inspeksiyasi huzuridagi Agrosanoat majmuida xizmatlar ko`rsatish markazi paxta mahsulotlarini sertifikatlash idorasi bo`lim boshlig`i Zohid Toshmatov “Kun.uz” muxbirining savoliga javob berar ekan, O`zbekiston paxta etishtirish bo`yicha dunyodagi kuchli o`nlik, paxta tolasining sifati bo`yicha esa kuchli beshlik mamlakatlari qatorida ekanini ta`kidladi.

— O`zbekiston paxtasining asosiy xaridorlari — mahalliy ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi, dedi — Toshmatov. — Paxta xomashyosining to`qson foizini mahalliy korxonalar xarid qiladi. Xorijda esa eng katta xaridorimiz — Xitoy Xalq Respublikasi. O`zbek paxtasini xarid qilayotgan mamlakatlar uning sifati uchun qo`shimcha haq to`laydilar.

Mutaxassislar, shuningdek, qo`lda va mashinada terilgan paxta sifati o`rtasidagi farq haqidagi savolga ham javob qaytardilar. Ta`kidlanishicha, qo`lda yoki mashinada terilgan paxta sifatida hech qanday farq yo`q — hamma gap ularni qayta ishlash va tozalash jarayoniga bog`liq. Paxtaning qay usulda terib olinishi uning sifatiga hech qanday ta`sir ko`rsatmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1