Janubiy Koreyada bo`lib o`tgan Pusan XXIV Xalqaro kinofestivali doirasida O`zbekiston rasman Osiyo kinokomissiya uyushmasiga a`zo bo`ldi.
Joriy yilda Osiyo kinobozorida birinchi marta O`zbekiston milliy stendi namoyish etildi. Milliy stend O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, “O`zbekkino” Milliy agentligi, Yoshlar ittifoqi va mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi qo`llab-quvvatlashi asosida tashkil etildi. Milliy stend xalqaro kinoloyihalar uchun O`zbekistonning salohiyatini namoyish etdi.
Xususan, Pusan kinofestivali doirasida mehmonlar va ishtirokchilar filmlar syomkalari uchun O`zbekistondagi lokatsiyalar bilan tanishib, “rebate” tizimi haqida batafsil ma`lumot olishdi. O`zbekistonning Osiyo kinokomissiya uyushmasiga a`zo bo`lish marosimi mazkur tashkilotning har yili o`tkaziluvchi Bosh Assambleyasi doirasida bo`lib o`tdi.
O`zbekistonning Osiyo kinokomissiya uyushmasiga rasmiy ravishda a`zo bo`lgan kunidan e`tiboran u mamlakatimizning xalqaro kinobozordagi targ`ibot ishlari bilan shug`ullanadi. Har oyda O`zbekiston kino lokatsiyalari haqidagi ma`lumotlar axborot resurslari orqali butun dunyoga tarqatiladi. Shuningdek, uyushma dunyoning eng yaxshi lokeyshn-menejerlari bilan tashkil etuvchi lokeyshn-turlar ham muhim tadbirlardan hisoblanadi.
Ta`kidlash joizki, Osiyo kinokomissiya uyushmasiga 18 mamlakatning 59 tashkiloti (kinokomissiyalar va kinostudiyalari) kiradi. Uyushma o`z a`zolarining xalqaro bozordagi targ`iboti bilan shug`ullanadi (masalan, London, Los-Anjeles va Gonkongda targ`ib qiladi). Osiyo kinokomissiya uyushmasi tarkibidan Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Janubiy Koreya, Iordaniya, Yangi Zelandiya kabi davlatlar kiradi.