AsosiyJamiyat

“Boylarga emas, yaxshi farzandlar tarbiyalagan onalarga havasim keladi!”

'“Boylarga emas, yaxshi farzandlar tarbiyalagan onalarga havasim keladi!”'ning rasmi

O`zbek qadriyati jahon sivilizasiyasida alohida maktab va bu maktabni asrab qolish faqatgina o`zbek davlati va xalqining o`z qo`lida, deb bilaman.

Shaxslarning qiyofasini ularning salohiyati, iste`dodi, qalbi, odamlarga bo`lgan muhabbati va mehnati hamda Yaratganning o`zi bergan taqdiri yaratadi, hech qanday piar, antipiar, maxsus guruh, targ`ibot, tashviqot va yoki matbuot emas. Chunki mohiyat yagonadir. Globalizasiyaning salbiy ta`sirini hayratlanmay qo`ygan qalblarda, nigohlarda va o`z otasi, onasi, Vatani va qadriyatlarini inkor etayotgan kasalmand fikrlarda ko`rib qo`rqib ketaman. Bu dunyoda doim boy, badavlatlarga emas, Haqni taniydigan munosib, yaxshi farzandlarni tarbiyalagan onalarga havasim keladi.

Ma`rifatsiz odam yo`q odamdir va millat qadriyatlari bilangina yashab qoladi!

Men 9 yoshdaligimda otam yurak xuruji sabab 35 yoshida olamdan o`tganlar, shundan so`ng mening barcha urinishlarim ONAMNING XAFA BO`LMASLIGINI TA`MINLAShGA qaratilgan.

Onam 30 yoshlarida otamdan ayrilgan bo`lsalar-da, yaqinlarimiz, jigarlarimiz, xolalarim va amakilarim, ammalarimning va hatto qo`shnilarimizning qurshovida, mehrida yashadilar. Hech qachon yolg`iz bo`lmadilar. Yolg`iz ayolman deb da`voyu iddaolar qilmaganlar. Onamni qayg`udan asragan narsa ham aslida o`zbekona, sharqona qadriyatlar edi, desam mubolag`a qilmagan bo`laman.

O`qituvchilarim, ustozlarim ishonchiga sazovor bo`lish, yaxshi o`quvchi bo`lishga intilish shu qadar kuchli bo`lganki, bolaligimda oyog`im sinib qolganida ham maktabga borganman, og`riqni ham sezmaganman. Maktabning muqaddasligi, ustozlar oldidagi mas`uliyat bizning avlodda shunchalar kuchli bo`lgan.

Zomin tumanida xalq ta`limi mudiri bo`lgan bobom meni ilk bor maktabga etaklab olib borganlarida bolalik andishasiga borib, “Nega hech kim tanimaydigan bobom meni maktabga olib keldi ekan?” deb o`ylaganman. Keyin bilsam maktab direktori, o`quv bo`limi mudiri va ko`p o`qituvchilar aslida bobomning shogirdlari ekan. O`shanda mendagi andisha birdan g`ururga aylanib ketgan. O`qituvchilikning faxrli va muqaddasligi ham ana shunda.

Men borib-borib qo`shnichilikdek eng muqaddas bir qadriyat ojizlanib va hatto yo`q bo`lib ketishidan juda-juda qo`rqaman.

Mening bobolarim jadidlar bilan davradosh, maslakdosh va maqsaddosh bo`lganlar. Afsuski, ma`rifatparvar jadidlarimiz o`ldirilganlar va o`shanda ular juda yosh bo`lganlar. Shu bois ular yozishi, yaratishi mumkin bo`lgan juda ko`p ma`naviy meroslardan biz avlodlar bebahra qoldik.

Men rahbar, shaxs, olima sifatida ham o`z shaxsiy imidjimni yaratishga urinmayman, tashqi qiyofa, silliq yuz, po`rim libos va faoliyatimning qadam-baqadam lavhalari muhim emas, deb o`ylayman. Va bir oddiy ayol, ona sifatida esa shu yurtning bir chekkasida oilam bag`rida tinchgina yashab yuraverishim ham mumkin edi ehtimol. Lekin rahbar sifatida o`zim boshqarayotgan tizimning imidjini yaratishga mas`ul ekanimni unutmayman.

  • Adabiyot o`qigan odam, o`lim ko`rgan odam har qanday haqorat va tuhmatlarda ham o`z ruhini asrab qololadi.
  • Mansabni har kuni odamlarga yaxshilik qila olish imkoniyati, deb bilaman.
  • “Umr — tez oqar suv” deyishadi, men tez oqsa ham toza, pok va ozorsiz oqsin deyman.

Xotin-qizlar qo`mitasi tizimiga o`z onasiga bo`lgan munosabat va nigoh bilan qaragan ma`qul, deb bilaman. Onamiz kasal bo`lganida ularga dori tutganimiz kabi Qo`mitaning xasta nuqtalari, ya`ni ayollarimiz muammo va dardlarini o`z vaqtida ilg`ay olmayotgan holatlarida unga ham o`z takliflarimiz bilan ko`mak berishimiz — onamizni davolatgandek iddaosiz hodisa bo`ladi, deb o`ylayman.

  • Sharqona munosabatlar munosabatlarning eng oliysi va eng go`zalidir.

Boshqa yangiliklar