1

O`zbekistonda “Ozarbayjon kinosi kunlari” bo`lib o`tmoqda (Foto)

Madaniyat 23.09.2019, 21:23
O`zbekistonda “Ozarbayjon kinosi kunlari” bo`lib o`tmoqda (Foto)

Joriy yilning 21- 28 sentyabr sanalarida Toshkent va Samarqand shaharlarida “Ozarbayjon kinosi kunlari” o`tkazilmoqda.

Shu munosabat bilan joriy bugun 23 sentyabr kuni “O`zbekkino” Milliy agentligi binosida matbuot konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon delegasiyasi, qardosh ozarbayjonlik va o`zbekistonlik kinoijodkorlar ishtirok etishdi.


Matbuot konferensiyasida so`zga chiqqanlar o`zbek va ozarbayjon kinolarining bir-biriga yaqinligi haqida so`zlashdi, o`zbek tomoshabinlari uchun ham sevimli bo`lgan “Qaynona”, “Arshin mol olon”, “Ahmad qaerda?” kabi ozarbayjon filmlari eslandi. Ushbu kartinalarga ruhiyati, mavzusi yaqin bo`lgan “Mahallada duv-duv gap”, “Kelinlar qo`zg`oloni”, “Suyunchi” kabi o`zbek filmlari ozarbayjonlik kinoijodkorlar tomonidan e`tirof etildi.

Shuningdek kino sohasidagi kelgusi ijodiy aloqalar haqida maslahatlashib olindi.


Shu kuni soat 16:00da Alisher Navoiy nomli kino saroyida tadbirning rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Marosimda Ozarbayjon delegasiyasi rahbari Ozarbayjon madaniyat vazirligi Kinematografiya bo`limi boshlig`i Almaz Gajibaba, Ozarbayjon madaniyat vazirligi Kinematografiya bo`limi konsultanti Gulnora Javadova, kinorejissyorlar Ozarbayjonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi Ayoz Salaev, Mirbala Salimli, Shomil Aliev hamda kinoaktyor Maqsud Mammadovlar ishtirok etdi.

Tadbirni “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ochib berdi va o`zbek-ozarbayjon ijodiy hamkorligi istiqbollari xususida gapirdi, ushbu haftalik o`zbek tomoshabinlari uchun katta kino bayrami bo`lishini ta`kidladi. Tadbirda ozarbayjonlik rejissyor va aktyorlar ham so`zga chiqib, qo`yilajak kartinalarning mavzusi, g`oyasi haqidagi so`zlab berishdi.


“Ozarbayjon kinosi kunlari”ning ilk kunida Zarafshon media-xollida tashkil etilgan tantanali marosimida rejissyor Mirbala Salimlining “Qirmizi bog`” badiiy filmi namoyish etildi. Tadbir oldidan media-xollda tasviriy san`at va milliy kiyimlar ko`rgazmasi tashkil etildi.

Ozar xalqi milliy kino haftaligi dasturidan o`rin olgan ilk kino taqdimotida so`zga chiqqan "O`zbekkino" Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduholiqov shunday dedi:

"Ushbu haftalik doirasida biz ham tili, ham qadriyatlari jihatidan dilga yaqin bo`lgan qardoshlarimizning kino san`ati yangiliklari hamda yangi kinoasarlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`lamiz.

O`zbekistonda "Ozarbayjon kinosi kunlari" 2010 yilda oxirgi bor o`tkazilgan edi. Mana, bu yildan yana Ozarbayjonlik kinoijodkorlar bilan turli loyihalarni boshlash arafasida turibmiz. Shu yildan boshlab har yili O`zbekistonda va Ozarbayjonda o`zaro hamkorlikda o`zbek va ozarbayjon kinosi kunlarini o`tkazib boramiz".

Ma`lumot uchun: Mirbala Salimlining "Qirmizi bog`" filmi 2016 yilda suratga olingan bo`lib, kartinada farzand ko`rish orzusida yashayotgan er-xotin haqida hikoya qilinadi. Filmga qo`yilgan "Qirmizi bog`" nomi metaforik xususiyatga ega. Qirmizi bog` inson orzu-istaklarining timsolidir. Mazkur film 2016 yilda "Evraziya", 2018 yilda "Baykal" xalqaro kinofestivallarida "Eng yaxshi film" nominasiyasi g`olibi bo`lgan.

Ertaga – haftalikning ikkinchi kunida (24 sentyabr, soat 17:00da) Alisher Navoiy nomli kino saroyida rejissyor Ilg`or Najafning “Anorzor” badiiy filmi namoyish etiladi.

Shuningdek, 24 sentyabr kuni Olmaliq shahridagi “Metallurg” nomli madaniyat saroyida “Ozarbayjon kinosi kunlari” tadbirining rasmiy ochilishi bo`lib o`tdi va tadbirdan so`ng “Naxichevanlik Huseyn Xon. Qaytish” hujjatli filmi va rejissyor Shomil Alievning “Stepnyak” badiiy filmi namoyish qilinadi.

25 sentyabr kuni Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatrida “Ozarbayjon kinosi kunlari” tadbirining rasmiy ochilishi o`tkaziladi va tadbirdan so`ng rejissyor Natalya Zavoznenkoning “Boku vaqt ko`zgusida” hujjatli filmi hamda rejissyor Shomil Alievning “Stepnyak” badiiy filmi namoyish etiladi.

26 sentyabr kuni rejissyor Odil Ozoyning “O`n alloma” hujjatli filmi hamda rejissyor Ilg`or Najafning “Anorzor” badiiy filmi ko`rsatiladi.

Barcha seanslarga kirish bepul bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1