1

San`at Sharipov: Futbolchilarimiz hali-beri Evropaga chiqa olmaydiganga o`xshaydi

Sport 24.12.2014, 08:55
San`at Sharipov: Futbolchilarimiz hali-beri Evropaga chiqa olmaydiganga o`xshaydi

Futbol vatani Angliyada kuni-kecha Wyscout kompaniyasi tomonidan FIFA agentlari uchun tashkil etilgan xalqaro miqyosdagi navbatdagi forum bo`lib o`tdi.

Buyuk Britaniya poytaxti Londondagi “Emireyts” stadionida uyushtirilgan ushbu forumda hamyurtimiz San`at Sharipov ham qatnashdi.
Yurtdoshimizning taassurotlarini bilish maqsadida, biz u bilan bog`landik. Suhbatimiz ancha katta va qiziqarli chiqdi. Uni o`qib chiqib, bunga o`zingiz ham amin bo`lishingiz mumkin.
- San`at aka, “Arsenal” klubining uy arenasi sanalmish “Emireyts”dagi seminardan olgan umumiy xulosalaringiz qanday?
- Avvalo, nufuzli forumda yana bir bor ishtirok etib, men, albatta, o`zim uchun navbatdagi marotaba katta tajribaga ega bo`ldim, zamonaviy futboldagi eng so`ngi yangiliklar, birinchi raqamli sport turining rivojlanish tendensiyalari bilan yaqindan tanishdim. Ammo umumiy taassurotlarim ijobiy bo`ldi, deya olmayman. Bu fikr asosan o`zimizning futbolimizga oid. Men futbolimizga tashqaridan turib berilayotgan ta`rif, saviyamizga xorijlik mutaxassislar tomonidan tuhfa etilayotgan baholardan ancha ranjidim. To`g`ri, ularning gaplari har qancha achchiq tuyulmasin, men ularni eshitib, bir tarafdan, chet elliklar bizga berishayotgan real fikrlardan voqif bo`ldim. Aslida shunday ochiq-oydin gaplar bizga yanada rivojlanishimiz uchun juda ham zarur, deb hisoblayman. Aslida bundan ranjimasdan, biz o`zimiz uchun to`g`ri va muhim xulosalar chiqarib olishimiz darkor. Zudlik bilan kerakli islohotlarga qo`l urishimiz lozim.
- Bu qanday fikrlar ekanligi hammamiz uchun qiziq. Ularni birma-bir, batafsil bayon qilib bersangiz.
- Men ushbu gaplarni Evropaning turli grand klublari menejerlaridan eshitdim. Bu fikrlarning barchasi futbolchilarga, ularning o`sib borishlariga, bu jarayonni qanday qilib to`g`ri olib borishga oid ekanligi uchun, quyida yangraydigan gaplar asosan o`yinchilar faoliyati va klublarimizning ular bilan qay yo`sinda ishlashlariga tegishli. Men qator klublar bilan uchrashdim. Mening bir katta maqsadim borligini avval ham ko`p bor aytganman: qachonki Evropaga o`zbek futbolchisini olib chiqaman, shundagina faoliyatimdan ozgina bo`lsada qoniqish hosil qilishim mumkin. Shu maqsadim yo`lida navbatdagi marta Ko`hna qit`aga yo`l olgandim. Keling, uchrashgan har bir klubim bilan suhbatlarimiz qanday kechganligi, to`g`rirog`i, ularning menga bayon qilgan fikrlari qanaqa bo`lganligi bilan birma-bir o`rtoqlashsam.

“Anderlext” Belgiya
Albert Martens, klub xalqaro skauti, Afrika/Osiyo uchun mas`ul
- Evropada oxirgi davrda futbol ancha “yoshargan”. Maslahatim, 23-24 yoshli futbolchilarga bu erdan jamoa qidiraman deb, ovora bo`lib yurmang. Evropada ko`pi bilan 17-18 yoshli o`yinchilarga qiziqishadi. Bizning klub skautlari 16-17 yoshli iqtidorlarni izlab, butun dunyoni kezib yurishadi. Va talantlarni shu yoshda Belgiyaga olib kelib, biz ularni o`zimizning model bo`yicha tarbiyalaymiz, o`zimizning talablarga moslashtiramiz. Shunda ham o`smir yigitlarni futbol bo`yicha dongi ketgan o`lkalardan, terma jamoalari jahon chempionatlarida muntazam qatnashuvchi mamlakatlardan qidiramiz. Kongo DR, Gana, Kot-d’Ivuar, Nigeriya va shular kabi boshqa yurtlardan. Ya`ni aloqalarimiz eskitdan o`rnatilgan davlatlardan.

Ishonchim komilki, sizning futbolingiz Afrika yoki Lotin Amerikasinikidan ustun emas. Men bunga 100 foiz aminman. Shunga, o`z an`analarimizga sodiq qolib, bizga Afrika, Janubiy Amerika bilan ishlash qiziq. Masalan, “Anderlext”ning asosiy tarkibida (faqat asosiy jamoa nazarda tutilyapti!) hozir 15 nafar legioner bor. Fransiyadan 2, Gollandiyadan 1 (bular Evropa Ittifoqi mamlakatlari), Serbiyadan 1 (20 yosh), Gondurasdan 1 (21 yosh), Braziliyadan 1 (19 yosh), Argentinadan 1, Kolumbiyadan 1 (19 yosh), AQShdan 1, Kongo DRdan 3 (ikkitasi 17 va 20 yosh, uchinchisi kattaroq), Kot-d’Ivuardan 1, Ganadan 1 (21 yosh), Gvineyadan 1 nafar. Ularning yoshlarini ko`rayapsizmi? Qolgan xorijliklar ham ko`pi bilan 23-25 yoshlilar. Biz iqtidorlarni dunyoning turli mintaqalaridan izlaymiz. Yuqorida sanab o`tilgan mamlakatlar geografiyasi ham buni yaqqol ko`rsatib turibdi.

Biz o`zbek futbolini, ochig`i, bilmaymiz. O`zbekiston hozircha JChga chiqishga urinayotgan davlat. Biz esa o`zlarini faqat jahon chempionatlarida ko`rsata olgan o`yinchilarga e`tibor qaratamiz. Shuning uchun men ishonmayman, qaysidir o`zbek futbolchisi porlab chiqib, Belgiya chempionatida yoki Evropadagi boshqa ligada munosib o`ynab ketishiga. Ikkinchidan, agar siz aytayotgan o`sha 23-24 yoshli futbolchilaringiz haqiqatda zo`r, chindan ham noyob bo`lganlarida, ular allaqachon bu erlarda o`ynab yurishgan bo`lardi.

Bilasizmi, Evropada to`p surishi uchun siz bizga taklif qilayotgan 23-24 yashar o`yinchi bu yoshda aslida o`ta yuqori darajada nodir mahoratga ega bo`lishi kerak. G`oyatda noyob iqtidorga ega futbolchingiz bor bo`lganida, u Belgiya emas, allaqachon Angliya, Italiya yo Ispaniyaning nahang skautlari “o`ljasiga” aylangan bo`lardi. Siz taklif qilayotgan futbolchilar saviyasini men o`zimcha tasavvur qilayapman. Sizlarning eng zo`r o`yinchingiz ham Evropa uchun nari borsa o`rtacha yoki undan pastroq darajada. Bunaqa o`rtamiyona futbolchilar esa Evropada tiqilib yotibdi. Bizga, yuqorida ta`kidlaganimdek, 16-17 yoshlilar bilan ishlash qiziq. 23-24 yoshlilar esa biz uchun katta futbolchilar hisoblanadi.

Bu gaplarimdan hafa bo`lmasligingizni istardim. Aksincha, sizlar zamon bilan hamqadam bo`lishga intilishingiz kerak. Jahon futbolining bugungi standartlari bilan albatta hisoblashgan holda ish ko`rishingiz lozim. Men sizlarning futbolingizga hurmatsizlik qilib gapirmayapman. Men shunchaki rostini, bor gapni aytayapman. Iltimos, buni hurmatsizlikka aslo yo`ymang.

“Aston Villa” Angliya
Matt Edge, klub ilmiy tahlilchisi
- Angliyaga biror bir o`zbek futbolchisini tavsiya qilish haqida men hatto tasavvur ham qila olmayman. Buni to`g`ri tushuning. Birinchidan, men sizlarning futbolingiz qanaqaligini bilmayman. Ingliz futboli va sizlarniki o`rtasida tavofut juda katta ekanligi aniq. Unaqa darajadan Angliyaga kelib, biror bir futbolchi o`ynab keta olishiga men ishonmayman. Bilasiz, bizda jismoniy kurashlarga asoslangan futbol. Bu erda maydonning har bir qarich joyi uchun kurash ketadi. Futbolchingiz bizga kelib, erta-indin charchab qolishi mumkin. Bir xillarni olib kelasan, u esa chempionatda birdaniga yo`qolib qoladi.

Bizda avvallari bu borada ancha adashmovchiliklar bo`ldi. Shunga hamma o`zi yaxshi bilgan regionlardan o`yinchi olib keladi. Ko`rdingizku, bizda hatto rossiyaliklar ham o`ynab ketolmadilar. Yuriy Jirkov, Andrey Arshavin, Roman Pavlyuchenko, Diniyar Bilyaletdinovlar ham ingliz futboliga jiddiy moslasha olmadilar. Bizda ancha qiyin. Angliyada jamiki kuchingizni ishga solishingiz kerak, har bir o`yinda o`zingizni so`ngi soniyagacha baquvvat sezishingiz zarur. Bizdagi uchrashuvlar 97-98 daqiqagacha cho`ziladi. Hisob qanday kechishidan qat`i nazar, futbolchilar bellashuv oxirigacha qattiq kurashishadi. Italiya, Ispaniyalarda sal boshqacharoq.
Keyin bir narsani doimo yodda tuting. Futbolchi Angliyaga faqat bir marta chaqiriladi. Unda boshqa bunday imkoniyat bo`lmaydi. Shu yagona imkoniyatdan barcha foydalanib qolishga intiladi. Shuning uchun ham Premer-liga har doim dahanaki janglarga boy. Shuning uchun ham Premer-liga dunyodagi eng kuchli musobaqa.
- Yana qaysi klublar bilan muzokaralarda bo`ldingiz?
- “Olimpik” Marsel, “Yunion Berlin”, “Elche”, “Sevilya”, “Espanol”, “Lex”, “Monsa” (Italiya), “Brondbyu” kabi turli klublar rahbarlari bilan ko`rishdim, ular bilan suhbatlashdim. Afsuslar bo`lsinki, ularning birontasi bizning o`yinchilarga yuzaki ham qiziqish bildirishmadi. Bizga negadir ular ikkinchi-uchinchi darajali futbol vakillari sifatida qarashyapti. Ularning eng yaxshi gapi: mayli, tavsiya qilgan futbolchilaringizni o`rganib chiqamiz, agar qiziqish bo`lsa, aytamiz.

Barcha klublardan ana shunday diplomatik javob eshityapman. Hech kim undan nariga o`tmayapti. Ya`ni o`zbekistonlik biron bir o`yinchi haqida to`liqroq ma`lumot olishga intilishmayapti ham. Bu biz uchun ancha achinarli holat, deb o`ylayman. Ha, men juda ko`p tanqidiy fikrlarni eshitishimga to`g`ri keldi. Bu yoqimsiz holat, albatta. Lekin suhbatdoshlarim bor narsani aytishyapti. Futbolimizga xolis baho berishyapti. Bir tarafdan, qandaydir yolg`on maqtovlar, shunchaki kayfiyatimni ko`tarib qo`yish uchun aytiladigan bo`lar-bo`lmas gaplardan ko`ra, ularning xolis baholari, rivojlanish uchun bergan maslahatlari, tahliliy fikrlari menga yoqdi.
Bularning bari jahon hamjamiyati bizning futbolni yaqindan yaxshi bilmasligi bilan bog`liq. Shuning uchun milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqmasa bo`lmaydi. Biz albatta jahon kubogidagi ishtirokimiz orqali tanilishimiz lozim. Hech bo`lmasa, boshqa yirik turnirlarda g`olib chiqishimiz kerak. Biz eng kamida Osiyo chempioni yoki vise-chempioni bo`lsakgina, keyin bizga tashqaridan bo`lgan e`tibor ortadi. Bu fakt. Ko`p skautlar o`z e`tiborlarini birinchi navbatda Afrika va Lotin Amerikasiga qaratishadi, o`sha erdagi katta turnirlarga, yoshlar musobaqalariga borishadi. Osiyo bozori ularga uncha qiziq emas. Ularning diqqatini Osiyoga tortish judayam qiyin.
- O`smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz so`ngi paytda JChlarda ketma-ket qatnashishmoqda-ku! “Anderlext” vakilining ular faqat yoshlarga e`tibor qaratishlari to`g`risidagi gaplaridan kelib chiqadigan bo`lsak, nahotki bizning o`yinchilar shuncha JChlarda o`ynab, ularda qiziqish uyg`ota olishmayapti?
- Ular bizning termalar U-17, U-20 jahon chempionatlarida to`p surib kelayotganlarini bilishadi. Ammo odatiy qatnashuv bilan esda qolarli qatnashuvning farqi bor-ku, deyishmoqda ular. Termalaringizning ishtiroki haqida xabardormiz. Ammo tarkibingizda biror bir ekstravagant o`yinchi o`ynaganini, kimdir o`zining individual mahorati yoki superdriblinglari, hujumlarni go`zal tarzda maromiga etkazishi bilan xalqaro seleksionerlar og`ziga tushganini eslolmaymiz, sizlarda biror o`yinchini Evropaga olib ketadigan darajadagi futbolni yoki jamoani ko`rmadik deyishdi. Bunga qo`shilmay bo`lmaydi.
Ana, 2013 yilgi U-17 JChsini olaylik. Biz Xorvatiyani guruhda qoldirib ketdik. Biz 1/8 finalga, ular uyga ravona bo`lishdi. Biz 7 ochko, ular atigi 3 ochko jamg`arishdi. O`zaro o`yinda bolqonliklarni 2:1 hisobida engdik. Ammo bizning qaysi futbolchimizga chet eldan haridorlar chiqdi? O`sha bizdan engilgan Xorvatiyaning yagona goliga mualliflik qilgan Alen Xalilovich o`zining aktiv, driblinglarga boy o`yini bilan “Barselona” skautlari e`tiborini qozondi. Va 2014 yilning 27 mart kuni yosh yarim himoyachi “Barsa” bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Kataloniyaliklar “Dinamo” Zagrebga ushbu transfer uchun 2,2 mln. evro to`lashdi. Vaholanki, Xalilovich o`sha turnirda bitta gol urdi, xolos. Bizdan BAAdagi bu musobaqada Shohjahon Abbosov, Rustamjon Ashurmatov, Jamshid Boltaboevlar ham bittadan golga mualliflik qilishgan edi. Demak, xorijlik skautlarni qatnashuv, gollar soni emas, alohida olingan futbolchining imkoniyatlari, u nimaga qodirligi, uning individual harakatlari qiziqtiradi. Bizda esa bunaqa talablarga mos o`yinchi hozircha topilmayapti.

Yoki 2011 yili Meksikada o`tgan U-17 JChsidan misollar. Timur Hakimov, Abbosbek Maxstaliev, Bobur Davlatov, Davlatbek Yorbekov... Ular hozir qaerda? “Olmaliq”, “Andijon”da. Birgina Bobur Davlatov “Rubin”ga ketishga muvaffaq bo`ldi. U ham faqatgina yoshlar jamoasida o`ynayapti. Meksika qahramonlaridan bo`lgan Yorbekov o`tgan mavsumda qaysi klubda o`ynadi? Buni juda ko`pchilik eslay olmaydi. Men o`zim ham buni rosa qidirdim. Ancha qiyinchilik bilan oxiri topdim. U bu yil 1-ligada “Obod” sharafini himoya qilibdi (asosan zaxira futbolchisi sifatida!). Yuqorida tilga olingan Rustamjon Ashurmatov ham bu yil 1-ligada “Qo`qon-1912”da to`p surdi.
Ayni damda “Liverpul” va Angliya termasida bosh rollardan birini bajarayotgan Rahim Sterling, Gollandiya bilan JCh-2014da 3-o`rinni qo`lga kiritgan Memfis Depay ham o`shanda Meksika maydonlarida o`ynashgandi.
Yoshlar terma jamoamiz kelasi yili to`rtinchi marta JChda o`ynaydi. Aytingchi, bungacha JChda ishtirok etgan qaysi futbolchimiz katta klublarga ketdi? BAA-2003da Ignatiy Nesterov, Islom Inomov, Marat Bikmaev, Misr-2009da Islom To`xtaxo`jaev, Ivan Nagaev, Sherzodbek Karimov va boshqa ko`plab o`yinchilarimiz to`p surishgan. Mana, yigitlarimiz o`tgan yili Turkiyadagi JChda ham o`ynashdi. Biroq biz hech kimni Evropaga kuzatib qo`ya olmadik. O`sha yillarda o`sha musobaqalarda, misol uchun, hozir taniqli futbolchilar qatoriga kiruvchi mana bu o`yinchilar ham bo`lgandilar: 2003 - Inesta, hozir “Everton”dagi Aruna Kone, 2009 - Jakomo Bonaventura (“Milan”), Aleks Teysheyra (“Shaxtyor”), Xordi Alba, 2011 – Pol Pogba, Yaya Sanogo (“Arsenal”), Riu Syon-Vu, Hakan Chalxanoglu (ikkalasi - “Bayer”) va h.k. Nima sababdan bizning futbolchilar soya ostida qolib ketishyapti? Bosh qotirish uchun bu judayam dolzarb mavzu.

Manba: www.uff.uz         

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1