Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining ma`naviyatini oshirish, harbiy kasb nufuzini yuksaltirish, xalq va armiya yakdilligini kuchaytirish hamda Vatan posbonlarining oila a`zolarining ijtimoiy himoyasini yanada rivojlantirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu ishlarning ezgu davomi sifatida Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan ham harbiy ouruglar qo`shinlarida keng jamoatchilik vakillari, madaniyat va san`at namoyandalari, fan va ta`lim hamda joylardagi hokimlik xodimlari ishtirokida ko`plab tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar o`tkazilib kelinmoqda.
Mudofaa vazirining Mafkuraviy va tarbiyaviy ishlar bo`yicha o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramovning tashabbusi va ko`rsatmasiga asosan Sharqiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tassarufidagi harbiy qism va bo`linmalarda “Ma`naviyat haftaligi” e`lon qilindi va ishchi guruh shakllantirilib, haftalik doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Andijon viloyati Andijon shaxrida joylashgan harbiy qismda kecha, 25 sentyabr kuni “Ma`naviyat haftaligi” doirasida o`tkazilgan tadbirda Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig`i polkovnik Akmal Ortiqov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Andijon viloyati mintaqaviy bo`linmasi raisi, Andijon viloyati hokimining o`rinbosari Manzura Yunusova, mintaqaviy bo`linma a`zolari va harbiy xizmatchilar ishtirokida davra suhbat o`tkazildi.
O`tkazilgan davra suhbatida kengashning vazifalari va hozirgi kundagi ish faoliyati tahlil qilinib, tegishli ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus bo`yicha amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, harbiy xizmatchilar oila a`zolarining ijtimoiy himoyasi va ma`naviyatini yanada oshirish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.
Xususan, harbiy shaharchalarda tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va 5 ta tashabbusning biri bo`lgan xotin-qizlarning bandligini ta`minlash maqsadida Mudofaa vazirligi, Andijon viloyati harbiy-ma`muriy sektori hamda Sharqiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi bilan hamkorlikda Andijon garnizonidagi 20-sonli yopiq harbiy shaharcha hududida 3 gektar er ajratilib, “Al-Hakim” MChJ tarkibida tikuvchilik sexi tashkil etilgani amaliy ishlarning ijobiy ifodasi sifatida e`tirof etildi.
Mazkur tikuvchilik sexida 150 kishilik ish o`rni yaratilib, mahalliy aholi bilan birgalikda Andijon garnizonidagi harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning 75 nafar oila a`zolari doimiy ish bilan ta`minlandi.Shu bilan birga, hozirda “Al-Hakim” MChJ rahbari I.Uraimov tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy davomi sifatida shu hududning o`zida yana 150 ish o`rinli sex qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur sex ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari bugungi kunda Qozog`iston va Belaruss Respublikalariga eksport qilinmoqda.
Mudofaa vazirligi tomonidan bu ishlar davom ettirilib, boshqa harbiy okruglarda ham bosqichma-bosqich “Ma`naviyat haftaligi” tashkil etilib, yuqoridagi kabi masalalarga alohida e`tibor qaratiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti