1

Ona bolasini otasiga ko`rsatmaslikka haqlimi?

Savol-javob 30.09.2019, 14:32
Ona bolasini otasiga ko`rsatmaslikka haqlimi?

— Oilasidan qonunan ajrashmagan ayol farzandlarini otasiga ko`rsatmaslikka qonunan haqlimi? Bu borada ota va uning oilasidagilarning qonuniy huquqlari borasida ma`lumot bersangiz.

Nizomiddin Matrasulov, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Ellikqal`a tumani

Rustam NORXO`JAEV, Fuqarolik ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi:

— Ota-ona o`z bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga ega hisoblanishadi. Har bir otaning o`z bolalarining sog`lig`i, jismoniy, ruhiy, ma`naviy va axloqiy kamoloti haqida g`amxo`rlik qilishi, ularga ta`minot berishlari shartligi belgilanganligi kabi boladan alohida yashayotgan ota bola bilan ko`rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta`lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega. Bola bilan birga yashayotgan ona bolaning otasi bilan ko`rishishiga, agar bunday ko`rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog`lig`iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.

Agar ota-ona bola bilan ko`rishishni o`zaro kelishib hal qila olmasalar, bu masala ota yoki onaning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi.

Shuningdek, bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan ko`rishib turish huquqiga ega bo`lib, ota-ona yoki ulardan biri ularga bola bilan ko`rishishiga imkoniyat bermasa, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday imkoniyat berishga majbur qilishi mumkin.

Agar ota-ona yoki ulardan biri vasiylik va homiylik organining qarorini bajarmasa, bolaning yaqin qarindoshlari yoki vasiylik va homiylik organi bola bilan ko`rishib turishga to`sqinlik qiluvchi hollarni bartaraf qilish haqida da`vo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud bolaning huquq va manfaatlarini hisobga olgan holda nizoni hal qiladi.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1