1

“Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” tanlovi g`oliblari taqdirlandi

Madaniyat 28.09.2019, 22:00
“Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” tanlovi g`oliblari taqdirlandi

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli O`zbekiston davlat akademik katta teatrida O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan o`tkazilga “Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” respublika tanlovi g`oliblarini taqdirlashga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tdi.

Unga katta ish tajribasiga ega pedagoglar, sohaga endigina kirib kelayotgan yosh muallimlar, ta`lim muassasalaridagi boshlang`ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari va faollar taklif etildi.

Tadbirda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini ta`minlashga qaratilgani, bu jarayonda ta`lim sifati va mazmunini takomillashtirish, o`qituvchilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoyalash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta`kidlandi.Davlatimiz rahbari tomonidan keyingi uch yil mobaynida ta`lim tizimini tubdan isloh etishga oid 6 ta farmon va qarorlar, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilindi. Ota-onalar va jamoatchilikning takliflari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta`lim tizimi joriy etildi. So`nggi uch yilda 68 ta umumta`lim maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi. 921 ta o`quv maskani rekonstruksiya qilindi va 420 ta maktab kapital ta`mirdan chiqarildi. Bularning barchasi soha rivoji davlatimizning doimiy e`tiborida ekanining amaliy namunasidir.

O`qituvchi va murabbiylarga hurmat va ehtirom ko`rsatish, ular ijtimoiy himoyasini kuchaytirish ishlariga munosib hissa qo`shish maqsadida O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan ham tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi 17 ming 981 ta boshlang`ich kasaba uyushmasi tashkilotining qariyb 55 foizi umumta`lim maktablarida faoliyat ko`rsatmoqda. Mazkur muassasalarda kasaba uyushma qo`mitalari va ish beruvchilar o`rtasida imzolangan jamoa shartnomalari orqali o`qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlari himoyalanmoqda.Prezidentimiz raisligida joriy yil 23 avgust kuni xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan “Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida“ respublika tanlovi o`tkazildi.

Uch bosqichda o`tkazilgan mazkur tanlovda umumta`lim maktablarida kamida 20 yillik pedagogik stajga ega bo`lgan va shu bilan birga, boshlang`ich kasaba uyushmasi qo`mitasi raisi sifatida esa kamida 10 yildan buyon ishlab kelayotgan 1 ming 135 nafar o`qituvchi qatnashdi. Tanlov yurtimizning olis hududlarida mehnat qilayotgan o`qituvchi va murabbiylarni ham keng qamrab oldi. Ularning faoliyatini baholashda pedagoglarning yosh avlodga sifatli ta`lim-tarbiya berish, o`g`il-qizlarning ma`naviy va intellektual dunyosini boyitish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kasaba uyushmalari faoliyatini takomillashtirish, soha xodimlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish yo`nalishlarida olib borayotgan ishlariga alohida e`tibor qaratildi.

Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman (shahar) kengashlarida tuzilgan komissiya tomonidan tanlov ishtirokchilarining faoliyati oshkora va adolatli baholanib, yuqori natija ko`rsatgan nomzodlarning hujjatlari tanlovning ikkinchi bosqichiga o`tkazildi.Joriy yilning 16-19 sentyabr kunlari hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalarida tashkil etilgan maxsus komissiyalar tomonidan nizom talablariga muvofiq saralangan nomzodlar, ya`ni har bir hududdan 3 nafardan, jami 42 nafar nomzod tanlovning respublika bosqichiga yo`llanma oldi. 20-24 sentyabr kunlari esa tanlovning respublika bosqichi g`oliblarini saralash jarayoni bo`lib o`tdi. Unda har bir hududdan bittadan eng yuqori ball to`plagan 14 nafar soha xodimi aniqlandi.

O`qituvchi va murabbiylar kuniga bag`ishlab tashkil etilgan tantanali tadbirda dastlab ta`lim tizimida uzoq yillardan beri mehnat qilib, sohada yuqori natijalarga erishib kelayotgan fidoyi ustoz va murabbiylardan bir guruhiga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda dam olib, salomatligini mustahkamlashlari uchun yo`llanmalar topshirildi.

Shundan so`ng oliy va xalq ta`limi, maktabgacha ta`lim hamda ixtisoslashtirilgan maxsus ta`lim muassasalarida samarali mehnat qilib kelayotgan, sohani rivojlantirish hamda yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash bilan birga, kasaba uyushma ishini rivojlantirishga munosib hissa qo`shayotgan pedagoglar Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan ta`sis etilgan “Eng faol yosh o`qituvchi“, “Innovasion faol xodim“ va “Eng mahoratli o`qituvchi“ nominasiyalariga sazovor bo`ldilar hamda noutbuklar bilan taqdirlandi.

Ta`kidlash joizki, “Eng faol yosh o`qituvchi“ nominasiyasi sohibi bo`lgan Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi akademik liseyining matematika o`qituvchisi Jamshid Bo`ronov o`quvchilari oliy ta`lim maskaniga eng ko`p kirgan pedagog sifatida e`tirof etildi.

“Innovasion faol xodim“ nominasiyasi sovrindori bo`lgan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 560-sonli ko`p ixtisosli maxsus maktabgacha ta`lim muassasasi metodisti Feruza Karimova esa yangi pedagogik texnologiyalar, interfaol usullarni joriy etganligi va bir qator innovasion tadqiqotlari bilan yuqori natijaga erishgan.

“Eng mahoratli o`qituvchi“ nominasiyasi sovrindori bo`lgan poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 527-maktabgacha ta`lim muassasasining jismoniy tarbiya yo`riqchisi Aziza Yunusova sport sohasini rivojlantirishga qo`shayotgan hissasi, shogirdlari yuzdan ortiq musobaqalarda g`olib bo`lganligi bilan e`tirof etildi.

Tadbir davomida ta`lim tizimida fidoyilik bilan boshqalarga namuna bo`layotgan, soha rivojida o`z salohiyatni namoyish etish bilan birga, kasaba uyushmalari ishlarida faollik ko`rsatayotgan, jamoa shartnomalari orqali ta`lim maskanlari xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini, mehnat huquqlarini munosib himoya qilishga hissa qo`shayotgan fidoyi ustozlarning bir guruhi Kasaba uyushmalari federasiyasining “Ehtirom nishoni“ bilan taqdirlandi.

Ma`lumki, davlatimiz rahbari joriy yilning avgust oyida Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi chog`ida Mo`ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bu erda yashayotgan aholini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, turmush darajasini oshirish yuzasidan jiddiy tashabbuslarni ilgari surgan edi. Bu boradagi vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tadbirda yosh avlodni ma`naviy, jismoniy va intellektual etuk insonlar etib tarbiyalashga hissa qo`shayotgan hamda yozgi mavsumda bolalarni sog`lomlashtirishga faol hissa qo`shayotgan muassasa – “Oq kema” bolalar sog`lomlashtirish oromgohiga Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan “Damas” avtomashinasi topshirildi.

... Tantanali tadbirning “Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” respublika tanlovi g`olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag`ishlangan qismi nihoyatda hayajonga boy bo`ldi. Tanlovning g`olib va sovrindorlariga diplom va qimmatbaho sovg`alarni O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi raisi Qudratilla Rafiqov topshirdi.

Birinchi o`ringa Namangan viloyati To`raqo`rg`on tumanidagi 1-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabining o`zbek tili va adabiyot fani o`qituvchisi, mazkur maktabning boshlang`ich kasaba uyushma qo`mitasi raisi Lobarxon Rustamova munosib topildi va unga “Spark” avtomobili hamda maxsus diplom topshirildi.

Ikkinchi o`rin – Navoiy viloyati Konimex tumanidagi 2-umumiy o`rta ta`lim maktabining matematika fani o`qituvchisi, mazkur maktabning boshlang`ich kasaba uyushma qo`mitasi raisi Nuriya To`raqulovaga nasib etdi hamda u Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan “Samsung” muzlatkichi va diplom bilan taqdirlandi. Uchinchi o`ringa Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi 69-umumiy o`rta ta`lim maktabi boshlang`ich sinf o`qituvchisi, mazkur maktabning boshlang`ich kasaba uyushma qo`mitasi raisi Dilorom Toshmurodova sazovor bo`ldi va “Samsung” kir yuvish mashinasi hamda maxsus diplomga ega bo`ldi.

– Prezidentimiz tomonidan ta`lim tizimini tubdan isloh etish, o`qituvchilarni ardoqlash va jamiyatdagi nufuzini oshirishga jiddiy e`tibor qaratilmoqda, – dedi tanlov g`olibi Lobarxon Rustamova. – Bunday e`tibordan boshimiz osmonga etib, o`z ustimizda tinmay izlanmoqdamiz. Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan o`tkazilgan “Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” tanlovida g`olib bo`lganim birgina mening emas, mehnat jamoamning ham g`alabasi deb bilaman. Zero, jamoadagi sog`lom muhit yanada samarali, astoydil mehnat qilishga undaydi.

Tantanali tadbirda san`at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Nazokat USMONOVA, Muhammad AMIN (surat), O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1