1

​O`zbekiston fermer xo`jaliklari Kengashi Hukumatdan g`allani erkin narxda sotishni so`radi

Iqtisodiyot 02.10.2019, 13:10
​O`zbekiston fermer xo`jaliklari Kengashi Hukumatdan g`allani erkin narxda sotishni so`radi

O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari Kengashi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlash yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy majlisi va hukumatiga murojaatnoma bilan chiqdi.

Murojaatnoma G`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlashga qaratilgan.

Murojaatnomaning to`liq matni quyida keltirilgan:

“Yillar davomida aholini arzon un va non bilan ta`minlash masalasi g`alla etishtirish va uni qayta ishlashning davlat tomonidan qat`iyan boshqarilishi va fermer xo`jaliklari tomonidan etishtirilgan g`allaning bozor narxlariga nisbatan past narxlarda xarid qilish tamoyillari asosida hal qilinib kelindi.

Natijada, fermer xo`jaliklarining hosildorlikni oshirish va g`alla etishtirish hajmini ko`paytirishga qiziqishi pasayib, xarajatlarni faqat davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar doirasida amalga oshirib, qo`shimcha daromad olish uchun o`z mablag`larini yo`naltirishdan manfaatdorligi bo`lmadi.

Shu bilan birga, arzon unning katta qismi amalda aholining tegishli qatlamlariga etib bormasdan bozor narxlarida sotildi, ya`ni qo`yilgan maqsad – aholining manzilli ijtimoiy himoyasi ta`minlanmadi. O`z navbatida donni qayta ishlash korxonalarida va savdo tashkilotlarida suiste`mol qilish holatlari ham uchraydi.

So`nggi uch yilda barcha sohalarda bo`lgani kabi qishloq xo`jaligida ham olib borilayotgan islohotlar natijasida qator ijobiy o`zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilda respublikamiz fermerlari tomonidan 7 mln. tonnadan ortiq g`alla etishtirilib, o`rtacha hosildorlik gektaridan 65 sentnerdan oshishiga erishildi hamda davlat resurslariga qo`shimcha 532 ming tonna g`alla qabul qilindi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning tashabbuslari bilan bir tonna g`allaning xarid narxi 1 mln. 200 ming so`m miqdorida belgilanishi va hosildorlikdan kelib chiqib 25 foizgacha ustama haq to`lanishi natijasida g`allaning o`rtacha narxi 1 mln. 420 ming so`mni tashkil etdi. Bir so`z bilan aytganda fermer xo`jaliklarining moddiy manfaatdorligi oshib, hosildorlik o`sdi va fermerlar tarixda birinchi marotaba o`z mehnati samarasini ko`rdilar.

Lekin, g`alla xarid narxlari bozor narxlariga yaqinlashtirilgan sharoitda, bir qator don korxonalari fermer xo`jaliklaridan qabul qilgan g`alla uchun hisob-kitobni yakuniga etkaza olmayaptilar.

Buning sababi don korxonalari bug`doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosi uchun 1400 so`mdan, ya`ni Hukumat tomonidan belgilab qo`yilgan qat`iy narxda sotishlari bilan izohlashmoqdalar. Don korxonalari zarar ko`rayotganligi sababli, fermerlar bilan o`z vaqtida hisob-kitob qila olmayaptilar.

Bunday holat don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmi yo`lga qo`yilmaganligi, mahsulot etishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va iste`mol qiluvchi o`rtasida tizimli zanjir yaratilmaganligini yaqqol ko`rsatib turibdi.

Fikrimizcha, davlat xaridlari bo`yicha fermerlarning g`allasiga past narx belgilab, uning arzon bahoda sotilish mexanizmi fermerlar va don korxonalariga iqtisodiy manfaatdorlik keltirmaydi. Ularni g`alla hosildorligini oshirishga rag`batlantirmaydi.

Shuningdek, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan salbiy holatlar, ya`ni fermerlarimizning sermashaqqat mehnati mahsuli bo`lgan nonning faqat insonlar iste`moli uchun emas, ba`zi hollarda qoramol, qo`y va baliq boqish uchun foydalanayotgani xalqimizning asrlar davomida “nonning uvog`i ham non”, deb amal qilib kelgan qadriyatiga tamoman ziddir.

Eng muhimi, g`alla etishtiruvchi fermerlarning o`z mehnatlari mahsuli bo`lgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimi bozor mexanizmlari asosida shakllanmaganligi ularning ertangi kunga to`liq ishonch bilan qarashlariga imkon bermayapti.

Narxlarning erkinlashtirilishi bozordagi don va un narxining ma`lum darajada oshishiga, bu esa o`z navbatida ijtimoiy ehtiyojmand aholi xarajatlarining oshishiga olib kelishini yaxshi tushunamiz. Shu sababli bu ijtimoiy masala ham Hukumat tomonidan zudlik bilan ko`rib chiqilishi va tegishli choralar belgilanishi kerak deb hisoblaymiz.

Fermer xo`jaliklari va boshqa qishloq xo`jaligi mahsuloti etishtiruvchi zahmatkash dehqonlarimizning g`alla etishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, ularning o`z mehnatlariga yarasha daromad olishlari va shu orqali ularning g`alla etishtirish hajmlarini ko`paytirishga qiziqishlari ortishini ta`minlash maqsadida:

Davlat tomonidan g`alla etishtirishni qo`llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo`jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirish;

Fermer xo`jaliklarida g`alla etishtirish uchun talab etiladigan yoqilg`i moylash mahsulotlari, mineral o`g`itlar va o`simliklarni himoya qilish vositalari va boshqa resurslarni etkazib berishni to`liq bozor mexanizmlariga o`tkazish orqali ushbu tizimni tubdan takomillashtirish;

Fermer xo`jaliklari, don korxonalari va iste`molchilar o`rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o`tkazish;

G`alla, un va nonning narxi erkinlashtirilishi jarayonida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoyalashga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirish;

Rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada g`allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida erkin narxlarda sotish tizimini yaratish kerak deb hisoblaymiz." — deyiladi murojaatnomada.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1