“Ikki avlod” loyihasida jurnalist sifatida ishtirok etayotgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Yarasheva bu gal xonanda Lola Yo`ldosheva bilan suhbatlashishni ma`qul ko`rdi. Umuman, Lola Yo`ldosheva haqida gap ketarkan, har qanday suhbatning intihosi uning shaxsiy hayotiga borib taqalishi sir emas. Ra`no Yarasheva esa suhbat bahonasida uning shaxsiy hayotiga bog`liq savollarga oydinlik kiritdi.
Ra`no Yarasheva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:
— Lola “Sevinch” filmida mening qizim rolini ijro etgan. O`shanda bu qizning iqtidoriga ishongan edim. U o`ziga berilgan rolni o`ynamagan, aksincha qahramoni taqdirida yashagan. Buni hamma aktyor ham eplay olmaydi. Bugungi suhbat orqali “qizim”ning qalbiga qo`l solib ko`rishga harakat qilaman.
— Sizni ijodingizni endigina boshlagan davrlaringizdan yaxshi taniyman. Bir filmda rol ijro etdik. Ijodingizga befarq emasman. Avvallari kliplaringizda ancha sipo ko`rinardingiz. Bugun kliplaringiz, qo`shiqlaringiz xaddan tashqari zamonaviylashib ketmadimi?
— (kulib) To`g`ri, ijodimni endigina boshlagan davrlarimda qo`shiqlarim ham, kliplarim ham bugungilaridan ancha farq qilardi. Lekin, men u vaqtlarda ko`p narsani tushunib etmagan, oq bilan qorani farqlolmaydigan g`o`r qiz edim. Turmushga chiqdim, farzandli bo`ldim, hayotning past-balandlarini ko`rishga ulgurdim. Kliplarim va qo`shiqlarim mazmunan o`zgarganining asl sababi ham shunda. O`zingiz intervyudan avval “Qaytmaydi” nomli klipim yoqqanini aytdingiz. Katta odamlardan bunday ijobiy fikrlarni eshitish men uchun yoqimli albatta.
— Lekin shu klipingizda ko`ylagingizning elka qismi juda ochiqligi meni hayratlantirgan.
— Klipda asosiy e`tiborni ko`ylagimga emas, men ijro etgan qahramonning ichki holatiga qaratishingizni so`ragan bo`lardim. Men klipda hayotni aks ettiryapman. Agar uni juda yomon holatda yoki yoshlar tarbiyasiga zid tarzda aks ettirganimizda tanqid qilsangiz yarashardi. Men o`z hissyotlarimni, yuragimdagi g`alayonlarni oshkora ko`rsatishdan qo`rqmayman. Qayg`u, dard, quvonchni yurakdan yurakka etib boradigan qilib tasvirlash ham san`at-ku.
— Ko`pchilik xonanda qizlarimiz turmushga chiqqunlariga qadar ochiq-sochiq liboslarda kliplar qilishdi-da, turmush qurishganidan keyin yopiq kiyimlarda ko`rinishadi. Sizda esa aksincha.
— Aytdim-ku, men hamma narsa o`z vaqtida bo`lishini istayman. Turmushga chiqqanimdan keyin hayotga nisbatan qarashim o`zgardi. Bugun kuylayotgan qo`shiqlarimni, kliplarni avvalari o`zimga ep ko`rmasdim. Chunki undagi holatlarni boshimdan o`tkazmagandim. O`zim tushunmagan, his qilmagan narsalarni kuylashim to`g`ri bo`lmasdi, menimcha. Bu boradagi fikrlarimga oilam va yaqinlarim ham qo`shilishadi.
— Demak ijodingizga oila a`zolaringiz befarq emas?
— Albatta. Kerak bo`lsa tanqid qilishadi, maslahat berishadi.
— Xorazm shevasida aytgan qo`shig`ingizning muxlisiman. Ayni mana shu qo`shiq sizni menga yaqindan tanitgan. Aytingchi, qo`shiqlaringizni o`zingiz tanlaysizmi yoki prodyuseringizni taklifi bilan kuylaysizmi?
— (kulib) Ko`pchilik yaxshi biladiki, prodyuserim — dadam. Albatta qo`shiqlarni o`zim tanlayman, gohida o`zimga yoqqan biror she`rga kuy bastalataman, gohida tayyor qo`shiqlarni olaman. Xullas, qanday bo`lishidan qat`i nazar uning birinchi tinglovchisi dadam bo`ladilar. Dadam qo`shiq borasida o`z fikrini aytmaguncha uni tinglovchilarga havola etmaymiz. Hatto kliplarimni ham ko`rganlaridan so`ng qaysi kadrlar keraksizligi, qaerida juda oshirib yuborganim haqida fikrlarini aytadilar. O`zimni oqlamayman, qarshilik ham qilmayman. Chunki dadam ham siz kabi ko`pni ko`rgan, san`atni yaxshi tushunadigan inson. Gohida ba`zi kadrlar bekor olib tashlandi deb qaysarlik qilaman-u, keyinchalik to`g`ri qilgan ekanmiz degan fikrga kelaman. Xullas, u kishi mening eng birinchi tanqidchim. Lekin g`oyalarimni qo`llab-quvvatlashni unutmaydi.
— Tahririyat xodimlari ayni shu gaplaringizni katta xarflar bilan yozishlarini so`ragan bo`lardim. Chunki qizim Madina Mumtoz bilan ijodi borasida ko`p tortishamiz. Maslahatlarim ko`pincha bu qulog`idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketadi (kulgi ko`tarildi). Darvoqe, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan suratlaringizni ko`rib hayron qoldim. Adashmasam, kalta “shorti”da, oshxona stolida o`tirgandingiz. Xo`sh, dadangiz bu suratlarni ko`rmaydilarmi?
— (kulib) Yaxshiyamki, dadam internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaydilar. Yo`qsa, allaqachon instagramdagi shaxsiy sahifamni o`chirib yuborgan bo`lardilar.
— Bunday suratlarni qo`yishdan maqsad nima?
— Bilasizmi, men doim barcha kabi, istaganimni qilib yashashni juda-juda istayman.
— Lekin o`zbekchilik degan narsalar bor.
- Men yurtimizni juda yaxshi ko`raman. Uning har qarich tuprog`i men uchun qadrli. Milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizga nisbatan hurmatim juda baland. Lekin hech qaysi qadriyatda kishining hissiyotlarini, hayajonlarini, yuragidagi tug`yonlar, kechinmalarni chegaralanmaydi-ku, to`g`rimi? Men bir narsani chin yurakdan xohladimmi, uni qilishim kerak. Chunki men insonman, meni yuragim urib turibdi. Kayfiyatim yaxshi bo`lsa buni boshqalar bilan bo`lishgim, suratlarimda tasvirlagim keladi. Men “shorti”da uyimda yuribman, holbuki bunday kalta “shorti”larni odamlar ko`chada kiyishyapti. Buning nimasi yomon?
— Yo`q, bu fikringizga qo`shilmayman.
— Gapimni eshitsangiz-chi...
— Yo`q, eshitishni ham xoxlamayman. Ko`chadagi odamlarni menga ro`kach qilmang. Siz san`atkorsiz, ularga o`rnak bo`lishingiz kerak. Internetda o`sha suratlaringizga yozilgan izohlarni ko`rdingizmi?
— Ko`rdim. Odamlar qo`yib bersangiz hamma qilayotgan ishimizni xatoga chiqarishadi. Ba`zida o`zim ham tushunmay qolaman qaysi ishim to`g`riyu qaysisi noto`g`riligini. Men odamlarning bunday gap so`zlarini ochiqchasiga qabul qilib, kulgu orqali javob qaytarishga o`rganganman.
— Oilangizni yaxshi bilaman. Qaynonangiz bilan ko`p yig`inlarga birga borishingizga ham guvohman. Ko`pchilik mendan Lolaning turmushi buzildimi deb so`raydi. “Yo`q, yashayapti” deyishimga qaramasdan ishonishmaydi. Internetga farzandlaringizning turmush o`rtog`ingiz bilan tushgan suratlarini qo`yarkansiz-u, lekin, ko`p rasmlarda turmush o`rtog`ingizning yuzi ochiq ko`rinmaskan.
— (hayron bo`lib) Ra`no opa, siz internetda yo`q edingiz shekilli...
— (o`ylanib) A, nima desam ekan? (kulgi ko`tarildi). Buning nima ahamiyati bor. Gapni aylantirmay, javob bering.
— Odamlar internetdan meni qidirib topishdimi, demak, ular meni ijodda nimalar bilan mashg`ulligim bilan qiziqishadi. Ularga shaxsiy hayotimning nima qizig`i bor?
— Nega bo`lmasa farzandlaringizning suratini qo`yasiz? Turmush o`rtog`ingizning yuzi esa doim berkitilgan bo`ladi.
— Sizdan yaxshi prokuror chiqarkan... (kulib). Men ham ayolman, balki turmush o`rtog`imni qattiq sevganimdan uning suratini hammaga oshkor qilishni istamasman. Axir, o`ta rashkchi ayollar toifasiga kiraman.
— Siz o`zingizni kuchli ayol deb o`ylaysizmi?
— Hadeb men haqimda gaplashaveramizmi? Masalan siz haqiqatdan ham kuchli, zamonaviy ayollardansiz. Doim nima bilandir mashg`ulsiz, birovning g`iybatiga aralashmaysiz, o`z kuningizni o`zingiz ko`rishga, birovdan yordam kutmaslikka o`rgangansiz. Karerangizni yarim yo`lda tashlab qo`ymagansiz. Bu jihatdan sizni zamonaviy o`zbek ayoli timsoli desa ham bo`ladi.
— Siz-chi?
— Hayot past-u balandliklardan iborat. Unda qoqilgan odam ojiz emas. Men yiqilsa-da, o`zini o`nglab oladiganlarni hurmat qilaman. Har bir qoqilish irodamizni mustahkamlashiga ishonaman. Shuning uchun o`zimni zaif deb hisoblamayman.
— Sizni tanibmanki, sira o`zgarmagansiz. Sport bilan doimiy shug`ullansangiz kerak-a?
— Nega endi farzandli bo`lganimdan keyin men ham juda semirib ketgandim. Hatto o`sha vaqtdagi suratlarimni ham internetga joylaganman. Siz esa “shorti”dagi suratlarimni ko`rgansiz xolos.
— Nahotki?
— Ha, buning nimasi yomon. Men bugungi kunga kelib o`zimning kamchiliklarim bilan xalqqa ko`rinishdan, o`z ayblarimni ochiqchasiga tan olishdan uyalmayman. Bunday suratlarni qo`yishdan maqsadim o`zimni ko`z-ko`z qilish emas. Aksincha har bir kishi, ayniqsa ayollar o`zini hurmat qilishi, birinchi navbatda o`zini seva olishi kerakligini o`rgatish edi. Oilamizning tinchligi ham, go`zallik ham, hamma-hammasi o`zimizning qo`limizda. Ayol o`zini sevsa, boshqalar ham uni sevadi.
— Farzandlar tarbiyasi asosan ayol kishining gardanida... Ularning qiziqishlariga qarshilik qilmaysizmi? Kim bo`lishlarini xohlardingiz?
— Qaysi kasb egasi bo`lishlaridan qat`i nazar, eng avvalo yaxshi inson bo`lishsin. Bu ota-ona uchun eng katta baxt. Hozircha o`g`limni ham, qizimni ham turli to`garaklarga berganmiz. Uyda ular bilan ko`p muloqot qilamiz. Shaxmat, shashka musobaqalarini o`tkazamiz, fikrlarini ochiq aytishga o`rgatamiz. Ba`zan farzandlarimga qarab turib ko`p narsani o`rganaman. O`zim bolaligimda juda yuvosh, qo`y og`zidan cho`p olmagan, maktabda a`lo baxolarga o`qigan qiz edim. Qizim - singlimning o`zi. Ushlagan joyini uzmay qo`ymaydi. O`g`lim esa juda jiddiy. Ularning yutuqlaridan quvonaman, rag`batlantirishni unutmayman. Hatto maktabda yomon baho olishsa ham koyimayman. To`g`ri tushuntirishga, hayot bir tekisda ketmasligiga, mana shunday mag`lubiyatlarga tayyor turishga o`rgataman (o`ylanib) Voy, Ra`no opa, dunyoda eng og`ir, eng ma`suliyatli kasb onalik ekan!
— Yashirishning hojati yo`q. Bizda san`atkorlar to`y-hashamlardan topgan pullari evaziga, qo`shiq yaratishadi, klip olishadi. Lekin sizni to`y-hashamlarda deyarli uchratmayman. Ijodingizga pulni qaerdan olasiz?
— Mening hayotimda pul unchalik katta ahamiyatga ega emas. Bu bilan menga pul umuman kerak emas demoqchimasman, albatta. Lekin pul qanday kelsa shunday ketadi. Hayotda hamma narsaga nisbatan shunday qarayman. Biror narsam yo`qmi, siqilishdan nima naf? Demak vaqti-soati bilan boshqalarda bor narsa menda ham bo`ladi. Men o`zimizga berilgan hayotdan borligicha zavqlanib, shukr qilib yashashni afzal bilaman.
— Lola siz bilan suhbatlashib ancha kuch oldim. Hayotga nisbatan qarashlarimni bir muncha o`zgartira oldingiz. To`g`risi, siz haqingizda o`ylagan barcha ijobiy fikrlarim o`z isbotini ko`rsatdi. Suhbat uchun rahmat!
- Sizga ham rahmat!
Qamariddin Shayxov yozib oldi