Rossiya va Turkiya Suriya chegarasini birgalikda nazorat qilishga kelishib oldilar, deya xabar qilinmoqda. Prezident Rajab Toyyib Erdog`an bu bitimni «tarixiy» deb baholadi. Rossiya prezidenti Putin bu kelishuvni Suriya-Turkiya chegarasidagi keskin vaziyatni hal qilishda muhim ahamiyatga egaligini ta`kidladi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Turkiyaning Suriyadagi harbiy operasiyasi yakunlanmoqda va endi hamma narsa ushbu kelishuvlarning bajarilishiga bog`liqdir. Rossiya Suriya prezidenti Bashar Asadning asosiy ittifoqchisi hisoblanib, Turkiyadan mamlakatning hududiy yaxlitligiga dahl qilmaslikni talab qilgandi.
Suriya mojarosida qarama-qarshi taraflarda bo`lishiga qaramay, Turkiya va Rossiya urushga echim topish uchun birgalikda ish olib borishdi. Seshanba kuni erishilgan kelishuvga ko`ra, ikki mamlakat Suriya mojarosining uzoq muddatli siyosiy echimini topishga harakat qilishmoqda.