1

Tarixiy Toshkent kinofestivali qayta tiklanishi mumkin

Madaniyat 24.09.2019, 22:07
Tarixiy Toshkent kinofestivali qayta tiklanishi mumkin

Bu haqda “O`zbek kinosi: kecha va bugun, muammolar va istiqbol” mavzusidagi forumda takliflar bildirildi.

Joriy yilning 24 sentyabr kuni “Media Xoll NAESMI” (avvalgi “Zarafshon” konsert zali)da “O`zbekkino” Milliy agentligi, O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi hamkorligida “O`zbek kinosi kecha va bugun: muammolar va istiqbol” mavzusida kinoijodkorlar forumi bo`lib o`tdi. Unda tegishli vazirliklar va idoralar mutasaddilari, kinoshunoslar, davlat va xususiy kinostudiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu ijodiy konferensiya ochiq mulokot tarzida tashkil etildi. Unda kinoijordkorlar milliy kino sohasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan o`zgarishlar, qo`lga kiritilayotgan yuttuqlar, echimini kutayotgan muammolar xususida o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

“Kino san`atning eng ommabop va ta`sirchan turi ekanini barchamiz yaxshi bilamiz, - deydi “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyov o`zbek kinosini zamonaviy talablar nuqtai nazaridan taraqqiy ettirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, bu borada jahon kinematgrafiyasining ilg`or yutuqlarini o`rganish va joriy etishni kinoijodkorlar oldiga muhim vazifa qilib qo`ymoqda. Bugungi yig`ilishdan maqsad taniqli kino arboblari bilan birgalikda sohaning hozirgi holatini xolisona tahlil qilish, mavjud kamchiliklarga birgalikda echim topish, jahon talablariga mos ekran asarlarini yaratish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan taklif va mulohazalarni o`rganishdan iborat.

Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston xalq artistlari Baxtiyor Ixtiyorov, Xayrulla Sa`dullaev, Gulchehra Jamilova, Rajab Adashev, O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi Zulfiqor Musoqov, O`zbekison xizmat ko`rsatgan artist Saida Rametova, “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining birinchi o`rinbosari Shuhrat Rizaev, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining o`rinbosari G`ayrat Majid va boshqalar o`zbek kinosidagi bugungi kamchiliklar va ularning echimi yuzasidan o`z takliflarini bildirishdi.

Ta`kidlanganidek, bugungi kun talablariga mos kinoasarlar yaratish eng avvalo katta moliyaviy mablag`ni, shuningdek, professional yondashuvni, puxta yozilgan ssenariy, rejisser va aktyorlarning mashaqqatli va mahoratli mehnatini talab qiladi. Afsuski, juda ko`p filmlar juda qisqa fursatda, oz miqdordagi moliyaviy mablag` evaziga suratga tushirilmoqda. Bu esa, albatta, film sifatiga ta`sir ko`rsatadi. Qolaversa, ko`p muammolar kadrlarning malakasi, tajribasiga borib taqaladi. Shu bois kino sohasidagi ta`lim tizimini qayta ko`rib chiqish, malakali mutaxassislar tayyorlaydigan xorijiy o`quv yurtlari bilan hamkorlikni rivojlantirish lozim. Shuningdek, yangi suratga olinayotgan filmlar targ`iboti ham bugungi kun talablariga to`g`ri kelmaydi.

Kelgusida mavjud muammolarni hal qilish uchun kinostudiyalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yoshlarimizni xorijiy o`quv yurtlari, xususan Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga yuborish, milliy kino mahsulotlarining xorijiy kinofestivallardagi ishtirokini ta`minlash yuzasidan takliflar o`rganib chiqilmoqda. Yaqinda dunyoga mashhur Oskar mukofoti uchun milliy filmlarimizni yo`naltirishga qaratilgan, taniqli san`at arboblarini o`z ichiga olgan “Oskar” qo`mitasi tashkil qilindi.

Ma`lumki 1968-1988 yillarda poytaxtimizda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivali o`tkazilgan. 20 yil davomida har ikki yilda marotaba o`tkazib kelingan ushbu san`at bayramida o`nlab mamlakatdan yuzlab kinoijodkorlar o`z ijod namunalari bilan ishtirok etishgan. Anjumanda mazkur kinofestival tarixiga bag`ishlangan videorolik namoyish qilindi. Anjuman ishtirokchilari mazkur kinofestivalni qayta tiklash yuzasidan ham taklif bildirishdi.

Forumda o`zbek kinosining o`tmishi va bugungi kunda erishayotgan yutuqlarini aks ettirgan videoroliklar namoyish etildi. Xususan, o`zbek kinosining asosichisi Xudoybergan Devonov tomonidan o`tgan asrning boshlarida Xiva xonligida suratgan olingan tarixiy videolavhalar, “Nasriddin Buxoroda”, “Alisher Navoiy”, “Tohir va Zuhra”, “Sen etim emassan”, “Maftuningman”, “Ettinchi o`q”, “41-yil olmalari”, “Sevishganlar”, “Suyunchi”, “Shum bola”, “Yor-yor”, “Mahallada duv-duv gap” singari filmlardan lavhalar ko`rsatildi.

Shuningdek, forum doirasida yaqinda Rossiyaning “Kinoshok” festivalida gran-pri mukofotiga sazovor bo`lgan “Issiq non” filmi ijodkorlarini taqdirlash marosimi ham o`tkazildi.

Rustam JABBOROV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1