Inson qalbiga yo`l mehr-muruvvat va saxovatdan boshlanadi. Ming yillar davomida shakllangan mehr-oqibat, mehr-muruvvat tushunchalari asrlar mobaynida el-yurtimizning dunyoqarashi, ma`naviy hayotining negizi sifatida vujudga kelgan, ongimizdan chuqur joy olgan buyuk qadriyatlarning amaliy ifodasidir. Etim-esirlar, beva-bechoralar va nogironlarga, musofirlarga muruvvat ko`rsatish, sidqidildan beg`araz yordam berish kabi fazilatlar azaldan ma`naviy ongimizga singib ketgan.
Hozirgi kunda yurtimizda Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu-tashvishlarini eshitish, muammolarini hal etishga ko`maklashish umummilliy harakatga aylanmoqda.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda o`tkazilgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish an`anaga aylandi.
– Turmush o`rtog`im 20 yil oldin vafot etgan, 1 nafar o`g`il, 2 nafar qizni yolg`iz o`zim oq yuvib, oq tarab, voyaga etkazib, o`g`limni uylantirdim, qizlarni turmushga uzatdim, – deydi Konimex tumani Navro`z mahallasida yashovchi, 1963 yilda tug`ilgan Sangimo Uzakova. – Hayot bir maromda o`tmas ekan, kelinim bir yil oldin qazo qildi, 2 nafar nevaralarim etim qoldi, uni ustiga kenja qizim ham kuyovim bilan ajrashib, 2 nafar farzandi bilan mening qaramog`imda qoldi. Oilamiz qiynalganida qo`ni-qo`shnilarim, mahalla faollari doimo xabar olishib turibdi, yaqinda mahalla faollari o`g`limni ishga joylashtirdi. Oilamizdan xabar olish uchun poytaxtimizdan kelgan IIV Malaka oshirish instituti xodimlariga minnatdorchilik bildiraman.
Uzoq yillar mobaynida ichki ishlar organida xizmat qilgan, bugungi kunda Nurota tumani “Eshon Siddiq” mahallasida istiqomat qilayotgan mehnat faxriysi, iste`fodagi katta leytenant Xamro Bozorovning xonadonida u bilan o`tkazilgan suhbatda 30 yildan ortiq Toshkent shahar IIBB tizimida turli lavozimlarda ishlab, 1999 yilda nafaqa chiqqanligi ma`lum bo`ldi.
– Qani yoshlik davrim qaytib kelsa-yu, maza qilib ishlasang, – deydi u. Men uzoq yillar profilaktika inspektori lavozimida ishlaganman, biz ishlagan paytlar hozirgidek sharoitlar yo`q edi. Bugungi kunda profilaktika inspektorlariga o`zlari xizmat qilayotgan mahalladan xizmat uylari ajratilib, oilasi bilan yashashi, uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida avtomashinalarning berilishi bizning tushimizga ham kirmagan. Shu boisdan, ayni paytda tizimda xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlari xalqning ichiga kirib, Yurtboshimiz aytganlaridek, ularning ishonchini qozonishi lozim, bugun ularga hamma sharoitlar yaratilgan.
– Turmush o`rtog`im mana 20 yildan beri nafaqada, 1 yil oldin “insult”ni boshdan kechirib, chap oyog`i va qo`li ishlamay qoldi, shifokorlarimizga rahmat, davolashdi, – deydi Xamro Bozorovning turmush o`rtog`i Muslima Bozorova. – Hozirgi kunda hassaga tayanib, o`zi asta-sekinlik bilan yura boshladi. Tuman IIB xodimlari har bayramda kelib tabriklab, xabar olib turishadi. Mana bugun ham uyda nevaramiz bilan o`tirgan edik, bir qator xodimlar kelishdi, keyin bilsam ular IIV Malaka oshirish instituti xodimlari ekan. Oilamiz, ayniqsa, turmush o`rtog`im juda xursand bo`lib ketib, o`rnidan turganini ham bilmay qoldi, ular suhbatlashib, ishlagan vaqtlarini esga olishdi, ularga yurt olib borayotgan ezgu ishlarga ulkan zafarlar tilab qolaman.
– Uzoq yillar fermer xo`jaligida ishladim, turmush o`rtog`i bilan bir yil yashaganimdan keyin undan ajrab qoldim, – deydi Navbahor tumani “Arabxona” qishlog`ida yashovchi, 1958 yilda tug`ilgan Xalima Ahmedova. – Bugungi kunda kasalligim tufayli 2-guruh nogironiman, o`g`lim ham kasalmand, uni hali uylantirmadim, uyimiz eskirib qolgan, yangi
3 xonali uy qurdik, qo`shnilarim o`z yordamlarini ayamadi, ularga rahmat. Xudo xohlasa o`g`limni uylantiraman, poytaxtdan kelib, oilamizdan xabar olganlaring uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.
Darhaqiqat, biror kishiga yordam berish uchun mehribon bo`lishning o`zi etarli. Inson havo va suvsiz yashab bo`lmaganidek, mehr-muruvvatsiz ham yashab bo`lmaydi.
Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, ta`lim muassasalarida targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati